Sirdaryoda bayram oldi tadbirlari bo‘lib o‘tmoqda
O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligini munosib kutib olish maqsadida Sirdaryo viloyatida keng ko‘lamli ma’naviy-ma’rifiy, madaniy va targ‘ibot tadbirlari izchil davom etmoqda. Ayniqsa, mahallalardagi bayram shodiyonalari aholi qalbida Vatanga muhabbat, yurt taqdiriga daxldorlik va ertangi kunga ishonch tuyg‘ularini yanada mustahkamlamoqda.
Ana shunday fayzli tadbirlardan biri Sayxunobod tumanining Ittifoq mahallasida «Yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot va kelajak yarataylik!» g‘oyasi asosida o‘tkazilgan Mustaqillik festivali bo‘ldi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 1-apreldagi «O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligini keng nishonlashga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida»gi qarorida belgilangan vazifalar ijrosi doirasidagi festival tumandagi hokimlik, Ma’naviyat-ma’rifat, shuningdek, Madaniyat hamda O‘zbekiston Mahallalar uyushmasining tuman bo‘limlari hamkorligida tashkil etildi.

Mahalla ahli, nuroniylar, yoshlar, xotin-qizlar, faollar va keng jamoatchilik vakillari ishtirok etgan bayramda ko‘tarinki kayfiyat hukm surdi. Mahalla ko‘chalaridagi bayramona muhit, milliy qadriyatlar va zamonaviy bunyodkorlik ruhining uyg‘unligi tantanaga alohida fayz bag‘ishladi.
Istiqlolning 35 yilligi munosabati bilan tumanda o‘tkazilgan tadbirlar bilan bir qatorda aholiga mustaqillikning mazmun-mohiyatini yanada chuqurroq anglatish, tinchlik va osoyishtalik qadrini yuksaltirish, yosh avlod qalbida vatanparvarlik tuyg‘ularini mustahkamlashga qaratilgan keng qamrovli ishlar ham amalga oshirilmoqda.

Xususan, mahallalarda aholining bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, shukronalik va daxldorlik hissini kuchaytirish maqsadida milliy filmlar namoyishiga bag‘ishlangan «Mustaqillik kinokarvoni» tadbirlari o‘tkazilmoqda. Sportning turli yo‘nalishlari va milliy xalq o‘yinlari bo‘yicha «Mustaqillik kubogi» musobaqalari tashkil etilib, ularda yoshlar bilan bir qatorda katta avlod vakillari ham faol ishtirok etishmoqda.

Haftaning shanba va yakshanba kunlari umummilliy xalq sayillari o‘tkazilayotgan bo‘lsa, aholi gavjum maskanlar va jamoat joylarida «Vatan simfoniyasi» fleshmoblari tashkil etilmoqda. Bunday tashabbuslar mahallalar hayotiga o‘zgacha jonlanish olib kirib, istiqlol shukuhini har bir xonadonga yaqinlashtirmoqda.

— Eng ahamiyatlisi shundaki, Mustaqillik to‘yi festivallari bilan bir qatorda, «Yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot va kelajak yarataylik!» g‘oyasi asosida turli jamoat tashkilotlari bilan hamkorlikda tumandagi mahallalarda keng qamrovli tadbirlarni amalga oshiryapmiz. «Mustaqillik kinokarvoni», «Mustaqillik kubogi», umummilliy xalq sayillari, «Vatan simfoniyasi» kabi tadbirlarda yoshlar, nuroniylar, faollar va keng jamoatchilikning faol ishtirok etayotgani quvonarli. Bu jarayonlarda istiqlolimizning 35 yillik tantanalari xalqimiz qalbidan chuqur o‘rin olayotganiga guvoh bo‘lmoqdamiz. Asosiy maqsadimiz — bayram tadbirlarini aholi ishtirokida ko‘tarinki ruhda, samimiy va mazmunli o‘tkazish, buning uchun mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanishga harakat qilyapmiz, — deydi tuman hokimi o‘rinbosari, Oila va xotin-qizlar bo‘limi boshlig‘i Nodira Mirzayeva.

Ittifoq mahallasidagi Mustaqillik festivali esa tumanda amalga oshirilayotgan ana shu ezgu ishlarining mantiqiy davomi bo‘ldi. Bayram sahnasida yangragan dilbar kuy-qo‘shiqlar, milliy va zamonaviy musiqa namunalari, san’atkorlarning chiqishlari mahalla ahliga ko‘tarinki kayfiyat ulashdi. Yurtimiz estrada san’atining yorqin vakillaridan biri Shoira Otabekova hamda Sayxunobod tumani Madaniyat bo‘limi san’atkorlarining chiqishlari kechaga yanada fayz kiritdi. Ayniqsa, milliy qadriyatlar, Vatanga muhabbat, tinchlik va osoyishtalikni tarannum etuvchi qo‘shiqlar bayram ishtirokchilariga ko‘tarinki ruh bag‘ishladi. Mahalla ahli bir tanu bir jon bo‘lib, qo‘shiq va raqslarga hamohang bo‘ldi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri