Seulda «Tech Compatriots Meetup-2026» uchrashuvi o‘tkazildi
Seulda O‘zbekistondan borib, Koreya Respublikasida faoliyat yuritayotgan va tahsil olayotgan IT mutaxassislari, muhandislar, tadbirkorlar hamda texnologik loyihalar asoschilari bir davrada jam bo‘ldi.
O‘zbekiston Respublikasining Seuldagi elchixonasida IT Park Uzbekistan tashabbusi bilan «Tech Compatriots Meetup-2026» uchrashuvi o‘tkazildi. Unda raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov ishtirok etdi. Tadbir davomida IT Park Uzbekistanning Koreya Respublikasidagi rasmiy vakili Daniyar Atadjanov ham tanishtirildi.
Uchrashuvda asosiy e’tibor xorijdagi o‘zbek IT mutaxassislarini O‘zbekiston texnologik muhiti bilan yanada yaqinlashtirishga qaratildi. Xususan, tajriba almashish, qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, xalqaro kompaniyalar bilan hamkorlik qilish va O‘zbekiston IT mahsulotlarini jahon bozoriga olib chiqish imkoniyatlari muhokama qilindi.

Ishtirokchilarga IT Park Uzbekistan ekotizimi, xalqaro kompaniyalar va startaplar uchun yaratilgan imkoniyatlar, sun’iy intellekt va innovatsion texnologiyalarni rivojlantirish istiqbollari, investitsiyaviy imkoniyatlar hamda xalqaro hamkorlik yo‘nalishlari haqida ma’lumot berildi.
Koreyadagi o‘zbek mutaxassislari bugun dunyoning yirik texnologik kompaniyalarida ishlamoqda. Uchrashuvda NVIDIA, Coupang, SendBird, STRATIO, ThunderSoft, Salmon Group, Salm Corp va i2max kabi kompaniyalarda faoliyat yuritayotgan muhandis va ekspertlar, shuningdek, o‘z startaplarini yo‘lga qo‘ygan tadbirkorlar ishtirok etdi.
Ular sun’iy intellekt, kompyuter ko‘rishi, avtonom transport, dasturiy ta’minot, axborot xavfsizligi, fintex, o‘yin yaratish, elektron tijorat va bulutli infratuzilma kabi yo‘nalishlarda ish olib bormoqda.
Tadbirning ochiq muloqot qismida esa O‘zbekiston raqamli iqtisodiyotini rivojlantirish, sun’iy intellekt, elektron hukumat, Enterprise Uzbekistan platformasi imkoniyatlari, vizalar bilan bog‘liq masalalar va xorijdagi vatandoshlarni O‘zbekiston bilan professional hamkorlikka jalb etish masalalari muhokama qilindi.
Koreyada ishlayotgan o‘zbek mutaxassislarining mahalliy muhitga moslashuvi ham e’tibordan chetda qolmadi. Xususan, koreys tilini yaxshiroq o‘zlashtirish, mahalliy biznes va texnologik muhitga yanada chuqurroq integratsiyalashish bo‘yicha fikrlar bildirildi.
Nigora Rahmonova, O‘zA