Aholi bilan yuzma-yuz
Samarqand viloyatining Pastdarg‘om tumanida O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisining o‘rinbosari Akram Shukurov ishtirokida aholi bilan uchrashuv va sayyor qabul o‘tkazildi.
Uchrashuvda Oliy sud raisi o‘rinbosari davlatimiz rahbari tomonidan aholi bilan ochiq va samarali muloqotni yo‘lga qo‘yish, fuqarolarning murojaatlarini xolisona o‘rganish va ularning muammolariga o‘z vaqtida yechim topish ustuvor vazifa sifatida belgilab berilganini ta’kidladi. Shundan kelib chiqib, sud organlari rahbarlarining joylarda aholi bilan bevosita muloqot o‘tkazishi hamda murojaatlarni joyida o‘rganib, qonunchilikda belgilangan tartibda ko‘rib chiqishi yaxshi an’anaga aylangani qayd etildi. Shuningdek, mamlakatimiz sud-huquq tizimidagi yangiliklar, amalga oshirilayotgan islohotlar mohiyati haqida tushuncha berildi.

Uchrashuvdan so‘ng, Oliy sud raisining o‘rinbosari Akram Shukurov tomonidan Oliy sudning jinoyat, fuqarolik va iqtisodiy sudlov hay’atlari sudyalari, shuningdek, Samarqand viloyat sudi raisi Dilshod Rajabov va viloyat ma’muriy sudi raisi Nurali Javliyev ishtirokida ommaviy sayyor qabul o‘tkazildi.

Qabul davomida 99 nafar fuqaroning murojaatlari tinglanib, ularni imkon qadar joyida hal etish choralari ko‘rildi. Qo‘shimcha o‘rganish talab etiladigan masalalar yuzasidan tegishli tushuntirishlar berilib, ularning ijrosi nazoratga olindi.

Qabul qilingan fuqarolar murojaatlarining 15 tasi jinoyat, 76 tasi fuqarolik, 1 tasi iqtisodiy hamda 7 tasi ma’muriy sudlovga oid murojaatlarni tashkil etdi. Iqtisodiy ishlar bo‘yicha sudlar tomonidan 1 ta iqtisodiy ish bo‘yicha taraflar o‘rtasida kelishuv bitimi tasdiqlandi va ish yuritishdan tugatildi.
G‘.Hasanov, O‘zA muxbiri