Sergey Fomin va Kamilla Rahimova nufuzli turnirlarda qatnashadi
Tennis bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasining birinchi raqamli tennischilari Sergey Fomin va Kamilla Rahimova joriy haftada Qozog‘iston va Ispaniya mamlakatlarida o‘tadigan nufuzli musobaqlarda ishtirok etadi.
Jumladan, Qozog‘istonning Chimkent shahrida “Challenger 50” turkumiga kiruvchi “Shymkent 2” xalqaro turnirida Sergey Fomin yakkalik hamda juftlik bellashuvlarida ishtirok etmoqda.
Sergey asosiy to‘rning yakkalik bellashuvlarida niderlandiyalik Yelle Selsga qarshi kortga chiqsa, juftliklar o‘rtasida neytral tennischi Anton Chexov bilan tandemda qozog‘istonlik Timur Saulenko va Arseniy Trebukin duetini sinovdan o‘tkazadi.

Darvoqe, o‘tgan hafta yakunida Sergey Fomin “Shymkent 1” musobaqasining yakkalik bellashuvlarida chempionga aylangan edi.
Xotin-qizlar tennis uyushmasi tomonidan “WTA125” tasnifiga kirnuvchi “Catalonia Open” musobaqasiga Ispaniyaning La-Bisbal-del-Ampurdan shahri mezbonlik qilmoqda. Unda Kamilla Rahimova asosiy to‘r bahslariga tashlangan qur’a natijasiga ko‘ra, ilk bosqichda rossiyalik Yelena Pridankinaga qarshi o‘yin o‘tkazadigan bo‘ldi.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA