Yurtimizda Navro‘z shukuhi davom etmoqda
Poytaxtimizning Yunusobod tumanida Toshkent shahar hokimligi hamkorligida Navro‘z umumxalq bayrami munosabati bilan keng ko‘lamli bayram tadbiri tashkil etildi. Unda mahalla ahli, faol xotin-qizlar hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar tufayli inson qadri, uning huquq va manfaatlarini ta’minlash, xalqimiz farovonligini oshirish, jamiyatda tinchlik, do‘stlik va hamjihatlik muhitini mustahkamlash yo‘lida ulkan qadamlar tashlanmoqda. Bularning barchasi qadimiy tarix va an’analarga ega bo‘lgan sharqona yangi yil bayrami – Navro‘zi olamning insonparvarlik mohiyati, uning bag‘rikenglik, saxovat va mehr-oqibat kabi azaliy qadriyatlari ahamiyatini yanada yuksaltirmoqda.

Tashkil etilgan ushbu saylda ham milliy an’analarimizni asrab-avaylash va yosh avlodga yetkazishga alohida e’tibor qaratildi. Xususan, tajribali buvijonlar nabiralari bilan birgalikda milliy taomlar tayyorlab, ularning pishirish sir-asrorlarini o‘rgatdi. Shuningdek, tadbir doirasida ijro etilgan dilrabo qo‘shiqlar va sho‘x raqslar ishtirokchilarga ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishladi.

Yoshlar o‘rtasida o‘tkazilgan milliy xalq o‘yinlari esa bayram zavqini yanada oshirib, an’analarimizga bo‘lgan qiziqishni mustahkamladi.

Mazkur bayram tadbiri Navro‘zning asl mohiyati — birdamlik, saxovat va ajdodlar merosiga sadoqat g‘oyalarini yana bir bor yorqin namoyon etdi.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA