“Sharipov lolasi” ortidagi tarix (+video)
Tabiatning sirli va go‘zal tomonlari, undagi yangi o‘simlik turlari haqida akademik, botanik olim Komiljon Tojiboyev bilan suhbatlashdik.
— Siz asosan O‘zbekiston, qolaversa Markaziy Osiyo tabiiy florasidagi yovvoyi o‘simlik turlarini aniqlash va ilmiy jamoaga kiritish bilan shug‘ullanasiz. Hozirgacha taxminan o‘ttizta yangi o‘simlik turini botanika fani xazinasiga taqdim etgan ekansiz. Shu turlar orasida eng muhim va ahamiyatlilari deb qaysilarini misol qilib ko‘rsatasiz?
— Ilmiy faoliyatim davomida o‘ttizga yaqin yangi turni aniqladim. Ularning ayrimlari faqat O‘zbekistonda uchraydi, ayrimlari esa boshqa davlatlardan topildi. Eng birinchi kashfiyotim Farg‘ona vodiysida topilgan yangicha lola turi bo‘ldi.
Mahalliy aholi uni “Gulbarra” deb atardi. Bu turni aniqlash juda ham murakkab bo‘ldi. Mahalliy aholi tomonidan aytilgan ma’lumotlarga ko‘ra, “Gulbarra” deb atalmish o‘simlik Lolalar turkumiga mansub, biroq uning qaysi turiga taalluqli?
Bu savol juda qiziq edi. Uch yil davomida Toshkentdan Farg‘ona vodiysiga - Chust-Pop adirlariga qatnadim.
Birinchi yil uning gulini chorva yeb ketgani yoki boshqa sabab bilan o‘simlikni topolmadim. Keyingi yillarda yo erta kelgan bo‘laman, yoki gullab bo‘lganida o‘simlikni uchrataman. Nihoyat to‘rtinchi yilda o‘simlikning tabiatda gullab turgan maydonlarini topdim va ilmiy tavsifini tayyorladim.
Bu turni esa uzoq yillar davomida Toshkent botanika bog‘ida xizmat qilgan olim – Asadullo Sharipovning sharafiga “Sharipov lolasi” (Tulipa scharipovii) deb nomladim. Ustoz u paytlar hali hayot edi, bu nomni eshitib, juda xursand bo‘lgan.
—“Sharipov lolasi”ning ilmiy xususiyatlari qanday? — Bu lola sariq rangdagi lolalar guruhiga kiradi. Bu guruhning eng asosiy turi Markaziy Osiyoning shimolida — Qozog‘iston, undan tashqari Rossiya, Mo‘g‘ulistonda o‘sadigan Oltoy lolasi (Tulipa altaica) hisoblangan. U sariq lolalar orasida eng qadimiy biologik jihatdan asosiy tur sifatida qaralgan. Biz olib borgan tadqiqotlar Farg‘ona vodiysida topilgan “Sharipov lolasi” bu guruhdagi eng qadimiy tur ekanini ko‘rsatadi. Bu yangilik xalqaro darajada ham tez tarqalib, Angliya, Germaniya va Gollandiyadagi lolashunos olimlar uni munosib etirof etishdi, hatto ayrimlari O‘zbekistonga kelib, uni o‘z ko‘zlari bilan ko‘rishdi.
— Siz aytayotgan ikkinchi kashfiyotingiz turkum darajasida ekan, to‘g‘rimi? — Ha, men uchun eng yaqin bo‘lgan kashfiyotlarimdan biri Ziradoshlar oilasiga mansub yangi turkumni aniqlash bilan bog‘liq. Bu turkum Farg‘ona vodiysidagi Chorkesar havzasining O‘zbekiston va Qirg‘iziston chegarasidagi hududida, 3200–3300 metr balandlikda topildi. O‘zbekistonda turkum darajasidagi ilmiy kashfiyotlar juda kam bo‘lgan, mengacha bu darajadagi ilmiy yangiliklar faqat ikkita bo‘lgan, shu bois bu uchinchi kashfiyot hisoblanadi.
Bu ishda Moskva davlat universitetidan mutaxassislarni ham jalb qildik. Qo‘shimcha tadqiqotlar natijasida mazkur turkum haqiqatan ham yangi ekani xalqaro jurnallarda chop etildi. Ilmiy nomida esa topilgan joy — Qurama aks ettirildi.
— Yangi topilgan turlar xalqaro darajada qanday tasdiqlanadi? Mezonlari qanday?
— Bu savol ko‘p beriladi. Yangi turni xalqaro darajada tan olish qoidalari Xalqaro botanika nomenklaturasi kodeksida aniq belgilangan.
Birinchi muhim sharti – morfologik tavsif tayyorlash. Ya’ni, turning tashqi ko‘rinishi, tuzilishi va boshqa turlardan farqi batafsil yozib chiqiladi. Avvallari turning tavsifi lotin tilida bayon qilingan va bu majburiy talab edi. Keyinchalik tavsifni ingliz tilida tayyorlashga botanika nomenklaturasi kodeski ruxsat berdi. Bu ayrim olimlar uchun biroz yengillik bo‘ldi.
Ikkinchi muhim sharti – yangi turning gerbariy namunasi. Bu “tip namunasi” qaysi gerbariy fondida saqlanayotganini ko‘rsatish hisoblanadi. Men ko‘pincha “tip namunasini” yangi turning “biologik pasporti” deb tushuntiraman. Bu namuna nufuzli gerbariy fondlarida saqlanishi lozim, bu ilmiy ishning ochiqligi va shaffofligini ta’minlaydi.
Shundan keyin barcha ma’lumotlar asosida ilmiy maqola tayyorlanib, xalqaro nufuzli jurnallarda chop etiladi. Ana shundan keyin yangi tur jahon ilm-fani tomonidan tan olinadi.
— Yangi topilgan turlardan biri “Sharofiddin piyozi” deb nomlangan ekan, bu haqida ham to‘xtalsangiz. Bu lola otangiz sharafiga nomlangan ekan to‘g‘rimi?
— Ha, to‘g‘ri aytasiz. Bu Piyozdoshlar oilasi tarkibiga kiradigan yovvoyi piyoz turlaridan biri. Uning nomi hamkasblar taklifiga ko‘ra otam – Sharofiddin Tojiboyev nomlariga qo‘yilgan. Bu otamning O‘zbekistonda botanika fani rivoji va ta’lim sohasida ham uzoq yillar faoliyat olib borganlari e’tirofi sifatida qabul qilinishi to‘g‘ri bo‘lar edi.
Suhbatning to‘liq qismini O‘zAning You Tube sahifasida ko‘rishingiz mumkin.
<iframe width="830" height="467" src="https://www.youtube.com/embed/sqBCyeXfIDM" title="“Sharipov lolasi” ortidagi tarix" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Nigora Rahmonova,
Doniyor Yoqubov (video), Anvarxo‘ja Ahmedov (montaj), O‘zA