Sergeli tumanida 24 soat faoliyat yuritadigan turistik ko‘cha tashkil etiladi
Toshkent shahrining Sergeli tumanida joylashgan Yangi Sergeli ko‘chasi zamonaviy turistik maskanga aylantiriladi. Mazkur loyihani amalga oshirish uchun 5 milliard so‘m mablag‘ ajratilishi belgilandi.
Toshkent shahar hokimi tomonidan 3-iyun kuni imzolangan qarorga muvofiq, Yangi Sergeli ko‘chasi sutka davomida, ya’ni 24 soat faoliyat yuritadigan turistik ko‘cha sifatida tashkil etiladi.
Loyihani moliyalashtirish Tashkent City Development Fund mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi. Ajratilgan mablag‘lar qurilish-ta’mirlash ishlarini bajarish, hududni obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish, shuningdek, zamonaviy shahar infratuzilmasini yaratishga yo‘naltiriladi.
Mutasaddilarning ta’kidlashicha, mazkur tashabbus Sergeli tumanining turistik jozibadorligini oshirish, xizmat ko‘rsatish sohasini rivojlantirish hamda aholi va mehmonlar uchun qulay dam olish muhitini shakllantirishga xizmat qiladi.
Eslatib o‘tamiz, bundan avval Sergeli tumanida gastronomik ko‘cha tashkil etish rejalashtirilayotgani haqida ma’lum qilingan edi. Yangi loyiha mazkur hududning sayyohlik salohiyatini yanada yuksaltirishga qaratilgan navbatdagi muhim qadam sifatida baholanmoqda.
Sh.Mamaturopova,
O‘zA