Xorazmda “Voice Up – 2026” inklyuziv oromgohi start oldi
Inklyuziv kelajak sari ilk qadam, “Voice Up – 2026” loyihasida viloyatning barcha shahar va tumanlaridan saralab olingan 50 nafar faol, iqtidorli, tashabbuskor yoshlar ishtirok etmoqda. Albatta, ular orasida imkoniyati cheklangan yoshlarning ham borligi loyihaning haqiqiy inklyuziv ruhini namoyon etib, teng imkoniyatlar muhitini yaratishga xizmat qilmoqda.
Dastavval, loyiha ishtirokchilari Urganch shahridagi “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazida tizim faoliyati bilan tanishtirildi.

Shundan so‘ng, Xorazm vohasining eng so‘lim hududida joylashgan Xonqa sanatoriyasiga yo‘l oldi. Ushbu manzilda “Voice Up – 2026” ishtirokchilari tantanali kutib olindi.
Ochilish marosimida Xorazm viloyati hokimi o‘rinbosari S.Saloyev va Ijtimoiy himoya milliy agentligi viloyat boshqarmasi boshlig‘i Sh.Berdiyev ishtirok etib, inklyuziv oromgoh ishtirokchilarini qutladi.

Uch kun davom etadigan tadbir dasturiga muvofiq, oromgoh doirasida turli yo‘nalishlarda mazmunli seminar va treninglar boshlandi.
Malakali mutaxassislar tomonidan o‘tkazilayotgan mashg‘ulotlar yoshlarning shaxsiy rivoji, psixologik barqarorligi va ichki motivatsiyasini mustahkamlashga qaratilgan.

Shuningdek, yetakchilik ko‘nikmalari, jamoa bilan samarali ishlash, zamonaviy fikrlash va tashabbuskorlikni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Interaktiv seminarlar va master-klasslar esa ishtirokchilarga yangi bilim hamda tajribalarni amaliy tarzda egallash imkonini beradi.

Ahmadjon Shokirov, O‘zA muxbiri