Senator so‘rovi: tibbiyot chiqindilari bilan bog‘liq muammolarni hal qilish zarur
Mamlakatimizda aholi salomatligini muhofaza qilish, sanitariya-epidemiologik barqarorlik va ekologik xavfsizlikni ta’minlash, tibbiyot chiqindilarini xavfsiz to‘plash, tashish va zararsizlantirish bo‘yicha muayyan ishlar amalga oshirilmoqda.
Biroq, joylarda senatorlar tomonidan mahalliy kengashlar deputatlari bilan birga o‘tkazilgan o‘rganishlar tibbiyot chiqindilari bilan bog‘liq ayrim muammolar saqlanib qolayotganini ko‘rsatmoqda.
Jumladan, tibbiyot chiqindilarini ochiq usulda yoki maishiy chiqindilar bilan birga yoqish, maishiy chiqindi sifatida sanitariya-tozalash korxonalariga topshirish kabi holatlar uchrab turibdi.
Shularni hisobga olgan holda Senatning Agrar, suv xo‘jaligi masalalari va ekologiya qo‘mitasi raisi A.To‘ychiyev sog‘liqni saqlash vaziriga senator so‘rovi yubordi.
Senator so‘rovida tibbiyot chiqindilarining kunlik hajmi bo‘yicha yagona elektron hisobini yuritish hamda bunday chiqindilarni belgilangan tartibda qayta ishlash korxonalariga to‘liq yo‘naltirish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlarga e’tibor qaratilgan.
Bundan tashqari, tibbiyot chiqindilarini to‘plash, tashish, saqlash, zararsizlantirish, utilizatsiya va qayta ishlash talablariga rioya etilishini ta’minlash borasida ko‘rilayotgan chora-tadbirlar yuzasidan ham ma’lumot berish so‘ralgan.
N.Abduraimova,
O‘zA