Senatorlar huquqbuzarliklar profilaktikasi va jamoat xavfsizligini ta’minlash masalasiga e’tibor qaratdi
Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi hamda xalq deputatlari Yangihayot tumani kengashining qo‘shma majlisida huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish, jinoyatchilikka qarshi kurashish va korrupsiyaning oldini olish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar natijalari muhokama qilindi.
Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi raisi Q.Burxonov, Senatning Fan, ta’lim va sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasi a’zosi G.Marufova, Soliq qo‘mitasi rahbariyati, xalq deputatlari Yangihayot tumani kengashi deputatlari, mahalliy ijro hokimiyati, huquqni muhofaza qiluvchi organlar hamda mutasaddi idoralar vakillari ishtirok etdi.
Majlisda tuman hokimi, prokurori hamda ichki ishlar organlari rahbarlarining hisobotlari eshitilib, mavjud holat yuzasidan deputatlar tomonidan bir qator masalalar o‘rtaga tashlandi.
Jumladan, tumanda ko‘rilgan chora-tadbirlar natijasida 2026-yilning birinchi yarim yilligida muqaddam sudlangan shaxslar tomonidan sodir etilgan jinoyatlar 50 foiz, yoshlar jinoyati 38 foiz, ayollar jinoyati 25 foiz hamda mast holatda sodir etilgan jinoyatlar 14,2 foizga qisqargan.
Shu bilan birga, ichki ishlar organlari tashabbusi bilan aniqlangan jinoyatlar soni 19 foizga ko‘paygani profilaktika ishlari samaradorligi ortib borayotganidan dalolat beradi.

Muhokama jarayonida ayrim yo‘nalishlarda olib borilayotgan ishlarni yanada kuchaytirish zarurligi qayd etildi. Jumladan, profilaktik tadbirlar ijrosi ustidan ta’sirchan nazoratni ta’minlash, ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi bilan manzilli ishlash, belgilangan vazifalarning axborot platformalarida to‘liq aks ettirilishini ta’minlash hamda mas’ul tashkilotlar o‘rtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash bo‘yicha tegishli vazifalar belgilandi.
Bildirilgan taklif va mulohazalar asosida qo‘shma qaror qabul qilindi va belgilangan vazifalarni amalga oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasi tasdiqlandi.
N.Abduraimova,
O‘zA