Harbiy xizmatchilarga BHMning 100 baravarigacha moddiy yordam to‘lash imkoniyati yaratilmoqda
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi o‘z ishini boshladi. Unda bir qator qonun loyihalarini ko‘rib chiqish rejalashtirilgan. Dastlab “Harbiy xizmatchilar maqomi va ularni ijtimoiy himoya qilish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi birinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.
Mazkur loyiha haqida mudofaa vaziri Shuhrat Xolmuhamedov batafsil ma’lumot berdi:
— Mamlakatimizda mudofaa va xavfsizlik sohasini tubdan isloh qilish, harbiy xizmat nufuzini oshirish, harbiy xizmatchilar, ularning oila a’zolarining ijtimoiy himoyasini kuchaytirishga ustuvor ahamiyat qaratilmoqda. Ushbu qonun loyihasi ham harbiy xizmatchilarning huquqlari, imtiyozlari, kafolatlari hamda ularning majburiyatlari bilan bog‘liq munosabatlarni kompleks tartibga solishga qaratilgan.

Loyihada O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tarkibiga kiruvchi vazirlik va idoralar harbiy xizmatchilarining huquqiy maqomi, huquq va majburiyatlari, javobgarligi, shuningdek, ular va oila a’zolarini ijtimoiy va huquqiy himoya qilishning aniq mexanizmlari belgilab berilmoqda. Xususan, harbiy xizmatchilar uchun davlat tomonidan kafolatlangan huquqlar, erkinliklar, qonunchilik hujjatlari bilan belgilangan imtiyozlar, cheklovlar, majburiyatlar va javobgarlik majmui harbiy xizmatchilar maqomi, deb belgilanyapti.
Harbiy xizmatchi maqomiga ega bo‘lish va uni bekor qilish tartibi, xizmatni o‘tashning o‘ziga xos xususiyatlari, xizmat intizomi va xizmat majburiyatlariga doir talablar aniqlashtirilmoqda.
Shuningdek, qonun loyihasida harbiy xizmatchilarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilgan. Jumladan, ularni moddiy ta’minlash, sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatish, uy-joy bilan ta’minlash, majburiy davlat sug‘urtasi, pensiya ta’minoti, xizmat vazifasini bajarish chog‘ida jarohat olgan yoki halok bo‘lgan taqdirda kompensatsiya to‘lovlarini amalga oshirish kabi kafolatlar mustahkamlanmoqda.
Shu bilan birga, harbiy xizmatchilarning ijtimoiy himoyasiga qaratilgan yangi imtiyozlar ham nazarda tutilmoqda. Xususan, harbiy xizmatdan bo‘shatilgan va xizmat yillari 20 yildan kam bo‘lmagan harbiy xizmatchilarga yiliga bir marotaba sanatoriy-kurortlarga 75 foizlik imtiyoz asosida yo‘llanma olish imkoniyati yaratilmoqda. Bunda yo‘llanma narxining 25 foizi harbiy xizmatchi hisobidan, 75 foizi esa tegishli vazirlik va idoralarning byudjet mablag‘lari hisobidan qoplanadi.
Shu bilan birga, baxtsiz hodisalardan zarar ko‘rganligi, harbiy xizmatchining vafoti munosabati bilan harbiy xizmatchilarga yiliga bir marta bazaviy hisoblash miqdorining 100 baravarigacha bo‘lgan miqdorda moddiy yordam to‘lash imkoniyati yaratilmoqda, — dedi vazir.
Majlisda ta’kidlanganidek, mazkur qonun loyihasi harbiy xizmatchilarning huquqiy maqomini aniq belgilash, ularning va oila a’zolarining ijtimoiy himoyasini kuchaytirish, harbiy xizmat nufuzini yuksaltirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
M.Komilova,
O‘zA