Shanxay – Toshkent havo qatnovi yo‘lga qo‘yildi
O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasida havo aloqasi yanada kengaymoqda. Dunyoning yirik aviatashuvchilaridan biri "China Eastern Airlines" kompaniyasi Shanxay – Toshkent – Shanxay yo‘nalishi bo‘yicha ilk muntazam reysini muvaffaqiyatli amalga oshirdi. Chin megapolisidan uchgan "MU6037" reysi 30-mart kuni soat 18:00 da poytaxtimizga qo‘ndi. An’anaga ko‘ra, 265 yo‘lovchisi bo‘lgan uchoq tantanali kutib olindi. Tadbir va tarixiy parvoz ishtirokchilari uchun bayramona muhit yaratildi.
Mazkur yo‘nalish ikki davlat fuqarolariga qimmatli vaqtni tejash, sayohatni yanada qulay rejalashtirish imkonini beradi. Qatnov haftasiga to‘rt marta – dushanba, seshanba, payshanba va shanba kunlariga belgilangan. Zamonaviy, keng "Airbus A330" samolyotlarida parvoz taxminan 8 soat davom etadi.
Yangi reys sayyohlar bilan birga tadbirkorlar uchun ham juda qulay. Shanxay nafaqat Xitoy, balki jahonning yirik moliyaviy markazlaridan biri hisoblanadi. Demak, endi mamlakatlarimiz o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlik yanada mustahkamlanishi tabiiy.
1988-yil tashkil etilgan, qarorgohi Shanxayda joylashgan "China Eastern Airlines" jahon miqyosidagi nufuzli aviakompaniyalardan biri sifatida tan olingan.
F.Yaxshiboyeva, O‘zA