Shaxmat: O‘zbekistonlik yoshlar umumjamoada g‘olib
Qirg‘izistonning Issiqko‘l viloyatidagi Korumdu maskanida shaxmat bo‘yicha o‘tkazilgan Markaziy Osiyo ochiq chempionatida mamlakatimiz sportchilari munosib natijalarga erishdi.
O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari beshta mamlakat vakillari bilan kuch sinashdi. Qirg‘izistonda Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekistondan 307 nafar shaxmatchi ishtirok etgan "Central Asia Youth Chess Championship 2024" bahslari sarhisobiga ko‘ra, shaxmatchilarimiz 6 ta oltin, 5 ta kumush va 1 ta bronza medalini qo‘lga kiritdi.
Ushbu natija O‘zbekiston terma jamoasining umumjamoada 1-o‘ringa ega chiqishini ta’minladi. 9 turdan iborat ochiq chempionat bahslari 10 ta yosh toifasida tashkil etildi.
Yurtimizning iqtidorli shaxmatchilaridan Nurmuhammad Ne’matillaxonov, Nurislom Abdulahatov, Hasan Akramov, Alisher Abduqayumov singari yoshlar g‘alabaga munosib hissa qo‘shishdi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA