Shoir Shahriyorning Afg‘oniston taassurotlariga oid kitobi taqdimoti
Shahriyot Shavkat – tinib-tinchimas, g‘ayrati to‘lib toshgan, doim yangi g‘oyalar ustida izlanadigan, samimiy, ham qat’iyatli, qalami o‘tkir ijodkor. Uning Afg‘onistonga safari hamda ushbu ekspeditsiya asosida yozgan “Hirotga, bobomning huzuriga!” kitobi adabiy-ma’rifiy hayotimizda o‘ziga xos voqelikka aylandi. Vatanimiz mustaqilligining 35 yilligi arafasida mazkur kitob adabiyot ixlosmandlari uchun sovg‘a bo‘ldi.
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida “Jadid” gazetasi jurnalisti, shoir va publitsist Shahriyor Shavkatning “Hirotga, bobomning huzuriga!” nomli yangi safarnoma kitobining taqdimot marosimi bo‘lib o‘tdi.
Safarnoma kitob “Jadid” adabiy, ilmiy-ma’rifiy va ijtimoiy haftalik gazetasi hamda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi hamkorligida “Jadid” kutubxonasi” rukni ostida chop etilgan.
Tadbirda shoir va yozuvchilar, adabiyot ixlosmandlari, madaniyat sohasining ko‘zga ko‘ringan vakillari, Islom sivilizatsiyasi markazi xodimlari ishtirok etdi.
Davra suhbatida adabiyotshunos olimlar, ustoz yozuvchilar, jurnalistlar, ijodkor ziyolilar, milliy adabiyotimiz muxlislari so‘zga chiqib, istiqlolning 35 yillik bayrami arafasida chop etilgan ushbu kitob haqida, uning tarixiy, badiiy, ma’rifiy qiymati haqida batafsil so‘zladi.
“Hirotga, bobomning huzuriga!” kitobi muallifning qo‘shni Afg‘oniston zaminiga uyushtirgan ijodiy safari davomidagi taassurotlari jamlanmasidir. Ushbu ziyoratnoma Kobul, Hirot, Mozori Sharif, Balx, Andxo‘y, Taxor, G‘azni kabi qadimiy shaharlardagi bugungi hayot, daryo ortidagi o‘zbeklarning yashash tarzi haqida qimmatli ma’lumotlarni taqdim etadi.
[gallery-30703]
Buyuk Amir Temur davlatining turli nuqtalarida ilm-fan, madaniyat, ijod gullab-yashnagan davrlarda dunyo tamadduniga hissa qo‘shgan ajdodlarimizni xotirlash, ulug‘ ajdodlarimiz yashab o‘tgan tuproqlarga qadam qo‘yish, ularni ziyorat qilish barcha ziyolilarning ham orzu istaklarida bor.
Taqdimot tadbirida muallif tadbir ishtirokchilariga safarni amalga oshirish yuzasidan o‘z kuzatuvlarini so‘zlab berdi. Jahon tamadduni rivojiga beqiyos hissa qo‘shgan ulug‘ mutafakkir ajdodlarimiz Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur, Boborahim Mashrab, Abu Rayhon Beruniy, Mavlono Lutfiy Hiraviy va Gavharshodbegim kabi siymolarning so‘nggi manzillari, ushbu tarixiy qadamjolarning bugungi ahvoli haqqoniy va ta’sirli tilda bayon etilgan.
Taqdimotda so‘zga chiqqanlar ulug‘ ajdodlarimizning dunyo bo‘ylab tarqalgan madaniy merosini muhofaza qilish, ularni ma’naviy jihatdan yagona jildga jamlash va butun insoniyat mulkiga aylantirish bugungi zamondoshlarimizning muhim burchi ekanini, Shahriyor Shavkatning “Jadid” gazetasi homiyligida amalga oshirgan ushbu safari ana shu ezgu maqsadga xizmat qilishini alohida e’tirof etdi.
Rang-barang maqolalar, safar taassurotlari, turkum she’rlar va adabiy suhbatlarni o‘z ichiga olgan ushbu to‘plam keng kitobxonlar ommasi, tarixchilar hamda adabiyotshunoslar uchun qimmatli manba bo‘lib xizmat qiladi.
Davra suhbatidan so‘ng yosh shoirlar o‘rtasida she’rxonlik bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Shahriyor Shavkat she’ri asosida yaratilgan qo‘shiqlar ijro etildi. Ma’rifiy kecha yakunida yig‘ilganlarga yangi kitob tuhfa etildi.
Shuningdek, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi kutubxonasiga sayohat uyushtirilib, kutubxona manbalari bilan tanishildi. Bir qator yosh ijodkorlar mazkur kutubxonaga a’zo bo‘lib, undagi manbalardan foydalanish huquqini qo‘lga kiritdi.
N.Usmonova,
O.Pardayev (suratlar), O‘zA