Shavkat Mirziyoyev inqilobi yoxud men nima uchun Prezidentim bilan g‘ururlanaman?
Publitsistik esse
Boshidan bir gapni aytmoqchiman, avvalo, janr masalasida. Garchi shakl publitsistik bo‘lsa-da, struktura nuqtai nazaridan mazkur matn essega tortibroq ketdi. Shu bois noan’anaviyroq bo‘lsa-da, uni shunday atashni lozim topdim. Keyin, sarlavha borasida ham turli mulohazalar bo‘lishi mutlaqo tabiiy, deb o‘ylayman. Elitar poeziyamizning an’anaviy «sasi» sezilib turadigan bunday balandparvoz so‘zlar bugun normal o‘quvchini bezdirganini yaxshi tushunaman. Ammo meni muammo so‘zlarda emas, ularni istifoda etishda degan ishonch doimo umidlantirib turadi. Va, albatta, maqola davomida ikki «yaltiroq» so‘z – «inqilob» (ayniqsa, bu atama bo‘yicha chuqurroq fikr bildirmoqchiman) va «g‘urur» istilohlariga nisbatan da’volarimni asoslashga harakat qilaman. O‘ylaymanki, ayni jarayonning o‘zi matnga qo‘yilgan adabiy tavsif maqomini ham oqlaydi.
I
Chili-fransiyalik mashhur dramaturg va rassom Alexandro Xodorovski «Qafasda tug‘ilgan qushlar parvoz qilishni kasallik bo‘lsa kerak, deb o‘ylashadi» degan edi.
O‘z davrida Pikassoni ham mutaassir qilgan ayni aforizmni qaramlik va ozodlik, jo‘n aytganda, qullik zehniyatining so‘z orqali chizilgan mukammal tasviri, deyish mumkin. Men juda ko‘p maqolalarimda tafakkur ozodligi haqida gapirganman. Va bugun shuni англаб yetayotirmanki, bu ish bilan nafaqat bir-ikki odam, balki olimlar, ziyolilarning katta armiyasi shug‘ullanishi shart va zarur ekan. Negaki, jamiyatning o‘zgarishi odamlar dunyoqarashi bilan bevosita bog‘liq. Ayni mulohazani Prezidentimiz juda ko‘p va ta’sirli tarzda ifoda etgani ham bejiz emas. Jumladan, davlatimiz rahbari «Bugungi O‘zбекiстон – kechagi O‘zbekiston emas. Bugungi xalqimiz ham kechagi xalq emas», der ekan bevosita odamlarimiz ongi tezroq o‘zgarishiga ishora qiladi. Haqiqat shundaki, bir asrdan ortiq davr mobaynida tafakkurlarimizga singdirilgan qaramlik ta’siridan chiqib ketishimiz og‘ir kechayotir. Nafaqat iqtisodiyot va siyosatda, balki kundalik turmushimiz, madaniyatu yurish-turishimizda ham kechagi kun «an’ana»lari sezilib turadi. Va bu jarayonlar bizning «o‘zimiz»dan ancha nari ketib qolganimizni anglatadi.

Men yaqinda yurtimizda tadqiqot olib borgan xorijlik bir antropolog olimning maqolasi bilan tanishdim. U ko‘targan mavzusida nega o‘zbek jamiyatida odamlar ko‘proq bir xil tusdagi, masalan, oq va qora rangdagi ust-bosh kiyishni urf qilishgani haqida mulohaza yuritadi va o‘z fikrini, bu kommunistik mafkuraning «maishiy-madaniy siyosati» bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin, deya xulosalaydi.
Darhaqiqat, mustamlakachilik yaratgan «milliy mentalitet» nafaqat an’ana, balki «kim»lik kodi» darajasiga do‘nib qolganini biz ko‘p ham payqamaymiz. Oddiy odamlar u yoqda tursin, akademik doiralarimizda ham bu mavzular bugun jiddiy muhokama qilinayotganiga shubha bilan qarayman. Shunchaki misol, ayni damda mintaqamiz jamiyatlarida, deylik, palov o‘zbek va tojiklarning, beshbarmoq qozoq va qirg‘izlarning milliy taomi, deyilishi mutlaqo haqiqat sanaladi. Holbuki, sotsial madaniyatimizdagi bunday «tartib» aslida sun’iy ravishda singdirilgan bo‘lishi ham mumkinligi haqida kam shubhaga boramiz yoki bu borada tushunchalarning umuman yo‘qligi bois konformizmga yuz buramiz.
«Sovet davrida nafaqat oshxona geografiyasi, milliy ust-boshimiz ham markazdan «loyihalashtirilgan», deydi kelib chiqishi qirg‘izistonlik bo‘lgan AQSHlik tadqiqotchi Erika Marat. Uningcha, «...har bir respublikaga nomini bergan etnik guruhga standartlashtirilgan «an’anaviy» taomlar va kiyinish turlarining muayyan to‘plami tepadan belgilab berilgan. Kiyim-kechakning turlicha hayot tarzi, iqlim sharoitlari, ijtimoiy mavqe va vazifalarga moslashtirilgan murakkab ko‘rinishlari har bir sovet respublikasi uchun bitta standart libosgacha soddalashtirilgan». Ushbu qarash nafaqat ijtimoiy-siyosiy, industrial sohalar, jumladan, qurilish va arxitekturada ham o‘z tajallisini topgan. Birgina o‘tgan asrning 40-70-yillarida Toshkentda amalga oshirilgan me’morchilik nafaqat quruvchilik, balki siyosat darajasidagi masalaga aylanganini zukko odamlar yaxshi bilishadi (Shu yerda aytib ketay, bugun men aynan bunyodkorlik va davlat siyosati, hukmron mafkuralar va oddiy odamlarning turmush tarzi borasida kengroq gapirishni maqsad qilganman).
To‘g‘ri, bugungacha «sovet modernizmi» sifatida talqin etiladigan «Chorsu» bozori, «O‘zbekiston» mehmonxonasi, «Xalqlar do‘stligi» saroyi kabi inshootlar o‘z davrining benazir loyihalari edi. Ammo bu ansambllarni qurishda modernistik arxitekturaga mahalliy identlik sifatlari singdirilishi ham safarbarlik samimiyatini shubhadan xoli qila olmadi. Chunki ushbu bunyodkorlik «tomirlari» ilhomni коммuniсtiк mafkura sarchashmasidan olayotgandi. Unga ko‘ra, Toshkent sovetlarning butun Sharqdagi «vitrina»si, qolaversa, sotsializmning musulmon o‘lkasidagi g‘alabasini aks ettirishi lozim edi (ushbu iddaolar me’morlar hisobotlarida urg‘ulangani arxiv hujjatlarida muhrlangan).
O‘zi, umuman, tarixni kuzatsangiz, bunyodkorlik sifatida talqin etiladigan jarayonlar aksariyat hollarda ijtimoiy-gumanitar hodisadan ko‘ra, ko‘proq hokimiyatning «siyosiy tili» vazifasini o‘tashga safarbar qilinganiga guvoh bo‘lishingiz mumkin (bu masalada haliroq jahon tarixi va qolaversa, o‘zimizning yaqin o‘tmishdan ham misollar keltiraman).
O‘rni kelganda o‘sha davr qurilishlari haqida yana bir mulohazani aytmoqchiman. Ushbu masalada eski zamonni qo‘msovchilar bir fikrni ilgari surishni yaxshi ko‘radi: ya’ni sobiq tuzum bizda urbanizatsiya madaniyatini paydo qildi, ko‘plab shaharlar qurdi...
Ochig‘i, bu fikr bilan oyoq tirab tortishmoqchi emasman. Haqiqatan ham, o‘tgan asrning 30-80-yillari davomida yurtimizda o‘nlab yangi shaharlar paydo bo‘ldi. Buni inkor qilib bo‘lmaydi. Ammo shu yerda, garchi bundan maqsad «insonlarning baxtu saodati» bo‘lmasa, unda muddao nima edi, degan haqli savolga ham javob berib ketish kerak. Masalan, Navoiy, Olmaliq, Angren, Uchquduq, Zarafshon, Guliston va yana shunday o‘nlab maskanlarning bunyod etilishini bugun qanday sharhlasak to‘g‘ri bo‘ladi?! Gapni cho‘zmay darrov aytaman, bu kentlarning barchasi o‘z xarakteriga ko‘ra monoshahar (iqtisodiy jihatdan bir asosiy korxona yoki tarmoqqa tayangan)lar edi. Ya’ni bunyodkorlikdan maqsad hech qachon inson bo‘lmagan. Balki yer osti va usti boyliklarini instrumentlashtirish rejasining bir qismi bo‘lgan. Albatta, bundan hafsala pir bo‘lmasligi kerak. Chunki metropoliyalar qadariga o‘z periferiyalarini obod qilish va yoki mahalliy aholining peshonasini «yarqiratish» yozilgan farishtalar, deb o‘ylasak, xato qilgan bo‘lamiz. Biz mansub «kolonializm» esa insoniyat tarixidagi boshqa turdoshlariga nisbatan «axloqiy norasoligi» bilan ham ajralib turgan. U insondan ko‘ra g‘oyani afzal biladigan, o‘z g‘alabasi va manfaati yo‘lida xalqlardan vosita sifatida foydalanishdan-da tortinmaydigan global dunyodagi siyosiy submadaniyat o‘laroq taassurot qoldiradi bugun.
Shunday tuzum hamda siyosat, jonli bir hayotni ko‘rgan odam endi «Inson qadri uchun» degan g‘oya nima sabab kun tartibiga chiqqanini hamda uning ahamiyatini juda yaxshi tushunadi.
II
Yuqorida Xodorovskidan keltirilgan iqtibos bejiz emas. Zotan, boya aytganimdek, bugun bizda postkolonializm-mustamlakaviy hukmronlik «oqibatlari» va dekolonializm-mustamlakachilik merosi, tafakkuri, hukmronlik ko‘rinishlarini tanqidiy qayta ko‘rib chiqish borasida amaliy qadamlar sezilayotgani yo‘q, desam, noto‘g‘ri gapirmagan bo‘laman.
Shu o‘rinda bir mulohazani bayon etmoqchiman. Real ma’naviy ahvolimiz «manzara»larini bizda fandan ko‘ra adabiyot va san’at jabhasi ertaroq, o‘sha «oshkoralik» zamonlaridan-da oldinroq anglagan va uni poetik uslubda ko‘rsatishga harakat qilgan edi. Misol uchun, o‘tgan asrning 80-yillarida zamonasining mashhur rejissyori Mark Vayl «Ilxom» teatrida Yevgeniy Shvarsning «Ajdarho» ertagini sahnalashtirgandi. Ushbu majozga qurilgan asarda shahar odamlari o‘zlari quli bo‘lgan keksa ajdarhoni o‘ldirgani kelgan bahodirga qarshi chiqadi. Sabab: ular bandilikka ko‘nikib qolishganida edi... Albatta, allegoriyalar o‘z-o‘zidan tug‘ilmaydi. Va Vayl ham turg‘unlik yillarida bu asarga bekorga murojaat qilmagandi. Biroq hozir gap adabiyot yoki san’at janrlari va yana metamorfozalar dramatizmi haqida emas, masala oradan deyarli qirq yil o‘tayotgan bo‘lsa-da, biz uchun mudom ayni mavzuning eskirmay qolayotganida.
Ammo qiziq paradoks shundaki, biz shu holimizcha ham demokratiyaning yuksak andozalarini talab etib xarxasha qilamiz, ba’zan. Qozog‘istonlik juda mashhur siyosatchi bir zamonlar kinoya bilan «Amerikadagidek demokratiyani joriy qilishni istardik, lekin Qozog‘istonda shuncha amerikalikni qayerdan topamiz?» deganida katta ehtimol bilan shuni nazarda tutgan bo‘lsa, ajabmas...
Shu mulohazalardan kelib chiqib aytadigan bo‘lsak, bugun bizning oldimizga qo‘yiladigan eng katta va foydali savol «biz demokratiyaga tayyormizmi, yo‘qmi?»dan ko‘ra, ko‘proq «biz dekolonializmni qanday tushunamiz?» bo‘lishi kerakdek taassurot uyg‘otadi odamda.
Ayni ma’noda, matnda foydalanilgan ikki allegoriya vosita o‘laroq maqsadni to‘liq oqlaydi. Taassuf shu yerdaki, nafaqat olim yoki mutaxassis, balki qiziquvchan oddiy inson ham bugun jamiyatimiz «tomiri»ni ushlab, ayni «tashxis» alomatlarini sezishi mumkin. Ha, ko‘pchiligimiz mansub an’anaviy tafakkur Shvars ertagidagi shahar aholisining ajdarhoga muhabbatini favqulodda eslatib yuborishi bilan odamdagi xavotirni kuchaytiradi, ba’zan.
Men bugungi kunlarimizda ham o‘tgan zamonlarni sog‘inadigan, hozirgi yangilanishlar va o‘zgarishlarga kek bilan qaraydigan, gugurtning bir tiyin bo‘lganini miflashtiradigan, erk va ozodlik to‘g‘risida so‘zlovchilarga «kasal»ga qaraganday munosabat qiladigan juda ko‘p odamlarni bilaman. Nafaqat oddiy kishilar, balki amaldor va ziyolilar orasida ham tarixning ortga «evrilishini» pinhona qo‘msaydigan yurtdoshlarimiz o‘ylaganimizdan ham ko‘proq topilishi mumkin. Va bu, hech shubhasiz, o‘zgarishi juda qiyin kechayotgan tafakkur tarzimiz bilan bevosita bog‘liqdir.
III
Yozayotgan maqolamga «inqilob» va «g‘urur» tushunchalarini asosiy g‘oyaviy tayanch sifatida tanlaganim bejiz emas. Zotan, Shavkat Miromonovich bugungacha amalga oshirgan tarixiy yangilanishlar mohiyati yetarlicha ochib berilgani yo‘q. Ayniqsa, bu harakatlardan maqsad jamiyat tafakkurini o‘zgartirish, yangi inson va chin ma’nodagi suveren mamlakatni bunyod etishga qaratilganini hisobga oladigan bo‘lsak, bu yanada yaqqolroq ko‘zga tashlanadi.
Sabab? Sabab shuki, an’anaviy tashviqot vositalarimiz – rasmiy gazetalar, tele va radiokanallar eskicha, odamlarni bezdiradigan formatlardan hali oyog‘ini olgani yo‘q.
Davlat rahbari «milliy kontent» yaratish kerakligi haqida gapirganiga bir necha yil bo‘ldi. Xo‘sh, bu amalga oshdimi? To‘g‘ri, global tarmoq o‘zbek segmentida bugun bir qancha axborot manbalari ko‘zga tashlana boshladi. Ammo biz «jiddiy» deb qaraydigan ko‘pgina internet nashrlari ham hozircha faoliyat ko‘lamini Rossiya – Ukraina, AQSH – Isroil – Eron yoki dunyodagi boshqa geosiyosiy masalalar atrofida shakllantirishga harakat qilishayotir. To‘g‘ri, bu ham muhimdir. Ammo mamlakatimizda, Vatanda bo‘layotgan yangilanishlar va o‘zgarishlarni kim sharhlaydi, odamlarga, jamiyatimizga kim tushuntirib, yetkazib beradi?!
Ba’zan shunday bo‘ladiki, O‘zbekistonda bo‘layotgan fundamental o‘zgarishlar mohiyatini bizning matbuotdan ko‘ra chetdagi mediaplatformalar ta’sirchanroq yoritmoqdami, degan gumonga ham borasan kishi.
Yaqinda shunday nashrlardan birida Qirg‘izistonning birinchi prezidenti ittifoq yiqilib, mintaqa davlatlari mustaqillikni qo‘lga kiritgan ilk yillar haqidagi o‘z fikrini bo‘lishdi. «...Rostini aytsam, 90-yillarda, prezident bo‘lganimda, menda bir shubha bor edi: qirg‘izlar bozor mexanizmlarini o‘zlashtirib keta oladimi, o‘zbeklar bilan raqobatlasha olamizmi, deb ko‘p o‘ylanardim. Chunki mening nazarimda, bozor iqtisodiyotiga o‘tishimiz bilan o‘zbek birodarlar butun Markaziy Osiyoni egallab, boshqaradigandek edi. Sababi, ular sovet davridayoq bunga tayyor bo‘lgan. Ammo barchamiz Islom Karimovdan minnatdor bo‘lishimiz kerak. U kishi o‘zbeklarni dunyodan ajratib qo‘ydi. Shu bilan qirg‘iz va qozoqlarga imkoniyat yaratib berdi. Shuning uchun Qirg‘izistonda Islom Karimovga haykal o‘rnatgan bo‘lardim. U bizga yo‘l ochib bergani uchun qirg‘izlar bozor mexanizmlarini o‘zlashtirib oldi. Agar raqobat bo‘lib, Islom Karimov O‘zbekistonni ochib qo‘yganda edi, mana, hozir Mirziyoyev kabi dunyoga ochilganda edi, biz ular bilan raqobatlasha olmas edik».
Albatta, Akayevning ushbu fikrlari bilan yuz foiz kelishib bo‘lmas, biroq masalaga xolis qarasak, u o‘sha yillardagi vaziyatni o‘zi ko‘rgan, ishtirokchisi bo‘lgan inson sifatida baholagan. Qolaversa, u o‘z xotiralari bilan bugun qo‘shni O‘zbekistonda bo‘layotgan inqilobiy o‘zgarishlarning qiymatini aniq qilib ko‘rsatib bergan.
Haqiqat shunday narsaki, ba’zan u odamni to‘g‘ri gapni aytishga undaydi. O‘zbekistonni tanqid qiladiganlar ko‘p hollarda «o‘tgan ma’muriyat faoliyatiga siyosiy baho berilmayotir» degan aybni yopishtirishga urinishadi. Tashqaridan qaraganda, bu gapda jon bor: mamlakatimiz bugun yangi yo‘lga kirdi. Prezidentimiz juda ko‘p bor aytganlaridek, O‘zbekiston kechagi O‘zbekiston emas. Lekin har qanday siyosiy qadriyatlardan-da chuqurroq va ayni paytda qadrliroq bir ruhoniy boylik bor. Bu chin ma’nodagi o‘zbek xarakteri bilan bog‘liq jihat, deyishimiz mumkin. Kechagi kunni so‘kmay, xatolardan saboq chiqarish garchi bugungi kunlarimizda kamyoblashib borayotgan bo‘lsa-da, millatimizga xos xislat. Yaqin tariximizda juda ko‘p «polittexnologiya»lardan foydalandik. Jamiyatni shiorlarga burkadik, qo‘shnilar bilan ba’zan ochiq, ba’zan pinhona «san-man»ga bordik. Lekin nima bo‘ldi? Shu bilan baxtli bo‘lib ketdikmi?!
Eng yomon tomoni, o‘sha sovet zamonlarida respublikani boshqargan rahbarlarning birortasi bizning «targ‘ibot mashina»larimizdan «butun» chiqmadi. Hammasini «mayib» qildik. Nomlarini o‘chirib tashlashga harakat qildik va oxir-oqibat o‘zimiz uchun noqulay manzara yaratdik. Aslida tarixni yozishni tarix ilmining o‘ziga qoldirgan ma’qul...
Mayli, hozir gap bu masalada emas. Men birovni qoralamasdan, turli darajadagi siyosiy mif-dushman personajlarni ijod qilmasdan ham ishlash va natija ko‘rsatish mumkin ekanini ifoda qilish uchun bu gaplarni aytdim.
Gap boshlaganim matbuotimiz, uning bugungi faoliyatiga qaytadigan bo‘lsak, tabiiyki, bir jihatni unutmasligimiz kerak: biz XXI asrda yashayapmiz. Dunyo juda tez o‘zgarmoqda. Biroq biz axborot siyosati masalasidagi ishlarimizni zamonga hamon moslab ololmayapmiz. Bugun ko‘pchilik gazeta va rasmiy telekanallar o‘z auditoriyasini yo‘qotdi, degan haqli e’tirozlarning asosiy sababi shu, menimcha. Buning esa davlat siyosatiga sezilarli ta’siri bor. Chunki bugun olib borilayotgan islohotlarni jamiyat va xalqqa yetkazib berishda asosiy vazifa ular zimmasida. Matbuot va uning bugungi professional saviyasi haqida gapirganda bir jihatni hisobga olish kerak bo‘ladi. Bu ko‘proq biz tahlilga tortayotgan hadik bilan bevosita bog‘liq, nazarimda. Tepadan «imlov» kutish, yuqoridan kimdir aytmaguncha mustaqil harakatdan tiyilib turish matbuotimiz uchun mudom eng to‘g‘ri yo‘l hisoblanadi. Qolaversa, eski davr sinovidan o‘tgan an’anaviy va eng xavfsiz usul – quruq maqtov, madhiyabozligu, ura-urachilik ham uning o‘quvchi va tomoshabinlardan uzoqlashtirayotgan sabablardan biri bo‘lishi mumkin.
Nega buni gapiryapman, chunki matbuotimiz, ayniqsa, rasmiy OAV mana shu o‘zgarishlar jarayonini chuqur his qilmayotir, nazarimda. E’tibor berib kuzatsangiz, bosh ekranlarimizda, katta gazetalarimiz sahifalarida faqat bir xil odamlar gapiradi, yozadi... Buning ustiga ritorika ham, «romantizm» ham o‘zgarmagan, 20 yil oldin qanday bo‘lsa, shunday... Tabiiyki, bunday sharoitda o‘quvchi-yu tomoshabinni ayblab bo‘lmaydi. Va shu sabab bizning «targ‘ibot siyosatimiz» jamiyatda ma’lum ma’noda o‘z aksilta’sirini ko‘rsatib kelmoqda.
Aslida, Prezident amalga oshirayotgan ishlar malakali mutaxassislar, analitiklar tomonidan mufassal sharhlansa, davlat rahbari ma’ruzalari, joylardagi chiqishlari, oddiy odamlar davrasidagi fikrlari yuqori intellektual doiralar tomonidan tahlil qilib berilsa, shuning o‘zi yetarli.
Hozir o‘rni bo‘lmasa-da, bir gapni aytaman. Bir necha yil oldin «uchar faollar»dan bir guruhi yig‘ilib, shaxsan Prezidentga maktub yo‘llashadi. Xatning mazmuni shundayki, siz davlatimizning yuksak mukofotlaridan biriga munosibsiz, ruxsat bersangiz, nomzodingizni komissiyaga kiritsak... O‘sha voqeadan keyin Shavkat Miromonovich «Atrofimda yurgan odamlarki mening qalbimda nima borligini tushunmasa, yana kimdan xafa bo‘lishim kerak», degan edilar...
Haqiqatan ham, Prezidentimiz ko‘p bor aytganidek, rahbar uchun odamlarni rozi qilishdan yuksak mukofotning o‘zi yo‘q. U kishidan «Men oddiy odamlar, o‘g‘il-qizlarimiz yuz-ko‘zlarida quvonchni ko‘rsam, ularning bu hayotdan roziligini ilg‘asam, shuning o‘zi mening baxtim. Menga bundan ortiq mukofot ham, maqtov ham kerak emas» degan gaplarni juda ko‘p bor eshitganman va ushbu so‘zlarning qat’iy hamda samimiyligiga hech qachon shubha qilmaganman.
Holbuki, Shavkat Miromonovich ham sovet zamonlarini, ko‘kraklari mamlakatning eng yuksak orden-medallari bilan to‘lib ketgan o‘sha davr rahbarlarining ko‘pini ko‘rgan. Ammo bunday tarzdagi e’tirofdan o‘z xalqining roziligini, chinakam baxtu saodatini doim afzal bildi. U kishining boshqalardan farqi ham aslida shunda. Bu insoniy xarakter, odamlarga mehr hamda cheksiz samimiyat mening qalbimda doimo g‘urur tuyg‘usini uyg‘otib kelgan.
O‘z Prezidentidan G‘URURLANISH tuyg‘usi mening qalbimda shunday alangalangan.
IV
Xabaringiz bor, bu yil mustaqillik bayrami «Yangi Toshkent»da o‘tkazildi. Ba’zi birovlar bu harakatni davlat populizmi bilan bog‘lashdi. Menimcha esa, unday emas. Prezidentning bundan ko‘zlagan maqsadi ushbu taxminlardan yuz chandon yuksak va samimiyroq. Masalan, mamlakatning siyosiy bayramini yangi qurilayotgan shahar bag‘rida o‘tkazish faqat bir necha ma’muriy va ta’lim inshootlari hamda Ginnes rekordlar kitobiga kirgan favvorani foydalanishga topshirish yo ko‘z-ko‘z qilishdan iborat edi, deb xayol qilish juda kulgili bo‘lar edi.
Davlat rahbari qurilayotgan ushbu shaharni nafaqat odamlar istiqomat qiladigan zamonaviy bir megapolis, balki yangi dunyo, yangicha tafakkur va ozod odamni ifodalovchi tarixiy bir g‘oya timsoli sifatida ko‘rishini men juda ko‘p bor sezganman. Mana, yaqinda u kishi bu yerga yana tashrif buyurdi hamda faollar, tijoratchi va investorlar bilan uchrashuvda «Yangi Toshkent – o‘zimizniki!» degan chaqiriqni o‘rtaga tashladi hamda shahar hududidan poytaxt tumanlari va viloyatlar uchun hozircha 100 gektardan yer ajratib berilishini ma’lum qildi. Sizningcha, bu nimani anglatadi?
Agar biz 100-120 yillik tariximizni o‘rganadigan bo‘lsak, millat sifatida juda kam hollarda jipslashganimizni ko‘rishimiz mumkin. Urug‘-aymoqchilik, mayda etnik ayirmachilik, mahalliychilik... Milliy traditsionalizmning bunday xavfli va zararli ko‘rinishlari biz bilan bugungacha «yashab» kelayotganini kim inkor etadi. Hozirgacha «shaharlik», «qishloqlik» degan sifatlov turi yerdan oyog‘ini uzmaganini uncha zukko bo‘lmagan odam ham sezadi. Poytaxt markazchiligi haqida-ku, mutlaqo gapirmasa ham bo‘ladi. U bu borada, umuman, barcha masalada dominant maqomga ega edi. Toshkentda yashash, toshkentlik bo‘lish mamlakat fuqarosi uchun eng yuqori ijtimoiy rutba – oqsuyaklik maqomini berardi go‘yo. Mamlakat boshkentidan boshlangan ayni vertikal ma’muriy hududlar – viloyatlar bo‘ylab ham keng yoyilgandi. Xullas, markaz alohida ham madaniy, ham iqtisodiy jihatdan keng ustuvorliklarga ega edi. Holbuki, shunday bir sharoitda mamlakat aholisining yarmidan ko‘pi qishloqlarda istiqomat qilishardi...
Xo‘sh, nima deb o‘ylaysiz, ahvolning bundayligini, mamlakat aholisi, ya’ni xalq bir necha ijtimoiy tabaqalarga bo‘linib qolganini hech kim bilmasmidi?
Menimcha, buni hammamiz tushunardik, yaxshi bilardik. Faqat uzoq vaqt ko‘rmaganga oldik. Buning esa ko‘plab sabablari bor edi...
V
So‘nggi o‘n yillikda amalga oshirilgan va tez yodimizdan ko‘tarilgan dadil islohotlardan biri «propiska» tizimining bekor qilinishi bo‘ldi.
Aslida «propiska» loyihasining rahnamosi Iosif Stalin edi. Grajdanlarni shaxsiy nazorat qilishni kuchaytirish va hokimiyat xavfsizligini ta’minlash maqsadida joriy qilingan ayni tartib deyarli 100 yil (ittifoq tanazzulidan keyin ham) davom etdi.
Insonlarni davlat inventariga aylantirib qo‘ygan bu mexanizmning 2017-yilga kelib bekor qilinishi, albatta, tarixiy jasorat, haqiqiy INQILOB edi. Biroq hozir gap bu haqda emas. So‘zimiz postkommunistik davr – mustaqillikdan keyin ham ushbu tartibning uzoq muddat amalda qolganida.
Xo‘sh, nega shunday bo‘ldi? Ko‘pchilik buni bugun ham yaxlit ma’noda xavfsizlik hamda siyosiy qudratni asrab qolish ambitsiyasi bilan bog‘laydi. Bo‘lsa, bordir. Ammo shu o‘rinda ko‘zdan panada qolayotgan yana bir omil ham mavjud. Buning manbai katta shaharlar, ayniqsa, poytaxt infratuzilmasiga tushadigan «bosim»dan qochish, demografik «sakrash» (e’tibor bering, 1990-yilda O‘zbekiston aholisi 20,2 million, 2000-yilda 24,5 million, 2010-yilda 28 million, 2020-yilda 33,9 million bo‘lgan. Bugun ushbu nufus 40 millionga yaqinlashdi) hamda aholining shaharlashuvga bo‘lgan tiyiqsiz ishtiyoqini jilovlab turishdek o‘ta nozik tektonik masala bilan bog‘liq edi, deyishga yetarlicha asos topish mumkin.
Mazkur prinsiplarga ko‘ra, «propiska» masalasi sovet davrida markaz – Moskvadan nazoratga olingan bo‘lsa, mustaqillikdan so‘ng Prezident farmonlari bilan bajonidil boshqarildi...
To‘g‘ri, aytganimizday mavzu bu emas. Ammo uning «oqibati» biz aytmoqchi bo‘layotgan hikoyaning mazmuniga juda aloqador. Shu ma’noda gapiradigan bo‘lsak, ushbu masalada Shavkat Mirziyoyev zimmasiga olgan mas’uliyat faqatgina bargrang pasportlarimizning «yashash manzili» degan sahifasiga uriladigan muhrni mahv etishdangina iborat emasdi. Bu yopiq qozon ichidan chiqib, Vataningning istalgan manzilida ish va qo‘nim topish, kengroq ma’noda aytganda, ozod insondek yashash erkinligi degani edi. Ammo deyarli bir asr ta’qib qilingan va cheklangan bu erkinlikni ta’minlash oson ishmidi?!
Navbatdagi mulohazalarimiz ayni savoldan kelib chiqadigan saboq, oqibat va uning natijalari atrofida bo‘ladi.
VI
Bundan atigi o‘n yil ilgariyam matbuotda yoki elitar munozaralarda mamlakatdagi demografik vaziyat haqida juda kam gapirilardi. «Urbanizatsiya», «aglomeratsiya» degan atamalar faqat ilmiy davralardagina ishlatilar, aholining uy-joy masalasi borasidagi diskussiyalariga qo‘shilishidan iloji boricha ehtiyot bo‘linardi.
Bunday «saranjom»lik ortida, hali aytganimizdek, albatta, bir xavotir bor edi: aholining shaharlarga oqib kelishi va aglomeratsiyaga yo‘l ochish o‘z-o‘zidan ulkan ijtimoiy-iqtisodiy muammolarni tug‘dirardi.
Keling, shu o‘rinda ushbu masalaning oqibatini ifodalovchi bir kichik iqtibosdan foydalanamiz. Prezidentimiz 2026-yil 25-fevralda urbanizatsiyaga bag‘ishlab o‘tkazgan yig‘ilishda poytaxt misolida gapirib shunday degan edi: «So‘nggi yillarda poytaxt iqtisodiyoti va aglomeratsiyasi jadal o‘sib, Toshkent shahrining doimiy aholisi 3,1 million nafardan oshdi. Shu bilan birga, 2045-yilga borib, shahar aholisi ikki barobardan ziyodga ortishi прогноз qilinmoqda. Bu esa urbanizatsiya jarayonlarini uy-joy, transport-logistika, muhandislik tarmoqlari hamda ijtimoiy infratuzilmaga tushayotgan yuklamaga mutanosib holda rivojlantirishni talab etadi».
Ushbu fikrlar, o‘ylaymizki, o‘sha davr uchun o‘ta xavotirli bo‘lgan murakkab vaziyat manzarasini ancha oydinroq namoyon etishi mumkin.
To‘g‘ri, xolisona va insof bilan aytganda, shaharni zamonaviylashtirish, yangi markazlar va dahalar qurish haqida orzu-istaklar o‘tgan davrda bo‘lmagan, deyish adolatdan emas. Biroq rejani tor siyosiy hujralardan hayotga ko‘chirish uchun odamda katta siyosiy iroda bo‘lishi kerakligi ham haq gap.
Men mustaqillikning ilk yillarida poytaxtning ikki tumanida rahbar bo‘lib ishlaganman. O‘sha yillari nafaqat qurilish qilish, hatto yorilgan ichimlik suv quvurini almashtirishga ham bitta ekskavator topolmay bir necha kunlab sarson bo‘lganimni yaxshi eslayman. Shu bois Prezidentimiz bugun nafaqat shahar, balki butun mamlakatimiz bo‘ylab olib borayotgan ishlar ko‘lamini ko‘rib, ochig‘i, u kishining g‘ayrat-shijoatiga tan beraman. E’tibor qiling, joriy yilda poytaxtning 12 ta tumani bo‘yicha 9 milliard dollar investitsiya jalb qilish rejalashtirilgan. Bu o‘z-o‘zidan bo‘ladi, deb o‘ylaysizmi?! Yoki mana bu raqamlarga bir ahamiyat qarating: statistikaga ko‘ra, o‘tgan o‘n yilda aholimiz 8 millionga ko‘paydi. Ayni shu davr ichida 650 ming oila yangi uy-joyli bo‘ldi...
Men yuqoriroqda bugun mamlakatdagi bunyodkorlik va bu o‘zgarishlarning odamlar ongu tafakkuriga ta’siri, qolaversa, ijtimoiy siyosat va mafkuralar haqida kengroq to‘xtalaman, degan edim. Haqiqatan ham, insonning yashash tarzi uning dunyoqarashiga ham ta’sir ko‘rsatadi. Bunga yaqin tariximizdan ko‘plab misollarni keltirishimiz mumkin. O‘tgan kunlarimizga qaraydigan bo‘lsak, bizda qurilish, xususan, aholi uchun turarjoylar qurilishi nisbatan tizimli ravishda «qayta qurish» yillarining oxiriga qadar davom etdi va to‘xtadi. So‘ngra «Bankovskiy dom» degan nom ostida poytaxtning ba’zi dahalarida uylar qurildi. Ammo ularni olishga oddiy odamlarning qurbi yetmasdi...
Ochig‘i, aytib o‘tganimizdek, asl muddaodan qat’i nazar qurish, obod qilish, atrofni «gulzorga aylantirish» barcha zamonlarda ham aktual bo‘lgan. Sovet davrida ham bu borada bir nechta yirik davlat dasturlari va qurilish siyosati yo‘nalishlari bo‘lgan. Masalan, «kommunal kvartiralar» (ular bir ro‘zg‘or sifatida emas, balki bir nechta oila yoki shaxs tomonidan umumiy foydalaniladigan xonadonlardir. Bunday uylarda har bir oila alohida xonada yashagan, oshxona, hojatxona, hammom va yo‘lak kabi joylardan esa birgalikda foydalangan) degan bugun ko‘pchilikning esidan chiqib ketgan tushuncha o‘sha siyoсатning bir qismi hisoblanadi.
Ideologiya, real turmush va bu omillarning odamlar tafakkur tarziga ta’siri, uni shakllantirishdagi o‘rni haqida gapirar ekanmiz, ayni nuqta sovet davri maishiy hayotining ijtimoiy eksplikatsiyasi (mohiyatini ochib berish)ga yaxshi misol bo‘la oladi, deyishimiz mumkin. Negaki, kommunal kvartira – faqat uy-joy yetishmovchiligining oqibati emas, balki davlat siyosati, shaharsozlik va xalqning kundalik turmushini bir nuqtada birlashtirgan tarixiy hodisa ham edi. Va yana bunga turli madaniyatlaru urf-odatlarni yagona bir «qaynatuvchi qozon»ga solib, yagona xalq – sovet kishisi fenomenini yaratishga bo‘lgan urinish hosilasi, deb qarasak ham ko‘p xato bo‘lmaydi. Chunki bunday yashash tarzi fuqarolarda «shaxsiy erkinlik», «ozod fikr» kabi hukmron mafkuraga yot tushunchalar shakllanishini cheklar, barchani bir g‘oya yo‘lida birlashtirishga yaxshigina ko‘maklashardi.
«Kommunalka»lardan keyin ayni jabhadagi katta siyosatga 1957-yillarda start beriladi. Aynan o‘sha yili butun mamlakat bo‘ylab uy-joyga bo‘lgan talabni qisqa muddatda kamaytirish maqsadida namunaviy loyihalar asosida ommaviy tarzda ko‘p qavatli, nisbatan arzon uylar qurish bo‘yicha KPSS Markaziy Qo‘mitasi va SSSR Ministrlar Sovetining «SSSRda uy-joy qurilishini rivojlantirish to‘g‘risida»gi qarori chiqariladi.
Tarixda ko‘proq «Xrushyovka uylari» degan nom bilan mashhur bo‘lgan ushbu taжрibа haqida ham ajabtovur hangomalar bor. Eng muhimi, ularning birortasi to‘qima emas. Mana, shulardan biri: sovet zamonida odamlar nima uchun uy devoriga hashamdor gilam osishganini hech o‘ylab ko‘rganmisiz?! Tashqaridan qaraganda, bu shunchaki bir moda yoki estetik qoloqlikday tuyulishi mumkin. Ammo unday emas. Sovet odamlarining boylik ramzi hisoblangan gilamlarning devorlarga qoqilishi muayyan maqsadni ko‘zlab urfga aylangani to‘g‘risida turli gaplar tarqalgan.
O‘tgan asrning 50-60-yillarida katta shaharlarda aholini turar-joy bilan tezroq ta’minlash maqsadida arzon va oddiy loyiha bo‘yicha yoppasiga qurilgan sifatsiz «xrushyovka»larda bu buyum odamlarni ko‘zga ko‘rinmas «dushman»lardan himoya qilardi. Sababi, xonadon devorlari shu darajada yupqa ediki, hatto uydagi shivir-shivir ham qo‘shniga bemalol eshitilar va bu shaxsiy hayot, degan tushunchaga to‘g‘ridan-to‘g‘ri daxl qilardi.
Gilam esa bunda tovush yutgich vazifasini o‘tagan. Qolaversa, momiq jundan to‘qilgan nodir matoh nam va yupqa beton devor osha tashqaridan sizib kiradigan sovuqdan himoyalovchi vosita ham bo‘lgan. Xullas, ko‘pchiligimizning ko‘zimiz o‘rganib ketgan devordagi gilam oddiy dekor emas, balki «quloq» va ayozdan uy egasini himoyalovchi omil ham bo‘lgan...
Albatta, siz ushbu kontekst orqali nimaga ishora qilinayotganini yaxshi tushunib turibsiz. Ha, masalaga chuqurroq yondashsangiz, bu safarbarliklardan maqsad inson baxtu saodatidan ko‘ra ko‘proq hukmron g‘oyaga sadoqat ko‘rsatish bo‘lganini anglaysiz. Qolaversa, ikki qutbli dunyoda sotsializm va kapitalizm o‘rtasidagi tizimlararo raqobat ham ko‘p ko‘zbo‘yamachiliklarga «doya» bo‘lgan. Biroq tarixni qarasangiz, katta siyosatda bu tajriba anchadan buyon mashhur amaliyot ekanini ko‘rishingiz mumkin.
VII
Siyosatchilar tilida «Potyomkin қishлoqlari» degan uchqur ibora bor. Uning kelib chiqishi Chor Rossiyasi tarixi bilan bog‘liq. 1783-yili Qrim rasmiy ravishda imperiya tarkibiga qo‘shib olingach, imperatritsa Yekaterina II yangi periferiyalar bilan tanishish maqsadida mamlakat janubiga yo‘l oladi. Yo‘l-yo‘lakay foytun tuynugidan boqarkan, u o‘tlab yurgan zotdor mollar podasi, otlar uyuri, pichan g‘aramlari yoniga taxlangan mo‘l hosil – don to‘la qoplarni, dalalarda esa ko‘zlarida baxt uchquni chaqnab turgan, bilaklari kuch-g‘ayratga to‘la erkagu ayollar, balalayka sadosi ostida shodon qiyqirishib raqsga tushayotgan yoshlarni ko‘rib quvonadi. Tabiiyki, to‘kinlik va farog‘atchilikni ifodalovchi bu manzara uni zavqlantirgan...
Biroq bularning barchasi illyuziya – hazrati oliyalarining kayfiyatini chog‘ qilish, qolaversa, xorijlik «do‘st»larning hayratini oshirish uchun o‘ylab topilgan nayrang edi: qosh qorayib karvon tunash uchun to‘xtagan mahal «shodumonlik kartinasi» – uyurdagi otlar, mol-holu don o‘rniga qum bilan to‘ldirilgan qoplar va mehnat qilayotgan bashang kiyimli «qishloq odamlari» ustalik bilan yangi manzillar bo‘ylab «joylashtirilardi»...
Bu ajabtovur hangomaning muallifi esa knyaz G. Potyomkin edi... Shubhasiz, buni safarda podshoga hamrohlik qilgan ziyrak elchilar sezishgan. Va ayni hodisa «Potyomkin qishloqlari» atamasining paydo bo‘lishiga, uning soxta farog‘atchilik, ko‘zbo‘yamachilikni ustamonlik bilan ifodalovchi badiiy vosita – metaforik obrazga aylanishiga turtki bergan. Albatta, gap hozir bu voqea bo‘lgan yo bo‘lmaganida emas, balki ushbu qochirim oradan uch yuz yilga yaqin vaqt o‘tib ham o‘z konstanta – asl qiymati va badiiy ifoda ko‘lamini yo‘qotmay qolayotganida.
Xarakteriga ko‘ra, o‘ta elitar bo‘lgan ushbu kinoya bugun ham xalqaro siyosiy doiralarda juda keng va faol qo‘llanilayotgan ekan, demak, bu tajriba mudom «iste’mol»dan chiqmagan. Bunga bir misolni sobiq ittifoq yillari kechgan hayotimizdan keltirdim. Biroq siyosiy qadriyatlar ancha yashovchan bo‘ladi, deganlaridek, eski zamondagi «illyuziyaga ishqibozlik» istiqloldan keyingi davrga ham ko‘chib o‘tdi. Katta yo‘llar, ayniqsa, mehmonlarning ko‘zi tushishi mumkin bo‘lgan kengliklar bir xil tusdagi «tipovoy loyiha»larga to‘ldirildi va bu «izchil islohot» yangi hayot tarzi sifatida jamiyatga taqdim etildi. Bundan tashqari, biz keng va yaydoq dalalar bag‘rida ikki-uch qavatli o‘quv binolari, vrachlik punktlari, madaniyat maskanlari qad ko‘tarishiga ham hayron bo‘lmay qoldik. Chunki 10-20 chaqirim atrofda odam yashamaydigan bunday maskanlar mehmonlar o‘tadigan katta trassalardan juda ravshan ko‘zga tashlanib turishini yaxshi anglardik...
Mayli, qochiriq o‘z yo‘liga. Biroq real fakt shu ediki, bu ishlar xuddi yaraning ustini doka bilan bekitishdek bir gap, ya’ni nari borsa, zaxm ko‘zni chalg‘itib turardi...
Bu boradagi mutlaqo shaxsiy bo‘lgan fikrimni ochiq aytaman, ayni konsepsiya o‘tgan davr ijtimoiy siyosatining yutug‘i bo‘lishi mumkin edi. Chunki niyat, yo‘nalish bor edi. Ammo bizga ayon va noayon turli sabablar ushbu dasturni o‘tgan ma’muriyatning «ijtimoiy-siyosiy vitrina»siga aylantirib qo‘ydi.
Hozir esa sarlavha, aniqrog‘i, asosiy planga chiqarilgan so‘z – «Inqilob» haqida qisqacha gapirmoqchimiz. Zotan, bugun bunga zarurat bor. Bizning kolonial, postkolonial va dekolonial uchburchak ichidagi tafakkur tarzimizni tahlil qilishda ayni terminga «munosabatimiz» ijtimoiy hodisa sifatida muhim o‘rin tutadi.
VIII
Ochiq aytganda, «inqilob» so‘ziga bizda uzoq yillar muxolif atamadek qaralgan. Garchi rasmiy to‘siq bo‘lmasa-da, ayniqsa, siyosiy diskursda bu kalima (bir-ikkita istisnolarni hisobga olmaganda) elitar narrativ va irod qilinadigan nutqlarda deyarli uchramasdi. Shuningdek, jamoatchilik orasida ham uni qo‘llash va ishlatishda hadik bor edi. Va ehtimolki, ayni sabablar uni o‘zining polisemantik xususiyatini yo‘qotib, yakka ma’noli «ot»ga aylanib qolishiga olib keldi. Masalan, sovetlar zamonida ushbu istilohga faqat bir o‘rinda – «Qizil oktabr»ga nisbatan murojaat qilish keng istiqbolli sanalardi: ko‘krakni to‘ldirib «Buyuk Oktyabr inqilobi» deyish sovet grajdanida nafaqat ma’naviy-mafkuraviy yetuklikni, balki tuzumga bo‘lgan sadoqatni ham anglatardi.
Albatta, bu tushunarli. Biroq oradan vaqtlar o‘tdi, e’tiqod va qarashlar o‘zgardi hamki «Inqilob» xoh yozma, xoh og‘zaki nutqlarda bo‘lsin, favqulodda «ommalashib» ketmadi, balki iste’mol doirasi yanada torayib, o‘zining «tektonik» xususiyatini saqlab qoldi. Bir so‘z bilan aytganda, mustamlakachilik madaniyati va siyosiy muhitida «toblangan» bu so‘z erkinlik va mustaqillik zamonlariga ham o‘z merosi bilan «ko‘chib» o‘tdi. Ayniqsa, it egasini tanimay qolgan o‘tgan asrning 80-yillaridagi «qayta qurish va oshkoralik» hamda 90-yillardagi «milliy turg‘unlik» zamonlarida u badniyatli va hukmron siyosatga yot kayfiyatli odamlar ishlatadigan buzmakor so‘z(tushuncha)dek malakalandi...
Biroq xatolik so‘zda edimi yoki bizning siyosiy madaniyatimiz va tafakkurimizda?!
Mohiyatan o‘ta ritorik bo‘lgan ushbu savol, yuqorida aytganimizdek, jamiyatimiz, turmushimiz va ongimizda bugun kechayotgan o‘zgarishlarga javob qidirishga chorlashi bilan ham nihoyatda qiymatli, deb o‘ylayman. Yopiq jamiyat va biqiq muhit nafaqat insonni, balki so‘zlar va tuyg‘ularni ham jilovlagan davrlarni ko‘rdik. Misol uchun bugun anglayapmizki, hozir muhokama qilayotganimiz terminning yondoshi faqat «Oktyabr» yoki «buzg‘unchilik» emas ekan.
O‘zi umuman, izohli lug‘atlarda inqilob (arabcha – o‘zgarish) so‘ziga shunday ta’rif berilgan: 1. ...jamiyat hayoti va uning sohalarida bo‘ladigan o‘zgarish, tubdan o‘zgarish. 2. Bir ijtimoiy tuzumni boshqasi bilan almashtirish orqali bo‘ladigan o‘zgarish; to‘ntarish...
Biz uzoq vaqt mobaynida ushbu tasnifning faqat ikkinchisini qabul qildik. Birinchi tushunchaga tayanib yashash, hayotimizni shu maslak atrofida barpo qilishga siyosiй irodamiz ham, kuch-qudratimiz ham yetmadi, menimcha. Masalan, «yangi uy qurmay eskisini buzma» deganga o‘xshash shiorlar, (shiorlar bizda alohida tadqiq etishga arziydigan mavzu) sizningcha, nimaga ishora qilar edi?! Ha, u tizimni o‘zgartirmay, eskiligicha saqlab qolishni nazarda tutardi. Bunday sharoitda, albatta, har qanday inqilob haqida gapirish nafaqat yoqimsiz, balki favqulodda xavfli edi. Chunki qalbimizdagi «qurmay turib buzmaslik» istagi o‘ta skepsis – shubhali ekanini o‘zimiz ham sezib turardik.
Favqulodda bu anglov esa uning ortidan yana boshqa gajakdor shiorlar to‘qishga bizni majburladi. Chunki ichimizdagi shubha keng yoyilib ketmasligi, oshkor bo‘lmasligi kerak edi. Ushbu mulohazani oddiy misol bilan sharhlab beradigan bo‘lsam, masalan, «...kelajagi buyuk davlat» degan xitob bilan «Xalqimiz bugun baxtli yashashi kerak» orasida juda katta va o‘ta nozik tafovut borligini ko‘rishimiz mumkin.
Xullas, inqilob istilohining «ozod» etilishi va keng iste’molga kirishiga endilikda tarixiy zarurat bor. Agar siz bugun Shavkat Mirziyoyev amalga oshirayotgan buyuk o‘zgarishlarni bundan-da chuqurroq ifodalab bera oladigan boshqa bir atama topsangiz, men bunga roziman. Zotan, men ilgari mumkin bo‘lmagan, iloji yo‘q, deb qaralgan imkoniyatlarning birpasda oddiy hodisaga aylanib qolishining o‘zi ham qaysidir ma’noda inqilob belgisi, deb o‘ylayman. Va yana so‘zlar, tushunchalar va tuyg‘ularga yangicha mazmun baxsh etish ham bir INQILOBDIR! Kechagina yoppasiga og‘zi tikilgan jamiyatning «tilga kirishi» ham ayni hodisaning o‘zginasidir...
IX
Katta ishlarning shovqini ham, dovrug‘i ham o‘ziga yarasha bo‘ladi. Shu ma’noda gapiradigan bo‘lsak, bugun ushbu siyosatni tushunayotganlar ham, tushunmasdan yoki jo‘rttaga oyoq tirab talashayotganlar ham topiladi. Ba’zan Shavkat Mirziyoyev nima uchun poytaxtda buncha ko‘p uylar, bu ham yetmaganday, butun bir yangi shahar quryapti, nega viloyatlar markazlarida «Yangi O‘zbekiston» massivlarini barpo etayotir – bu yon-atrofga o‘zini ko‘rsatish – siyosiy populizm emasmi, deydiganlar ham yo‘q emas oramizda.
Bunday kishilarni yaxshi tushunaman va bundan xafa bo‘lishning keragi ham yo‘q. Men, garchi Prezidentimiz hech qayerda ochiq-oshkora aytmagan bo‘lsalar-da, qalblaridagi orzu-istakni juda yaxshi bilaman. Mening xalqim bu yorug‘ dunyoda hech kimdan kam emas, biz jahonga ma’rifat, davlatchilik an’analarini o‘rgatgan xalqmiz va bundan keyin ham saflarning boshida bo‘lishimiz kerak, degan ulug‘ g‘oya u kishining qalbini mudom cho‘g‘lantirib turadi.
Zamonaviy uylar, ko‘cha-yu xiyobonlar bugun nafaqat shaharu qishloqlarimiz ko‘rkini, balki odamlarimiz tafakkurini ham o‘zgartirayotganini barchamiz juda yaxshi anglab turibmiz. Birgina «Yangi Toshkent»ning qurilishi qanchadan-qancha muammoga yechimligini, davlatchilikni yangi o‘zanga solish, erkin va ozod millat yaratish yo‘lidagi inqilobiy harakat ekani haqida hali tarix o‘z so‘zini aytishiga ishonaman.
O‘tmishga qarasangiz, ulusni bir mushtdek jamlagan, davlatini o‘z azmu shijoati bilan qudratli qilgan sultonlar uncha ko‘p emas. Ulardan ushbu ta’rifga eng munosiblaridan biri Sohibqiron Temur edi. Umrining katta qismi ot ustida o‘tgan Temur el ma’murchiligi, yaratuvchilik borasida nafaqat milliy tariximiz, balki kishilik jamiyatida o‘chmas iz qoldirgan jahongirlardan biridir. Bugun insoniyat tan oladigan «Temuriylar davri renessansi» aynan Sohibqiron porloq shaxsiyatining mevasi edi. Samarqandni «yer yuzining sayqali» qilish ishtiyoqi ham aynan u kishining yuragini cho‘g‘dek qizdirgan va bu ish uchun u o‘z poytaxtiga jahonning eng mohir me’morlari, ustalarini jamlagan edi.
Xalqimizda «Oqqan daryo oqmay qolmas» degan hikmat bor. Uning ma’nosini barchamiz yaxshi tushunamiz. Hozir Amir Temur shaxsiyati haqida so‘zlay turib, xayolimda ushbu naqlga ma’nodosh yana bir fikr bosh ko‘tardi: millatning toleidagi cho‘g‘ ko‘milishi, qo‘ri qaytishi mumkin, ammo hech qachon batamom so‘nmaydi. Vaqt kelib, bu olovni yuragi Vatan va Xalq ishqida yonadigan yovqur bir farzand kelib, yana alangalatadi.
Bugun nafaqat poytaxt, balki mamlakatimizning barcha go‘shalarida olib borilayotgan ulkan bunyodkorlik ishlarini ko‘rib odam tarixning ulug‘ murabbiy ekaniga yana bir bor ishonch hosil qiladi. Masalan, birgina «Yangi Toshkent» orzusi global dunyoda tan olingan Dubay, Seul, Syurix, Kopengagen, Shanxay kabi faqatgina postindustrial yoki «yangi urbanistik sivilizatsiya markazi» emas, balki yuzlab yillar mustamlakachilik azoblarini ko‘rgan, o‘zini, o‘zligini deyarli yo‘qotib qo‘yayozgan Vatanimiz va Millatimiz sha’ni, or-nomusini oyoqqa qo‘yish, o‘tmishda buyuk bo‘lgan xalqimizning shonu shuhratini qayta tiklashga qaratilgan jasoratli qadam ekani bilan g‘oyatda ahamiyatlidir. Va Prezidentimiz muhtaram Shavkat Mirziyoyev qalbidagi ayni mardonavorlik, millatparvarlik hamda vatanparvarlik yuragimni cheksiz g‘urur va iftixorga to‘ldiradi.
Biz mudom Siz bilanmiz, Mening Prezidentim, deya faxrlanamiz!
Qudratilla RAFIQOV,
siyosatshunos