Shaharsozlik qarorlari ilmiy tahlillar asosida qabul qilinishi lozim
Urbanizatsiya va uy-joy bozorini barqaror rivojlantirish milliy qo‘mitasi tashabbusi bilan Urbanizatsiya va shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiqish respublika markazida navbatdagi ekspertlar kengashi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Unda bosh loyiha institutlari rahbarlari, urbanistlar, arxitektorlar, shaharsozlik sohasida faoliyat yuritayotgan olimlar hamda mutaxassislar ishtirok etdi.
Uchrashuv davomida mamlakatimizda urbanizatsiya jarayonlarini samarali boshqarish, shaharsozlik sohasida zamonaviy yondashuvlarni joriy etish hamda Prezident tomonidan Milliy qo‘mita oldiga qo‘yilgan vazifalar ijrosini ta’minlash masalalari muhokama qilindi. Shuningdek, arxitektura va shaharsozlik amaliyotini takomillashtirish, shaharlarni barqaror rivojlantirishga qaratilgan tashabbuslar yuzasidan fikr almashildi.

Muloqotda olimlar va mutaxassislar tomonidan mamlakatda urbanizatsiya darajasini chuqur tahlil qilish, sohadagi mavjud muammolarni ilmiy asosda o‘rganish hamda bosh loyiha institutlarida ilmiy-tadqiqot bo‘limlari faoliyatini kuchaytirish masalalari yuzasidan qator taklif va mulohazalar bildirildi. Xususan, shaharsozlik sohasida qabul qilinayotgan qarorlar chuqur ilmiy tahlillar, statistik ma’lumotlar va zamonaviy urbanistik tadqiqotlar asosida shakllanishi zarurligi ta’kidlandi.
Bu kabi yondashuv shaharlar infratuzilmasini mukammal rejalashtirish, aholi sonining o‘sishi va ichki migratsiya jarayonlarini inobatga olgan holda uy-joy qurilishini muvofiqlashtirish, shuningdek, transport, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari hamda ijtimoiy ob’ektlarni kompleks rivojlantirishga xizmat qiladi.
Yig‘ilish yakunida sohani yanada takomillashtirishga qaratilgan takliflar umumlashtirilib, kelgusi uchrashuvlarda muhokama qilinishi rejalashtirilgan ustuvor masalalar yuzasidan kelishuvga erishildi.
Sh.Mamaturopova, O‘zA