Sentob sayyohlarning sevimli maskaniga aylanadi
Navoiy viloyati, Nurota tumani markazidan 120 kilometr uzoqda joylashgan Sentob qishlog‘i hududdagi diqqatga sazovor sayyohlik yo‘nalishlaridan biridir.
Sentob Nurota tog‘larining shimoliy yon bag‘rida joylashgan bo‘lib, qo‘shni Jizzax viloyatining Forish tumani bilan chegaradosh. Qariyb 3 ming nafar aholi istiqomat qiladigan bu maskan o‘zining qadim tarixi, madaniy-merosi, o‘tmishi, milliy qadriyatlari va urf-odatlarining bugungi kunga qadar saqlanib qolganligi bilan boshqa qishloqlardan ajralib turadi. Bu yerda noodatiy qal’a bor, ya’ni tosh qo‘rg‘on.
Aytishlaricha, qo‘rg‘on qishloq aholisini yovdan himoya qilgan. Hozirgi kunda qo‘rg‘onning qoldiqlarigina qolgan xolos. Qoya toshlarga ishlangan V-VI asrlarga oid petrogliflar, tog‘ tepasidagi ko‘hna qo‘rg‘on qoldiqlari, XI-XVIII asrlarga oid toshga o‘yilgan yozuvlar hamda qishloqning eng yuqori nuqtasidagi Fozilmon ko‘li manzaralari diqqatga sazovor joylar sanaladi. 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasida Navoiy viloyatida ziyorat va ekoturizm salohiyatidan samarali foydalanish maqsadida Mavlono Orif Deggaroniy nomi bilan ataladigan me’moriy majmuani restavratsiya qilish hamda uni sayyohlik marshrutiga kiritish, Nurota tumanida “Sentob” turizm qishlog‘ini tashkil qilish ko‘zda tutilgan.
Bu yilgi Navro‘z umumxalq bayrami arafasida mazkur qishloq “Turizm qishlog‘i” nomini oldi. bugungi kunda qishloqda 30 dan ortiq tadbirkorlik sub’ektlari faoliyat ko‘rsatib, bu yerda 20 ta oilaviy mehmon uyi, 3 ta xostel hamda 15 turdagi turizm xizmatlari yo‘lga qo‘yildi. Natijada 200 nafarga yaqin ishsiz aholi, xotin-qizlar doimiy ish o‘rinlariga ega bo‘ldi. Ayni paytda qishloqqa Angliya, Fransiya, Avstriya, Rossiya va boshqa davlatlardan xorijiy sayyohlar tashrif buyurmoqda. Birgina joriy yilning yanvar-fevral va mart oyining 1-yarmida 300 ming nafar mahalliy, 2,5 ming nafardan ziyod xorijiy sayyohlar tashrif buyurdi.
[gallery-11044]
— Sayyohlar sonini oshirish hamda ularga qulaylik yaratish maqsadida Sentob qishlog‘i infratuzilmasini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda, – deydi tuman hokimi Azamat Fayoziyev. – Jumladan, qishloqqa olib boruvchi 5 kilometr ichki yo‘l ta’mirlandi, tungi yoritish chiroqlari, 2 ta piyodalar ko‘prigi, 2 ta selfi hudud, 3 ta sanitariya-gigiyena shoxobchasi, Sentob qishlog‘ining ramziy kirish stellaji, 1 ta turistik axborot markazi qurildi. Sentobdagi oilaviy mehmon uylari va xostellarga belgilangan standartlar asosida oilaviy mehmon uyi nomi tushirilgan taxtalardan yo‘l ko‘rsatish belgilari o‘rnatildi. Hududda mavjud 12 ta madaniy meros ob’ektlari va diqqatga sazovor joylar, 15 ta tabiat manzaralari hududlarida obodonlashtirish ishlari amalga oshirilib, 16 ta turizmga ixtisoslashgan ob’ektlar turizm marshrutiga kiritildi.
Bu qishloqda mahalliy va xorijiy sayyohlarning kelishi kecha yoki bugun kuzatilayotgani yo‘q. Qishloqning so‘lim tabiati yil o‘n ikki oy barchaning diqqatini o‘ziga tortadi. Bir bora kelgan kishi yana kelishini niyat qiladi. Buning uchun esa oilaviy mehmon uylari va xostellarda madaniy hordiq chiqarish uchun yetarlicha sharoitlar yaratilgan.
— 2008 yildan buyon xorijlik va mahalliy sayyohlarga xizmat ko‘rsatib kelaman, – deydi “Obi Chashma” xususiy korxonasi rahbari Komil Davronov. – Dastlab 10 o‘rin atrofida joy tayyorlab sayyohlarni qabul qilgan bo‘lsak, bugungi kunda 40 o‘ringa yetkazildi. 6 ta ish o‘rni yaratilgan bo‘lib, 2022 yilda 500 nafarga yaqin sayyohlar kelishdi. Xorijiy davlatlardan asosan Germaniya va Fransiyadan ko‘proq mehmon keldi. Maqsadimiz kelayotgan sayyohlar uchun namunali turizm xizmati ko‘rsatishdir.
Darhaqiqat, qishloq nafaqat so‘lim tabiati bilan, balki madaniy meros ob’ektlari va diqqatga sazovor joylari bilan ham e’tibor markazida. Eski qo‘rg‘on qoldiqlari, qadimgi qal’a, qadimiy g‘orlar, Xo‘ja Muhammad Porso maqbarasi, Xo‘ja Muhammad Savrato maqbarasi, Shirin Ato maqbarasi, suv sathidan 1650 metr balandlikdagi Fozilmon ko‘li, Chashmai Ako bulog‘i, buddizmga oid ibodatxona, Sentobtepa madaniy meros ob’ekti, arab grafikasi ham qadimiy qoyatosh suratlari tushirilgan petrogliflar, Sentob sharsharasi kabilar har doim bu yerga tashrif buyuruvchilarni qiziqtirib kelgan.
— bugungi kunda xonadonlarda mavjud salohiyatdan unumli
foydalangan holda 15 turdagi turizm xizmatlari tashkil etildi, – deydi viloyat turizm va madaniy meros boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Dilshod Xo‘jayev. – Ayni paytda 4 ta oilaviy mehmon uyida basseyn xizmati yo‘lga qo‘yilgan bo‘lsa, yana 6 tasida ishlar olib borilyapti. Mahalliy va xorijlik sayyohlarga qulaylik yaratish maqsadida qishloqning 3 kunlik tur paketi ishlab chiqildi. Aholini tadbirkorlikka keng jalb qilish maqsadida qishloq yoshlaridan 8 nafari biznes yuritish kurslarida o‘qitildi. Xizmat ko‘rsatish yo‘nalishida mahalliy aholi vakillaridan 3 nafariga 94 million so‘m kredit mablag‘i ajratildi Kelgusida Sentob turizm qishlog‘ida joylashtirish vositalari sonini oshirish, yangi xizmat turlarini yo‘lga qo‘yish va ekstremal turizmni rivojlantirish (tog‘larda dor yo‘llari) va bu orqali mahalliy hamda xorijiy sayyohlar sonini yanada ko‘paytirish rejalashtirilgan. Shuningdek, qishloq Butunjahon turizm tashkiloti - UNWTO tomonidan navbatdagi “Eng yaxshi turizm qishlog‘i” loyihasiga nomzod sifatida kiritilgan.
Abduvali Bo‘riyev,
Siroj Aslonov (surat), O‘zA