O‘zbekiston — Qozog‘iston: hamkorlik aloqalari mustahkamlanmoqda
Buxoro shahrida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi hamda Qozog‘iston Respublikasi Parlamenti Majilisi o‘rtasidagi Parlamentlararo hamkorlik kengashining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Unda delegatsiya rahbarlari o‘tgan yili Olmaota shahrida o‘tkazilgan yig‘ilishdan so‘ng Buxoroda tashkil etilgan mazkur uchrashuvda ko‘rib chiqilgan masalalar yuzasidan axborot berdi.
Yig‘ilish davomida davlatlar o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlar, shuningdek, ikki mamlakat Prezidentlari o‘rtasida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirishda parlamentlar oldida turgan vazifalar xususida atroflicha fikr almashildi.

Ta’kidlanganidek, so‘nggi yillarda davlat rahbarlarining qat’iy siyosiy irodasi va oliy darajadagi muntazam uchrashuvlari natijasida O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi yaxshi qo‘shnichilik, strategik sheriklik hamda ittifoqchilik munosabatlari yangi bosqichga ko‘tarildi. Bugungi kunda ko‘p qirrali hamkorlik barcha sohalarda izchil rivojlanib bormoqda.
Ikki davlat Prezidentlari parlamentlararo aloqalarni yanada rivojlantirishga alohida e’tibor qaratmoqda. Bu yo‘nalishdagi tashabbuslarni samarali amalga oshirish va parlamentlar rolini kuchaytirish maqsadida o‘zaro munosabatlar Parlamentlararo hamkorlik kengashi darajasiga ko‘tarilgani alohida ahamiyatga ega.
O‘zbekiston va Qozog‘iston parlamentlari a’zolari erishilgan oliy darajadagi kelishuvlarning qonunchilik asoslarini mustahkamlashga ustuvor ahamiyat qaratmoqda.

Yig‘ilishda Parlamentlararo hamkorlik kengashi a’zolari tomonidan ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalar, qishloq xo‘jaligi sohasidagi hamkorlik holati va istiqbollari, ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarni qonunchilik jihatdan ta’minlash masalalari keng muhokama qilindi. Shuningdek, raqamlashtirish, axborot texnologiyalari, madaniy-gumanitar va turizm sohalaridagi hamkorlikni yanada rivojlantirishga alohida e’tibor qaratildi.
Majlis davomida parlamentlararo hamkorlikni yangi mazmun bilan boyitish, qonun ijodkorligi sohasida o‘zaro tajriba almashish masalalari ham ko‘rib chiqildi.
Tomonlar ikki davlat rahbarlari o‘rtasida erishilgan kelishuvlarning ijrosi ustidan doimiy parlament nazoratini o‘rnatishga kelishib oldi.
Zarif Komilov, O‘zA