Sharq allomalari merosi bilimdonlari bellashuvi
Toshkent xalqaro aeroportida “Buyuk Sharq Renessansi” xalqaro olimpiadasining bir guruh ishtirokchilari kutib olinmoqda.
Joriy yilning 5-7-may kunlari poytaxtimizda ilk bor o‘tkaziladigan ushbu nufuzli bilimlar bellashuvi IX-XVI asrlarda Markaziy Osiyo hududida yashab, ijod qilgan buyuk allomalar merosi hamda Sharq Renessansi davriga oid tarixiy obidalarni o‘rganish va targ‘ib qilishga bag‘ishlanadi.

Mazkur xalqaro olimpiada Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi, Fan olimpiadalari markazi, Tashqi ishlar vazirligi, Fanlar akademiyasi Tarix instituti hamda “Ma’rifat” targ‘ibotchilar jamiyati kabi qator tashkilotlar hamkorligida tashkil etilmoqda.
Rejaga ko‘ra, olimpiada an’anaviy tarzda har ikki yilda bir marotaba o‘tkazib boriladi. Bu yilgi bahslarda xorijiy mamlakatlardan kelgan 14-18 yoshli o‘quvchilardan iborat jamoalar ishtirok etmoqda.

Nizomga muvofiq, har bir davlatdan 4 nafar o‘quvchi va bir nafar rahbardan iborat 2 tagacha jamoa qatnashishiga ruxsat berilgan.
Bilimlar bellashuvi ikki bosqichda tashkil etiladi. Birinchi bosqichda o‘quvchilarning Sharq allomalari ijodi va asarlari bo‘yicha bilimlari sinovdan o‘tkazilsa, ikkinchi bosqichda jamoaviy tarzda qur’a yo‘li bilan tanlangan uchta tarixiy obida haqida yozma ish tayyorlanishi ko‘zda tutilgan.
N.Usmonova, O‘zA