Sirdaryoda “Karera kuni” mehnat yarmarkasi o‘tkazildi
Guliston shahridagi 1-son texnikumida bitiruvchi yoshlarning bandligini ta’minlash, ularni munosib ish o‘rinlariga yo‘naltirish hamda ish beruvchilar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqotini yo‘lga qo‘yish maqsadida navbatdagi “Karera kuni” mehnat yarmarkasi tashkil etildi.
Unda viloyat hokimi o‘rinbosari Otabek Mavlonberdiyev, viloyatdagi oliy va o‘rta maxsus ta’lim tizimi vakillari, ish beruvchilar, bitiruvchi talabalar, ish izlayotgan yoshlar hamda ularning ota-onalari ishtirok etishdi.

Tadbirda yoshlarni ish bilan ta’minlash, ularning kasbiy salohiyatini ro‘yobga chiqarish va mehnat bozorida o‘z o‘rnini topishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratish masalalariga e’tibor qaratildi. Mas’ullar yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning bandligini ta’minlash davlat siyosatining muhim yo‘nalishlaridan biri ekanini ta’kidladi.


Yarmarka doirasida bitiruvchilarning ishga joylashishi bo‘yicha uch tomonlama shartnomalar ijrosi ham atroflicha tahlil qilindi. Xususan, shartnoma asosida ishga joylashgan yoshlar, bandlikda mavjud muammolar va ish beruvchilar bilan hamkorlik jarayonida uchrayotgan kamchiliklar aniq misollar asosida muhokama etildi.

Shuningdek, Sirdaryo viloyatidagi mavjud bo‘sh ish o‘rinlari haqida ma’lumotlar taqdim qilinib, bitiruvchilarga o‘z mutaxassisligi bo‘yicha ish topish, mehnat bozori talablarini o‘rganish va raqobatbardosh mutaxassis bo‘lib shakllanish yuzasidan tavsiyalar berildi.


Tadbir yakunida bitiruvchilar bandligini ta’minlashda manzilli ishlash, har bir yoshning kasbiy yo‘nalishi va imkoniyatlarini inobatga olgan holda individual yondashuvni kuchaytirish, shuningdek, davlat va nodavlat tashkilotlari hamda ish beruvchilar bilan hamkorlikni yanada kengaytirish ustuvor vazifalar sifatida belgilab olindi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri