Shovqinning zararli ta’siri uchun kompensatsiya to‘lovlari joriy etiladi
Senat yalpi majlisida “Aholini shovqinning zararli ta’siridan himoya qilish to‘g‘risida”gi qonun ko‘rib chiqildi.
Mazkur masala yuzasidan ma’ruza qilgan Senatning Agrar, suv xo‘jaligi masalalari va ekologiya qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Sayyora Abdukarimova sanoat korxonalari soni oshishi, keng ko‘lamli qurilishlar, shaharlarning kengayib borishi, transport vositalarining ko‘payishi kabi omillar tufayli aholining maishiy hayotida shovqinning salbiy ta’siri ortib borayotganini ta’kidladi.
Amalda esa aholi salomatligi va osoyishtaligi, normal dam olishiga salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi zararli shovqinlarga qarshi kurashish masalalarini kompleks tartibga soluvchi yagona huquqiy hujjat mavjud emas.
Shovqinning zararli ta’siri me’yorlarini nazarda tutuvchi 7 ta sanitariya norma va qoida amal qilsa-da, qonunchilikda bu borada qat’iy talablar belgilanmagan. Oqibatda ushbu sanitariya norma va qoidalariga so‘zsiz rioya etilishi ta’minlanmayapti.
Qonunchilikda inson salomatligi uchun zarar keltiruvchi va ruxsat etilgan darajadan yuqori bo‘lgan shovqinlarni keltirib chiqarayotgan ob’ektlarni javobgarlikka tortish masalalari to‘liq va aniq belgilanmagan.
Davlat organlari, jismoniy va yuridik shaxslarning zararli shovqinga qarshi kurashish va uning oldini olish bo‘yicha vazifa va funksiyalari hamda javobgarligini aniq belgilash maqsadga muvofiq hisoblanadi.
Qonun bilan aholini shovqinning zararli ta’siridan himoya qilishning umumiy qoidalari, davlat organlarining ushbu sohadagi vakolatlari, aholini shovqinning zararli ta’siridan himoya qilish bo‘yicha chora-tadbirlar aniq belgilanmoqda.
Fuqarolarning osoyishtaligi va normal dam olishini buzadigan shovqinlar, fuqarolarning osoyishtaligi va normal dam olishini buzishga yo‘l qo‘yilmaydigan vaqtlar oralig‘i, shovqinning zararli ta’siri uchun kompensatsiya to‘lovlariga oid normalar nazarda tutilmoqda.
Jismoniy va yuridik shaxslarning aholini shovqinning zararli ta’siridan himoya qilish borasidagi huquqlari va majburiyatlari belgilanmoqda.
[gallery-29938]
Senatorlar ma’qullagan qonun aholini shovqinning zararli ta’siridan himoya qilish munosabatlarini tartibga solishga xizmat qiladi.
N.Abduraimova, F.Abdurasulov (surat), O‘zA