Shaxmatchi qizlarimiz “Turkic Team Chess Championships 2026” musobaqasida 3-o‘rinni egalladi
Qozog‘istonning Ostona shahrida Turkiy davlatlar shaxmat forumi doirasida erkaklar va ayollar o‘rtasida “Turkic Team Chess Championships 2026” xalqaro musobaqasi o‘tkazildi.
Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkmaniston, Turkiya va O‘zbekiston terma jamoalari ishtirok etgan musobaqada erkaklar va ayollar o‘rtasida jami 70 nafar sportchi dona surdi.
Xalqaro turnirning ayollar guruhida ishtirok etgan O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari Afruza Hamdamova, Umida Omonova, Guldona Karimova va Madinabonu Xalilova munosib o‘yin namoyish etdi.

Shaxmatchi qizlarimizdan Afruza Hamdamova va Umida Omonova o‘tkazilgan 7 ta tur bahslarida biron marta ham yutqazmadi. Bu, o‘z navbatida hamyurtlarimizning 8 ochko jamg‘arishini ta’minlash asnosida 3-o‘rinni qo‘lga kiritishiga olib keldi. Ozarbayjonlik shaxmatchi xotin-qizlar 10 ochko bilan g‘oliblik shohsupasiga ko‘tarilgan bo‘lsa, 2-o‘rin 9 ochkoli Qozog‘iston-1 jamoasiga tegishli bo‘ldi.
Musobaqaning erkaklar o‘rtasidagi o‘yinlarida shaxmatchi yoshlarimizdan Abdumalik Abdusalimov, Jahongir Vohidov, Ortiq Nigmatov va Saidakabar Saidaliyev Vatanimiz sharafini himoya qildi.

Terma jamoamiz a’zolari 7 ta turning 3 tasida g‘alaba qozondi, 1 tasida durang qayd etdi va 2 tasida imkoniyatni boy berdi. Ushbu natija tufayli terma jamoamiz a’zolari 7 ochko bilan qo‘shimcha ko‘rsatkichlar evaziga 4-pog‘onadan joy oldi.
Turnirda 9 ochko jamg‘argan Qozog‘iston-2 jamoasi 1-o‘rinni, 8 ochkoli Qozog‘iston-1 vakillari ikkinchi va hamyurtlarimiz singari 7 ochko to‘plagan Ozarbayjon terma jamoasi uchinchi o‘rinni egalladi.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA