Sentob – eng yaxshi turizm qishlog‘i
Samarqandda bo‘lib o‘tgan Butunjahon turizm tashkiloti Bosh Assambleyasining 25-sessiyasi doirasida “2023 yilning eng yaxshi turizm qishloqlari”ni taqdirlash marosimida Navoiy viloyati Nurota tumanidagi Sentob qishlog‘i “Eng yaxshi turizm qishlog‘i” deb e’tirof etildi.
Nurota tumani markazidan 120 kilometr uzoqda joylashgan Sentob qishlog‘i hududdagi diqqatga sazovor sayyohlik yo‘nalishlaridan biridir.
Sentob Nurota tog‘larining shimoliy yon bag‘rida joylashgan bo‘lib, qo‘shni Jizzax viloyatining Forish tumani bilan chegaradosh. Qariyb 3 ming nafar aholi istiqomat qiladigan bu maskan o‘zining qadim tarixi, madaniy-merosi, o‘tmishi, milliy qadriyatlari va urf-odatlarining bugungi kunga qadar saqlanib qolganligi bilan boshqa qishloqlardan ajralib turadi.
Qoya toshlarga ishlangan V-VI asrlarga oid petrogliflar, tog‘ tepasidagi ko‘hna qo‘rg‘on qoldiqlari, XI-XVIII asrlarga oid toshga o‘yilgan yozuvlar hamda qishloqning eng yuqori nuqtasidagi Fozilmon ko‘li diqqatga sazovor joylardir.
2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasida Navoiy viloyatida ziyorat va ekoturizm salohiyatidan samarali foydalanish maqsadida Nurota tumanida “Sentob” turizm qishlog‘ini tashkil qilish ko‘zda tutilgan edi.
“Turizm qishlog‘i” maqomini olgan hududda 30 dan ortiq tadbirkorlik sub’ekti faoliyat ko‘rsatib, bu yerda 20 ta oilaviy mehmon uyi, 2 ta mehmonxona hamda 15 turdagi turizm xizmati yo‘lga qo‘yilgan.
[gallery-14170]
Qishloqqa Angliya, Germaniya, Fransiya, Avstriya, Rossiya va boshqa davlatlardan xorijiy sayyohlar tashrif buyurishmoqda. Bu yerga o‘rtacha bir kunda 300 nafar, bir yilda esa qariyb 45 ming nafar sayyoh tashrif buyurmoqda.
Sentob qishlog‘i infratuzilmasini rivojlantirish maqsadida qishloqqa olib boruvchi 5 km ichki yo‘l ta’mirlandi, tungi yoritish chiroqlari, 2 ta piyodalar ko‘prigi, 2 ta selfi hudud, 3 ta sanitariya-gigiyena shoxobchasi, Sentob qishlog‘ining ramziy kirish stellaji, 1 ta turistik axborot markazi qurildi.
Sentobdagi oilaviy mehmon uylari va mehmonxonalarga belgilangan standartlar asosida “Oilaviy mehmon uyi” yozuvi tushirilgan yo‘l ko‘rsatish belgilari o‘rnatilgan. Mavjud 12 ta madaniy meros ob’ekti va diqqatga sazovor joylar, 15 ta tabiat manzarasi hududlarlarida obodonlashtirish ishlari amalga oshirilib, turizm marshrutiga kiritilgan.
Abduvali Bo‘riyev, Siroj Aslonov (surat),
O‘zA muxbirlari