Sirdaryoda bog‘dorchilik rivojlanmoqda
FOTOREPORTAJ
Bog‘ yaratish nafaqat mehnat, balki katta sabr va bilimni ham talab etadi. Sifatli ko‘chat tanlash, uni to‘g‘ri ekish va o‘z vaqtida parvarishlash mo‘l hosilning asosiy omillaridandir.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, mevali daraxtlarni ekishda, avvalo, hududning tuproq-iqlim sharoitini hisobga olish muhim. Ko‘chatlar orasidagi masofa ham daraxtlarning rivojlanishi va hosildorligiga bevosita ta’sir ko‘rsatadi.
Sirdaryo viloyatida 7 ming 269 gektar maydonda 722 ta bog‘ tashkil qilingan. Shundan 4 ming 485 gektari yangilanmoqda. Ushbu maydonlarga intensiv navli ko‘chatlar o‘tqazilmoqda. Shuningdek, uzumzorlar tashkil etish ham belgilangan. Jumladan, Guliston tumanida 297 gektar maydonda yangi bog‘lar barpo etish ko‘zda tutilgan.
Viloyatda anorchilik ham yaxshi rivojlangan. Mirzaobod anorlari esa o‘zining sifati bilan mashhur. Hududning iqlimi va unumdor tuprog‘i anor yetishtirish uchun qulay hisoblanadi.
Anor daraxti issiqni xush ko‘rsa-da, uning hosildorligi parvarishga bevosita bog‘liq. Ayniqsa, yoz mavsumida namlikni me’yorida ta’minlash, kasallik va zararkunandalarga qarshi profilaktik choralarni o‘z vaqtida ko‘rish muhim ahamiyatga ega.
Ana shu maqsadda Mirzaobod tumanida 25,4 gektar maydonda anor plantatsiyalari tashkil etilmoqda. Loyiha qiymati 2,6 milliard so‘mni tashkil etadi. Ayni paytda ko‘chat ekish ishlari davom etmoqda.
Joriy yil davomida 31 ming 250 dona anor ko‘chati o‘tqazish rejalashtirilgan. Mazkur ko‘chatlar ikki yilda hosilga kiradi. Bu esa qo‘shimcha daromad va yangi ish o‘rinlari yaratish imkonini beradi.
[gallery-31325]
Xovos tumanida 2 ming 385 gektar maydonda bog‘ barpo qilingan. Ayni kunda ushbu bog‘larda mevalar g‘arq pishgan. Dehqonlar hosilni yig‘ib, bozor rastalariga chiqarmoqda.
Tumanda afg‘onistonlik investorlar bilan hamkorlikda yangi bog‘lar ham barpo etilgan. 350 gektar yer maydonida intensiv usulda olma, nok va uzum ko‘chatlari ekilgan. Ayni paytda hosilni terish ishlari qizg‘in davom etmoqda.
Shirin shahri maydon jihatidan kichik bo‘lsa-da, ekin maydonlaridan samarali foydalanilmoqda. Shahardagi 5 gektar maydonda issiqxona barpo etilmoqda. Mazkur issiqxonani joriy yilda ishga tushirish rejalashtirilgan.
Umid OBIDJONOV (surat), O‘zA