Energetika sohasida ijobiy dinamika: ishlab chiqarish va iste’mol o‘smoqda
2026-yilning yanvar-may oylarida mamlakatimizda elektr energiyasi ishlab chiqarish va iste’mol qilish hajmlari o‘sish tendensiyasini saqlab qoldi. Energetika vazirligi axborot xizmatining ma’lum qilishicha, ushbu davrda ham ishlab chiqarish, ham iste’mol ko‘rsatkichlarida o‘tgan yilning mos davriga nisbatan ijobiy o‘zgarishlar qayd etilgan.
Joriy yilning yanvar-may oylarida respublikamizda jami 37 milliard 684,2 million kVt⋅soat elektr energiyasi ishlab chiqarildi. Bu 2025-yilning mos davriga nisbatan 2 milliard 57,8 million kVt⋅soatga yoki 5,8 foizga ko‘pni tashkil etdi.
Shu bilan birga, mazkur davrda respublika bo‘yicha elektr energiyasi iste’moli ham oshdi. Xususan, yanvar-may oylarida iste’mol hajmi 36 milliard 317,4 million kVt⋅soatga yetdi. Bu esa o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 1,3 milliard kVt⋅soatga yoki 3,8 foizga ko‘p demakdir.
May oyi ko‘rsatkichlari ham sohadagi ijobiy dinamikani tasdiqlaydi. Ushbu oyda mamlakatda 7 milliard 15,7 million kVt⋅soat elektr energiyasi ishlab chiqarildi. Natijada ishlab chiqarish hajmi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 249,7 million kVt⋅soatga yoki 3,7 foizga oshgan.
Elektr energiyasi iste’moli bo‘yicha ham o‘sish kuzatildi. May oyida respublika iste’moli 6 milliard 782,6 million kVt⋅soatni tashkil qildi. Bu ko‘rsatkich 2025-yil may oyidagi natijaga nisbatan 8 million kVt⋅soatga yoki 0,1 foizga ko‘p bo‘ldi.
Umuman olganda, yilning dastlabki besh oyida qayd etilgan natijalar mamlakatda elektr energiyasiga bo‘lgan talabning ortib borayotgani hamda ushbu ehtiyojni qoplash maqsadida ishlab chiqarish quvvatlari izchil oshirilayotganini ko‘rsatmoqda.
N.Ziyodullayeva,
O‘zA