Buxoro davlat texnika universiteti talabalari “Asia Trans Gas”da amaliyot o‘tadi
Buxoro davlat texnika universitetining 24 nafar talabasi “Asia Trans Gas” MCHJ QKda ishlab chiqarish amaliyotini muvaffaqiyatli yakunladi.
Global energetika tuzilmasi chuqur o‘zgarayotgan bugungi kunda neft-gaz tarmog‘ini yuqori malakali mutaxassislarsiz samarali rivojlantirib bo‘lmaydi. O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi energetika hamkorligining yorqin namunasi bo‘lgan “Asia Trans Gas” MCHJ QK kadrlar sohani barqaror rivojlantirishga turtki beradigan asosiy kuch ekanligini chuqur anglaydi. Ushbu amaliy dasturning amalga oshirilishi kompaniyaning O‘zbekistondagi ijtimoiy majburiyatlarini bajarish yo‘lidagi muhim qadamidir. Korxona fan, ta’lim va ishlab chiqarishni uyg‘un holda innovatsion rivojlantirish uchun platforma yaratib, ilg‘or texnologiyalar va amaliy tajribani kadrlar tayyorlash resurslariga aylantiradi, mintaqaning energetika tarmog‘ini modernizatsiya qilishga yordam beradi.

Amaliyotning birinchi kunida talabalar qo‘shma korxona rahbariyati bilan uchrashdilar. 14 kun davomida talaba yoshlar Buxoro viloyat magistral gaz quvurlari boshqarmasi texnik bo‘limi, texnik xizmat ko‘rsatish va ta’mirlash markazi, laboratoriyaga tashrif buyurdilar, shuningdek, sanoat xavfsizligi, uskunalardan foydalanish va ularga xizmat ko‘rsatish, ishlab chiqarish jarayonlari va boshqa mavzularga bag‘ishlangan maxsus treninglarda ishtirok etdilar. “Asia Trans Gas” ko‘shma korxonasining tajribali mutaxassislari real holatlar asosida ularning nazariy bilimlarini amaliy ko‘nikmalarga aylantirdilar.

Ishlab chiqarish amaliyoti davomida talabalar Markaziy dispetcherlik boshqarmasiga ham tashrif buyurib, gaz quvurlari tizimini real vaqt rejimida monitoring qilish tamoyillari, operatorlarning ish jarayoni va zamonaviy avtomatlashtirish va dispetcherlik nazorat tizimlari bilan tanishdilar. Bu bo‘lajak mutaxassislarga energetika sohasini rivojlantirish va energiya ta’minoti xavfsizligini ta’minlashda raqamli texnologiyalarning muhim o‘rnini anglashga yordam berdi.

2-sonli kompressor stansiyasiga amaliy tashrif talabalar uchun asosiy ishlab chiqarish uskunalarining ishlash tamoyillarini yaqindan o‘rganish imkonini berdi. Bu yerda ular kompressor agregatlari, avtomatlashtirish tizimlari va boshqa muhim uskunalar bilan tanishish bilan birga, korxonaning texnik mutaxassislari bilan muloqot qilish imkoniyatiga ham ega bo‘ldilar. Amaliy mashg‘ulotlar davomida korxona xodimlari kompressor agregatlarining ishlash tamoyillari, nazorat va o‘lchov asboblari hamda elektr uskunalari to‘g‘risida ma’lumot berdilar.
Amaliyot davrida korxona talabalarga soha mutaxassislari bilan muloqot qilish uchun platforma ham taqdim etib, u orqali talabalar mutaxassislar bilan kasbiy rivojlanish istiqbollari, sohadagi texnologik tendensiyalar va boshqa mavzularni muhokama qildilar. Bu ularning kelgusidagi kasbiy faoliyati uchun mustahkam poydevor yaratishga xizmat qildi.

Mazkur amaliyot dasturi oliy ta’lim muassasasi va korxonaning kadrlar tayyorlash bo‘yicha samarali hamkorligining yorqin namunasi bo‘lib, O‘zbekiston-Xitoy sherikligini yanada kengaytirishga xizmat qildi. “Asia Trans Gas” bundan keyin ham oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlikni chuqurlashtirish, kadrlar tayyorlashning turli modellarini tadbiq etish hamda mintaqa energetika tarmog‘ini barqaror rivojlantirish uchun yuqori malakali kadrlar tayyorlashga hissa qo‘shishda davom etadi.
O‘zA