Haydash guvohnomasining o‘zi yetarli emas
Yo‘l harakati qoidalari jarimadan qochish uchun emas, inson hayotini asrash uchun yaratilgan. Haqiqiy yo‘l madaniyati esa kamera bor joyda emas, hech kim ko‘rmayotganda ham qoidaga amal qilishdan boshlanadi.
Yo‘l — shunchaki avtomobillar va piyodalar harakatlanadigan hudud emas. Unda har kuni minglab insonlarning taqdiri, hayoti va xavfsizligi bir-biriga bog‘lanadi. Bir haydovchining bir necha soniyalik shoshilishi, piyodaning e’tiborsizligi yoki telefonga chalg‘ish kabi oddiy tuyulgan xatoning oqibati esa butun bir oilaning taqdirini o‘zgartirib yuborishi mumkin.
Shu bois yo‘l harakati xavfsizligiga faqat qonun-qoidalar yoki jarimalar nuqtai nazaridan qarash yetarli emas. Bu avvalo, inson hayotiga hurmat, o‘zgalar taqdiriga daxldor mas’uliyat va yuksak yo‘l madaniyati masalasidir.
Afsuski, ayrim haydovchilar qoidaga YPX xodimi, kamera yoki foto-videoqayd etuvchi qurilma bor joydagina qat’iy amal qiladi. Ayrim piyodalar esa belgilangan o‘tish joyiga bir necha qadam yurishni istamay, o‘zlariga qulay joydan yo‘lni kesib o‘tishni odat qilgan. Ammo yo‘l qoidasi kamera uchun emas. U — inson hayoti uchun.
Telefonga qarab avtomobil boshqarish, belgilangan tezlikni oshirish, xavfsizlik kamarini taqmaslik, piyodaga yo‘l bermaslik yoki transport vositasini mast holda boshqarishning ortida og‘ir oqibatlar yashirin bo‘ladi.

Yo‘lda “menga hech narsa bo‘lmaydi” degan ishonch eng xavfli xatolardan biridir.
O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi Buxoro viloyati Kengashi tashabbusi bilan o‘tkazilayotgan “Yo‘l madaniyati — xavfsiz hayot kafolati” aksiyasi ham ana shu haqiqatni keng jamoatchilik ongiga singdirishga qaratilgan.
Aksiya doirasida targ‘ibot ishlari shunchaki qoidalarni sanab o‘tish bilan cheklanmayapti. Yo‘l harakati ishtirokchilari bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot qilish, muayyan hududdagi muammolarni o‘rganish va odamlarga qoida ortida qanday hayotiy ma’no borligini tushuntirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Buxoro tumanida tuman Kengashi raisi Muhammadjon Islomov hamda xalq deputatlari tuman Kengashi deputati Umida Sodiqova bo‘lajak haydovchilar bilan uchrashib, transport vositasini boshqarishda mas’uliyat, tezlik me’yorlariga rioya qilish, hushyorlik va ehtiyotkorlik masalalari yuzasidan suhbat o‘tkazdi.
Zero, haydovchilik guvohnomasini qo‘lga kiritish — mas’uliyatning oxiri emas. Aksincha, rul ortidagi katta mas’uliyatning boshlanishidir.

Qorovulbozor tumanida ham xalq deputatlari tuman Kengashi deputati Mehriniso Bobonazarova YPX xodimlari bilan hamkorlikda haydovchi va piyodalar o‘rtasida profilaktik-tushuntirish ishlarini olib bordi. Yo‘l harakati qoidalariga amal qilish, xavfsizlik choralariga rioya etish va yo‘lda hushyor bo‘lishning ahamiyati tushuntirildi.
Peshku tumanida esa deputat Mirkamol To‘rayev ishtirokida yo‘l harakati ishtirokchilari bilan bevosita muloqotlar tashkil etildi. Belgilanmagan joydan yo‘lni kesib o‘tayotgan piyodalar, shuningdek, belgilangan tezlik me’yoridan oshirayotgan haydovchilar bilan profilaktik suhbatlar o‘tkazilib, bunday harakatlarning ehtimoliy oqibatlari tushuntirildi.
Yo‘l madaniyati haqida gap ketganda, faqat haydovchi yoki piyodadan talab qilishning o‘zi kifoya emas. Bu madaniyat avvalo oilada, ta’lim muassasasida, mahallada va kundalik hayotda shakllanadi. Ayniqsa, kattalarning shaxsiy namunasi yoshlar tarbiyasida beqiyos ahamiyatga ega.
Agar ota-ona qizil chiroqda yo‘ldan o‘tsa, belgilanmagan joydan ko‘chani kesib o‘tsa yoki rulda telefondan foydalansa, boladan qoidalarga qat’iy amal qilishni kutish qiyin. Demak, yo‘l madaniyati — shior yoki plakat emas. U har kuni, har bir qadamda namoyon bo‘ladigan odat va mas’uliyatdir.
Bolalikdan yo‘l qoidalariga amal qilish odatini shakllantirish esa kelajakda hushyor piyoda, mas’uliyatli haydovchi va boshqalar hayotini qadrlaydigan fuqaroni tarbiyalash uchun mustahkam zamin yaratadi.
Haqiqiy haydovchi — kamerani ko‘rgandagina tezlikni pasaytirmaydi, balki yo‘l bo‘sh bo‘lsa ham belgilangan tezlikdan oshmaydigan, piyodalar o‘tish joyida odam bo‘lmasa ham ehtiyotkorlikni unutmaydigan, telefon qo‘ng‘irog‘ini muhim vazifadan ustun qo‘ymaydigan va o‘z xatosining boshqa inson hayotiga daxl qilishi mumkinligini anglaydigan inson.

Chunki avtomobil boshqarish huquqini beruvchi guvohnoma insonga rul ushlash imkonini beradi. Ammo mas’uliyatli haydovchi bo‘lish uchun guvohnomadan ko‘ra kattaroq fazilat — ong va madaniyat kerak.
Yo‘lda har birimiz bir vaqtning o‘zida kimningdir farzandi, ota-onasi, akasi, singlisi yoki yaqinimiz bo‘lishimiz mumkin. Shuning uchun ruldagi yoki yo‘ldagi har bir qarorimiz nafaqat o‘zimizga, balki mutlaqo notanish insonning hayotiga ham ta’sir qilishi ehtimolini unutmasligimiz kerak. “Yo‘l madaniyati — xavfsiz hayot kafolati” aksiyasining asl mohiyati ham shunda: odamlarni jarimadan qo‘rqitish emas, o‘z hayoti va o‘zgalar hayoti uchun ichki mas’uliyatni shakllantirish. Zero, kamerani aldash mumkin, nazoratdan qochish mumkin, lekin bir zumlik e’tiborsizlik ortidagi oqibatni ortga qaytarib bo‘lmaydi.
Haydash guvohnomasi insonga mashinani boqarish huquqini beradi. Ammo haqiqiy haydovchi bo‘lish uchun bilimning o‘zi kamlik qiladi. Hushyorlik, mas’uliyat va yo‘l madaniyati — rul ortidagi eng muhim “hujjatlar”dir. Chunki yo‘ldagi eng katta ustunlik — tez yetib borish emas, sog‘-omon yetib borishdir.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri