Shaxmatchilar musobaqasi
Navoiyda “Kamolot” shaxmat taxtasi” respublika turnirining viloyat bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Navoiyda “Kamolot” shaxmat taxtasi” respublika turnirining viloyat bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Prezidentimizning 2014-yil 6-fevraldagi “O‘zbekiston Respublikasida yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida tashkil etilgan musobaqa yoshlar o‘rtasida sportni ommalashtirish, tafakkur o‘yini bo‘lgan shaxmatga qiziquvchi o‘g‘il-qizlarni rag‘batlantirishda alohida ahamiyat kasb etmoqda.
An’anaviy tarzda o‘tkazib kelinayotgan “Kamolot” shaxmat taxtasi”ning joriy yilgi viloyat bosqichida tuman va shahar bosqichlarida saralangan yuz nafar 6-18 yoshli havaskor shaxmatchi ishtirok etdi.
Musobaqada o‘z yosh toifasi bo‘yicha g‘olib chiqqan o‘n nafar o‘g‘il-qiz orasida karmanalik Muhammad Umrzoqov ham bor.
– Bolaligimdan shaxmatga qiziqaman, – deydi Karmana sanoat va iqtisodiyot kasb-hunar kolleji o‘quvchisi M.Umrzoqov. – Tuman miqyosida o‘tkazilgan shaxmat musobaqalarida bir necha bor g‘oliblikni qo‘lga kiritganman. Ushbu bellashuvda g‘alabaga erishishimda yillar davomida to‘plagan tajribam asqotdi. Turnirning yakuniy bosqichida ham munosib ishtirok etishga astoydil harakat qilaman.