Shahrisabzga “Butunjahon hunarmandlar shahri” maqomi berildi
Shahrisabz shahrida 13–15-avgust kunlari bo‘lib o‘tgan “Iroqi” xalqaro kashtachilik festivali milliy hunarmandchilik san’atini targ‘ib qilish, uning xalqaro nufuzini oshirish va ustalar o‘rtasida tajriba almashish uchun muhim maydonga aylandi.
Festival doirasida tashkil etilgan ko‘rgazmalar, mahorat darslari, ijodiy uchrashuvlar va ilmiy-amaliy tadbirlarda mahalliy hamda xorijiy hunarmandlar ishtirok etdi. Tadbirning eng muhim voqeasi esa Shahrisabz shahriga Butunjahon hunarmandlar kengashining “Butunjahon hunarmandlar shahri” maqomini beruvchi sertifikatning tantanali ravishda topshirilishi bo‘ldi.
Mazkur e’tirof Shahrisabzda asrlar davomida avloddan-avlodga o‘tib kelayotgan milliy hunarmandchilik an’analari, ayniqsa, mashhur iroqi kashtachilik san’atining xalqaro miqyosda yuksak baholanganidan dalolat beradi. Shu bilan O‘zbekistonda ushbu nufuzli maqomga ega shaharlar safi yana bittaga kengaydi.
Festival doirasida “Ipak kashta jilosi” respublika ko‘rik-tanlovi ham o‘tkazilib, bir qator nominatsiyalar bo‘yicha eng faol va iqtidorli kashtado‘zlar taqdirlandi.
“Ipak kashta mahsulotlarini eng ko‘p eksport qilgan tadbirkor” nominatsiyasida Sanjar Nazarov birinchi, Latif Sadriddinov ikkinchi va Mavluda Hamdamova uchinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi.
“Eng mohir yosh kashtado‘z” nominatsiyasi g‘olibligi Parizod Xolmahmudovaga nasib etdi. Ikkinchi o‘rinni qoraqalpog‘istonlik Mehrigul Amaniyazova, uchinchi o‘rinni esa Fotima Asadova egalladi.
“Xotin-qizlar bandligini ta’minlagan eng faol kashtado‘z” nominatsiyasida Saodat Fayziyeva birinchi, Dilfuza Rahmonova ikkinchi va Nilufar Jo‘rayeva uchinchi o‘ringa munosib ko‘rildi.
“Eng mashhur milliy brend yaratgan kashtado‘z” nominatsiyasida Tojikiston vakili Munira Akilova g‘olib deb topildi. Ushbu nominatsiyada o‘zbekistonlik Saodat Nizomova ikkinchi, turkmanistonlik Leyli Xaitova uchinchi o‘rinni egalladi.
“Eng yaxshi kreativ mahsulot yaratgan kashtado‘z” nominatsiyasida birinchi o‘rin Nargiza Sherxo‘jayevaga nasib etdi. Ikkinchi va uchinchi o‘rinlar mos ravishda Turkiya va Qozog‘iston vakillari Nozik Gulduz hamda Aydoz Nurjamolga berildi.
Festivalning eng oliy mukofoti hisoblangan “Eng yaxshi kashtado‘z” nominatsiyasi g‘olibi Gulnora Adilova bo‘ldi. Zuhra Obloberdiyeva ikkinchi, Sayyora Turduqulova esa uchinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi. G‘oliblarni taqdirlash marosimida Butunjahon hunarmandlar kengashi prezidenti Saad Al-Qaddumiy ishtirok etdi.
Festival doirasida Qashqadaryo viloyati hokimi Murotjon Azimov Butunjahon hunarmandlar kengashi prezidenti Saad Al-Qaddumiy bilan uchrashdi. Muloqotda hunarmandchilikni yanada rivojlantirish, mahalliy ustalarning xorijda ta’lim olishi va malaka oshirish imkoniyatlarini kengaytirish, Qashqadaryo hunarmandlarining xalqaro festival va ko‘rgazmalardagi ishtirokini kuchaytirish masalalari muhokama qilindi.
Tomonlar hunarmandlarni qo‘llab-quvvatlash, milliy mahsulotlarni xalqaro bozorlarda keng targ‘ib qilish hamda viloyatning boy hunarmandchilik an’analarini dunyo jamoatchiligiga keng tanitish bo‘yicha hamkorlikni yanada mustahkamlashga kelishib oldi.
Festival yakunlari Shahrisabzning nafaqat tarixiy va madaniy markaz, balki xalqaro miqyosda tan olingan hunarmandchilik shahri sifatidagi maqomini yanada mustahkamladi.
[gallery-30927]
O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat),
O‘zA muxbirlari