Seuldagi nufuzli universitet bilan hamkorlik memorandumi imzolandi
Koreya Respublikasida o‘tayotgan "O‘zbekiston madaniyati kunlari" ikki davlat hamkorligini yangi bosqichga olib chiqmoqda. Delegatsiya Seulda san’at va ta’lim sohasidagi aloqalarni chuqurlashtirish uchun muhim qadamlar tashladi.
Prezidentimizning Koreya Respublikasiga amalga oshirgan tashrifi hamkorlikning keng tus olishiga sabab bo‘lmoqda. Xususan, mazkur mamlakat bilan yo‘lga qo‘yilayotgan madaniy aloqalar o‘zbek san’ati rivoji uchun ham yangi bosqich bo‘ladi desak, adashmaymiz.
Ayni kunlarda Koreya Respublikasida "O‘zbekiston madaniyati kunlari" bo‘lib o‘tayotgani ham fikrimizning isbotidir. Madaniyat kunlari doirasida O‘zbekiston Respublikasi madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov boshchiligidagi delegatsiya Seul shahridagi nufuzli oliy ta’lim muassasalaridan biri Sungshin Women’s Universityda bo‘ldi.
Ta’lim muassasasida O‘zbekiston delegatsiyasi hamda Sungshin Women’s University vakillari ishtirokida hamkorlik uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Muloqot davomida O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi tasarrufidagi Yunus Rajabiy nomidagi O‘zbek milliy musiqa san’ati instituti hamda Sungshin Women’s University o‘rtasida tajriba almashish, professor-o‘qituvchilarning malakasini oshirish va stajirovka o‘tashini tashkil etish, shuningdek, talabalar almashinuvi dasturlarini rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Uchrashuv manfaatli kelishuvlarga boy bo‘lib, yakunda Yunus Rajabiy nomidagi O‘zbek milliy musiqa san’ati instituti va Sungshin Women’s University o‘rtasida rektorlar ishtirokida hamkorlik memorandumi imzolandi. Mazkur hujjat ikki ta’lim muassasasi o‘rtasida madaniyat va san’at sohasida ta’lim hamda tajriba almashinuvini rivojlantirish, professor-o‘qituvchilar va talabalar uchun akademik aloqalarni kengaytirish, qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga xizmat qiladi.
Shuningdek, muzokaralar mobaynida O‘zbekiston va Koreya o‘rtasidagi madaniyat va san’at aloqalarini rivojlantirishga qo‘shayotgan hissasi uchun Sungshin Women’s University prezidenti, professor Seong Keun Yiga Yunus Rajabiy nomidagi O‘zbek milliy musiqa san’ati institutining faxriy professori unvoni topshirildi. Ushbu e’tirof ikki mamlakat o‘rtasidagi madaniy-gumanitar aloqalar, o‘zaro hurmat va ishonchni yanada mustahkamlashga qaratilgan hamkorlikning muhim ifodasi bo‘ldi. O‘z navbatida, Seong Keun Yi mazkur faxriy unvonni o‘ziga bildirilgan yuksak ishonch sifatida qabul qilib, minnatdorlik bildirdi.
Rasmiy uchrashuvlardan so‘ng O‘zbekiston delegatsiyasi a’zolari universitetning moddiy-texnik bazasi va ta’lim jarayoni bilan yaqindan tanishdi. Xususan, ovoz yozish studiyasi, grim ustalarini tayyorlash markazi, aktyorlik mahorati uchun mo‘ljallangan auditoriyalar hamda musiqa terapiyasi kafedrasi faoliyati bilan yaqindan tanishildi.
Qayd etish kerakki, tashrif doirasidagi uchrashuv va muloqotlar O‘zbekiston va Koreya Respublikasi o‘rtasida madaniyat, san’at va ta’lim sohalaridagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish, o‘zaro tajriba almashish hamda yosh ijodkorlar uchun yangi imkoniyatlar yaratishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Sherbek Islomov, O‘zA