Shohjahon Yoriyev: Mashg‘ulotlarga majburlagan otamdan bugun minnatdorman
Yunus Rajabiy nomidagi O‘zbek milliy musiqa san’ati institutining magistratura bosqichi talabasi Shohjahon Yoriyev san’atkor oilasida tavallud topgani boisdanmi bolaligidanoq musiqaga, san’atga oshno bo‘lib ulg‘aydi. Otasi unga chaqaloqligidayoq dutor torlarini cherttirib, o‘g‘li kelajakda katta san’atkor bo‘lishini niyat qilgan edi.
Taqdirlar niyatga ham bog‘liq bo‘ladi, albatta. Bugun Shohjahon otasi orzu qilganidek, san’at yo‘lidan ketib, bir qator yutuqlarni qo‘lga kiritdi. Buxoro viloyatining Romitan tumanidagi 12-sonli musiqa va san’at maktabida, keyinchalik Buxoro ixtisoslashtirilgan san’at maktabida bir qator ustozlardan tahsil oldi. Rubobga bo‘lgan qiziqishi, milliy cholg‘u asboblarini chalishga intilishi sabab bu boradagi ko‘nikmalarini boyitib bordi, maqom yo‘llarini, maqom asarlarini puxta o‘rgandi.
Shohjahon 2014-yilda “Muhiddin Qoriyoqubov“ nomidagi ko‘rik-tanlovning Respublika bosqichi g‘olibi, 2015-yilda “Kamalak yulduzlari” tanlovining Respublika bosqichi g‘olibi, 2018-yilda Farrux Mirusmonov nomidagi “Yosh sozandalar” Respublika ko‘rik-tanlovida 3-o‘rin sohibi, 2021-yilda “Respublika Yosh ijrochilar” ko‘rik-tanlovida 2-o‘rin, Yunus Rajabiy nomidagi “Yosh maqom ijrochilari” ko‘rik-tanlovining Respublika bosqichida 1-o‘rin, Ozarbayjonning Boku shahrida “Mug‘om olami” deb nomlangan 6-Xalqaro mug‘om festivali doirasida o‘tkazilgan nufuzli ko‘rik-tanlovda 2-o‘ringa sazovor bo‘lgan.

2024-yilda esa YUNESKO shafeligida Samarqand shahrida o‘tkazilgan “Sharq taronalari” xalqaro ko‘rik-tanlovida 2-o‘ringa munosib deb topildi. U yana bir qator ko‘rik-tanlovlarda faol ishtirok etib, faxrli o‘rinlarni qo‘lga kiritdi. Shohjahon bu kabi yutuqlari bilan milliy maqom san’atini keng targ‘ib qilish va yanada rivojlantirishga katta hissa qo‘shib kelmoqda.
2025-yilda esa Shohjahon Yoriyevning barcha erishgan yutuq va natijalari munosib baholanib, davlatimiz rahbari tomonidan “Mard o‘g‘lon” davlat mukofoti bilan taqdirlandi. Yosh iste’dod egasi bu e’tirofni o‘ziga katta mas’uliyat deb bilib, o‘z ustida ishlashni yanada kuchaytirdi. U “Shashmaqom” turlarini yanada puxta o‘rganish, Yunus Rajabiy nomidagi O‘zbek milliy musiqa san’ati institutida faoliyatini davom ettirgan holda kelajak avlodlarga milliy maqom san’ati sirlarini o‘rgatish niyatida.

Shohjahon san’at yo‘lini tanlaganiyu qator natijalarga erishayotgani haqida to‘xtalar ekan, bunda otasining hissasi, mehnati katta bo‘lganini ta’kidlaydi:
– Bolaligimda tengdoshlarim, do‘stlarim ko‘chada o‘ynab yurgan bir vaqtda men uyda o‘tirib musiqa bilan shug‘ullanayotgan bo‘lardim. Otam shug‘ullanishim uchun biror vazifa berib “shuni bajarsang, keyin o‘ynaysan”, derdilar. Ba’zan bundan xafa bo‘lib, otamdan ranjir edim. O‘shanda otam “hali vaqti keladi, hammasini tushunasan, menga rahmat aytasan” derdilar. Hozir shuni tushunyapmanki, o‘sha paytda otam, onam meni to‘g‘ri yo‘naltirgani uchun bugun o‘z yo‘limni topdim. Milliy musiqa san’atimizning nozik sir-asrorlarini o‘rganib, maqom yo‘nalishidagi yetuk ustozlarimizning orqasidan borish niyatidaman. Qolaversa, ajdodlarimizdan meros milliy san’atimizni yosh avlodga o‘rgatib, uni bus-butunligicha kelajakka yetkazishga hissa qo‘shishni maqsad qilganman, – deydi Shohjahon.

Darhaqiqat, bugun mustaqillik bilan qadamma-qadam ulg‘ayayotgan Shohjahon Yoriyev singari kelajagimiz egalari o‘z tanlagan yo‘llarining eng yuqori nuqtalarida porlamoqda. Ularning intilishi, harakati, iste’dodi, iqtidori, erishayotganlari va kelajakdagi marralari davlatimizning doimiy e’tibori va qo‘llab-quvvatlovidadir.
Istiqlolimizning 35 yilligi oldidan o‘tgan bu davrda millatimizning minglab yoshlari jahon sahnalarida o‘zini namoyon etgani, eng yuksak marralarga munosib bo‘lganini ko‘z oldimizdan o‘tkazamiz. Mamnunlik tuyamizki, Shohjahon kabi iqtidorlarimiz safi hali ko‘p va ertamiz Uchinchi Renessansni qurmoqlikka qodir bo‘lgan farzandlarimiz qo‘lida.
Muhtarama Komilova,
O‘zA