SHHT ayollar ovozi: jamiyatdan xalqaro maydon sari
Shanxay hamkorlik tashkiloti (SHHT)ning 25 yilligi munosabati bilan Oliy Majlis Senati huzuridagi Yoshlar parlamenti hamkorligida “SHHT ayollar ovozi: jamiyatdan xalqaro maydon sari” mavzusida ayollar forumi tashkil etildi.
Unda senatorlar, Yoshlar parlamenti a’zolari, O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Pokiston va Hindistonning davlat, ilmiy va jamoatchilik sohasi hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

SHHT Bosh kotibi o‘rinbosari Piao Yanfan videomurojaati bilan ochilgan forumda ayollarning ilmiy salohiyatini qo‘llab-quvvatlash, yosh olima va tadqiqotchilarning xalqaro ilmiy hamkorlikdagi ishtirokini kengaytirish, ilm-fan, ta’lim va innovatsiyalar sohasida tajriba almashishni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Sessiyalarda xotin-qizlarning jamiyat hayotidagi faolligini oshirish, xalqaro maydondagi o‘rnini mustahkamlash, ta’lim va ilmiy faoliyatdagi imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan tashabbuslar yuzasidan fikr almashildi.

Forum doirasida O‘zbekistondagi SHHT Xalq diplomatiyasi markazi va Senat huzuridagi Yoshlar parlamenti o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi.
Mazkur hujjat xalqaro va mintaqaviy miqyosda yoshlar o‘rtasida do‘stlik va o‘zaro anglashuvni mustahkamlash, madaniy-gumanitar hamkorlikni kengaytirish hamda SHHT makonida tinchlik, bag‘rikenglik g‘oyalari va fuqarolik faolligini targ‘ib etishga xizmat qiladi.
N.Abduraimova, O‘zA