Rahbarlar va talabalarning samimiy muloqoti
Mamlakatimizda yoshlarning bilim olishi, ilmiy izlanishlar olib borishi, innovatsion g‘oyalarini ro‘yobga chiqarishi hamda jamiyat hayotida munosib o‘rin egallashi uchun keng imkoniyatlar yaratilmoqda. Bu borada davlat rahbarlari va mutasaddi tashkilotlar vakillarining ta’lim muassasalarida talabalar bilan ochiq muloqotlari muhim ahamiyat kasb etmoqda. Buxoro davlat pedagogika institutida bo‘lib o‘tgan navbatdagi uchrashuv ham ana shunday samimiy va mazmunli muloqotlardan biri sifatida yoshlarda katta taassurot qoldirdi.
O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vaziri, general-mayor Azizbek Ikramov hamda Buxoro viloyati hokimi Botir Zaripov Buxoro davlat pedagogika institutiga tashrif buyurib, talabalar bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Tashrif avvalida mehmonlar institutda yaratilgan zamonaviy ta’lim muhiti, o‘quv jarayoniga joriy etilgan ilg‘or texnologiyalar, ilmiy-tadqiqot va innovatsion faoliyat, shuningdek, talabalarning sifatli ta’lim olishi hamda o‘z iqtidorini namoyon etishi uchun yaratilgan shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishdi.

Ayniqsa, talaba-yoshlar tomonidan ishlab chiqilgan startap loyihalar, innovatsion g‘oyalar va amaliy tashabbuslar taqdimoti katta qiziqish uyg‘otdi. Mualliflar o‘z ishlanmalari, kelgusidagi rejalari va takliflari haqida so‘zlab berdilar. Rahbarlar har bir loyiha bilan tanishib, yoshlarning fikr-mulohazalari, taklif va muammolarini diqqat bilan tinglashdi.
Shundan so‘ng institutda “Rahbar va yoshlar uchrashuvi” tashkil etildi. Ochiq va samimiy muloqot tarzida o‘tgan uchrashuvda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan yoshlarga oid davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlari, yoshlarning intellektual salohiyatini yuksaltirish, ilm-fan va innovatsiya sohasidagi faolligini rag‘batlantirish, ularning bandligini ta’minlash, shuningdek, Vatanga muhabbat, yuksak mas’uliyat va fidoyilik tuyg‘ularini mustahkamlash masalalari atroflicha muhokama qilindi.


Uchrashuv davomida talabalar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga bevosita javob oldilar, ta’lim, ilmiy izlanishlar, tadbirkorlik va yoshlar tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashga doir qator takliflarini ilgari surdilar. Bildirilgan har bir fikr va tashabbus e’tibor bilan qabul qilinib, ularni amalga oshirish bo‘yicha tegishli vazifalar belgilab olindi.

Bunday uchrashuvlar yoshlarning davlat va jamiyat hayotidagi faol ishtirokini kuchaytirish, ularning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash hamda ertangi kunga bo‘lgan ishonchini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi. Zero, yuksak bilimli, tashabbuskor va vatanparvar yoshlar — Yangi O‘zbekistonning eng katta boyligi va kelajak taraqqiyotining mustahkam poydevoridir.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri