Senat qo‘mitalari va mahalliy kengashlar doimiy komissiyalari hamkorligi kuchaytirilmoqda
Davlatimiz rahbari mahalliy kengashlar faoliyatini kuchaytirish, har bir qonun bo‘yicha ularning fikrini olish amaliyotini yo‘lga qo‘yish muhimligini qayd etgan. Mahalliy kengashlar faoliyatiga har tomonlama ko‘maklashish Senatning ustuvor vazifasi etib belgilangan.
Shu maqsadda Senatda Hududiy vakillik organlari faoliyatini o‘rganish markazi faoliyat yuritmoqda.
Mahalliy kengashlar vazirlik va idoralarning quyi bo‘g‘inlari, ayniqsa, tuman va shahar bo‘linmalari bilan joylarda yangicha yondashuv asosida ishlashi talab etiladi. Shu bois, ularning bilim va ko‘nikmalarini oshirish, qonunchilikdagi yangiliklar haqida xabardorligini kuchaytirish zarur.

Senat tomonidan mahalliy kengashlar doimiy komissiyalari a’zolarining bilim va ko‘nikmalarini oshirish, qonunchilikdagi yangiliklar bo‘yicha xabardorligini kuchaytirish hamda o‘zaro hamkorlikni mustahkamlash maqsadida tashkil etilgan seminarlar shunga xizmat qiladi.
Xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar kengashi doimiy komissiyalari a’zolari Senat qo‘mitalarida hamda xalq deputatlari Surxondaryo va Qashqadaryo viloyati mahalliy kengashlari kotibiyati xodimlari Hududiy vakillik organlari faoliyatini o‘rganish markazida amaliyot o‘tamoqda.

Amaliyot davomida Senat qo‘mitalari hamda Markaz faoliyati bilan tanishildi. Mahalliy kengashlarning o‘zaro hamkorligini rivojlantirish va hududlarning ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotiga oid dolzarb masalalarda mahalliy vakillik organlarining ishtirokini oshirish bo‘yicha muhokamalar o‘tkazildi.
Bundan tashqari, amaliyotchilar qonunchilik jarayoniga mahalliy kengashlar deputatlarini jalb qilish, ularning fikr-mulohazalarini inobatga olish hamda qabul qilinayotgan qonunlarda hududiy xususiyat va imkoniyatlarni aks ettirish bo‘yicha ko‘nikmalarga ega bo‘ldi.
Mahalliy hokimiyat vakillik organlari faoliyatini kuchaytirishga ko‘maklashuvchi komissiya raisi Anvar Tuychiyev boshchiligida o‘tkazilgan uchrashuv davomida mahalliy kengashlar va doimiy komissiyalar faoliyatini takomillashtirish, Senat qo‘mitalari hamda mahalliy hokimiyat organlari o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash, shuningdek, mahalliy ijro hokimiyati faoliyati ustidan nazorat samaradorligini oshirish zarurligi ta’kidlandi.
N.Abduraimova,
O‘zA