SI mehnat bozorini o‘zgartirmoqda(mi)?
Sun’iy intellekt texnologiyalarining jadal rivojlanishi mehnat bozorida jiddiy o‘zgarishlarni boshlab berdi. "ChatGPT", "Claude" va "Gemini" kabi platformalar global ommalashib borar ekan, ish faoliyatini endi boshlayotgan yosh kadrlar orasida xavotir kuchaymoqda. AQSH universitetlarida AI haqidagi chiqishlar hatto norozilik sadolari bilan qarshi olinmoqda.
“Google” sobiq rahbari Erik Shmidt sun’iy intellekt ta’sirini “insoniyat ko‘rgan eng tez va keskin o‘zgarishlardan biri” deya baholadi. U texnologiya har bir kasb, ta’lim muassasasi va insonlar o‘rtasidagi munosabatlarga ta’sir qilishini ta’kidladi, biroq amerikalik talabalarning bir qismi bu fikrlarni olqish emas, e’tiroz bilan qabul qildi.
Yirik kompaniyalar tomonidan boshlangan qisqartirishlar xavotirlarni yanada kuchaytirdi. Xususan, “Standard Chartered” banki 7 mingdan ortiq ish o‘rnini bekor qilib, ayrim vazifalarni sun’iy intellekt zimmasiga o‘tkazishini ma’lum qildi. “Amazon”, “Meta” hamda “Block” kabi texnologik korporatsiyalar ham samaradorlikni oshirish bahonasida minglab xodimlar bilan xayrlashmoqda.
“Gallup” tadqiqotiga ko‘ra, Z avlodi vakillarining katta qismi sun’iy intellektni imkoniyatdan ko‘ra xavf sifatida qabul qilmoqda. So‘rov ishtirokchilarining qariyb yarmi AI salbiy oqibatlarga olib kelishini aytgan. Mutaxassislar fikricha, yangi texnologiyalarga moslasha olmagan yoshlar kelajak mehnat bozorida kuchli raqobat bosimiga duch kelishi mumkin.
Musulmon Ziyo,
O‘zA