“Davlatimiz rahbarining biz bilan uchrashuvi samarali ishlashimizga turtki berdi” – Farhod Abdullayev
Aktyor fikri
O‘zligimizdan g‘urur, yutuqlarimizdan kuch olib, o‘z kinolarimizni yarataylik… Bu so‘zlar zamirida islohotni anglash, ilm-ma’rifat bilan jamiyatga xizmat qilish aks etadi.
Davlatimiz rahbari qaysi soha vakillari bilan uchrashmasin, ma’naviyat masalasiga oid islohotlarning ahamiyatiga alohida e’tibor qaratadilar.
Prezident Shavkat Mirziyoyev 26-oktabr kuni “O‘zbekfilm” kinostudiyasiga uyiga tashrif buyurib, kinematografiya sohasi xodimlari bilan uchrashdi. Sohada amalga oshirilayotgan ishlar va kelgusi rejalarni muhokama qildi.

– Kasbimiz taqozosi bilan premeralar, spektakllar tufayli doimo hayajonda yuramiz. Lekin bugun sal boshqacharoq hayajondaman, – dedi O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist, O‘zbek Milliy akademik drama teatri aktyori Farhod Abdullayev. – Chunki hurmatli Prezidentimizning biz, kinochilar bilan navbatdagi uchrashuvlari bo‘lib o‘tdi. Davlatimiz rahbarining ishlari qanchalar ko‘p bo‘lmasin, biz, kinochilarga yana bir bor vaqt topganlari uchun juda-juda minnatdormiz. Hozir uchrashuv tashkil etilgan muhtasham bino – “Renessans” kino uyi, uning yonidagi “O‘zbekfilm” binosi bir paytlar qanday ahvolda edi, huvullab, sovib yotar edi. Ana shularning hammasiga Prezidentimiz o‘zlari bosh bo‘lib, yechim topdi, sharoitlar yaratib berdilar. Biz shunga labbay deb javob berishimiz kerak, ishlashimiz kerak, Prezidentimizning ko‘zlarini quvontirishimiz kerak. Bu borada qanday ishlar qilamiz, qaysi mavzularda filmlar olishimiz zarur, shular haqida kelishib oldik. Endilikda harakatdamiz.
Bizning yoshimiz katta bo‘lib qoldi, hozir oilani, nevaralarni o‘ylaymiz. Bugun nevaralarimizning ertangi kuni uchun ham xotirjammiz. Shunday ekan, mas’uliyat ham juda katta. Prezidentimizning ko‘ngillaridagidek mehnat qilishimiz kerak. Davlatimiz rahbarining biz bilan uchrashuvi yanada yaxshiroq ishlashga turtki beradi, kuch beradi.
VIDEOSI QUYIDA:
Abdulaziz RUSTAMOV,
Yoqubjon MELIBOEV (video), O‘zA