SENAT: oilaviy ajrimlarga chek qo‘yish – e’tibor markazida (+video)
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining o‘n to‘qqizinchi yalpi majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda Senat va Hukumat a’zolari, vazirlik va idoralar rahbarlari, ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi. Majlisning ikkinchi ish kunida Navoiy viloyatining Zarafshon shahri va Tomdi tumani, Surxondaryo viloyatining Qiziriq va Jarqo‘rg‘on tumanlari ma’muriy-hududiy chegaralarini o‘zgartirishga doir masalalar ko‘rib chiqildi.
Senat qaroriga ko‘ra, Tomdi tumani hududidan 2 ming 459 gektar yer maydonini Zarafshon shahri tarkibiga o‘tkaziladi. Jarqo‘rg‘on tumani hududidan 4 ming 740 gektar yer maydoni Qiziriq tumani tarkibiga o‘tkaziladi.
[gallery-31384]
Yalpi majlisda yer va ko‘chmas mulk munosabatlarini tartibga solish holati yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga parlament so‘rovi yuborish masalasiga e’tibor qaratildi.
Muhokama jarayonida Senat a’zosi Abdusaid Ko‘chimov o‘tgan 5 yil davomida sohani tartibga solishga oid 60 dan ortiq normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilingani qayd etdi. Ilgari alohida faoliyat yuritgan axborot tizimlari o‘rniga Jahon banki bilan hamkorlikda Kadastr va ko‘chmas mulklarni ro‘yxatdan o‘tkazish integratsion axborot portali – UZKAD tizimi ishga tushirildi.
Yer va kadastr nazoratini raqamlashtirish orqali samaradorlikni oshirish maqsadida “E-YER NAZORAT” avtomatlashtirilgan axborot tizimi joriy etilib, Bosh prokuratura va Ichki ishlar vazirligi axborot tizimlari bilan integratsiya qilindi.
Yalpi majlisda senatorlar bu borada o‘z yechimini kutayotgan ayrim masalalarga e’tibor qaratdi. Jumladan, ko‘chmas mulk ob’ektlarining bozor qiymatini belgilash mexanizmlarini joriy etish hamda strategik investorlarga yer uchastkalarini ajratish tartibini soddalashtirish hamda aholi va tadbirkorlik sub’ektlariga ko‘rsatilayotgan kadastr xizmatlari sifatini oshirish choralarini ko‘rish zarurligi alohida ta’kidlandi.
O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari – Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisiga mamlakatimizda oila institutini mustahkamlash va nikohdan ajralishlarning oldini olish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar yuzasidan yuborilgan parlament so‘rovi natijalari ko‘rib chiqildi.
Mazkur masala bo‘yicha ma’ruza qilgan Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Dilnoza Kattaxonova nikohlanuvchilar uchun 16 soatlik “Maishiy zo‘ravonliksiz baxtli oilaviy hayotga tayyorlash” maxsus o‘quv dasturi ishlab chiqilganini ta’kidladi. Fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlarda nikohdan ajratishga doir ishlarni ko‘rib chiqish jarayonida 2025-yilda 5 ming 235, 2026-yil birinchi yarmida 2 ming 666 ishda taraflar yarashtirilgan. 2026-yilning birinchi yarmida 93 ming 312 nikoh qayd etilib, 96 ming 673 nafar nikohlanuvchi yoshlar ushbu kurslarda o‘qitilgan.
Nizoli oilalar bilan manzilli ishlashga mo‘ljallangan ayol.gov.uz platformasida “Oila” profili moduli ishga tushirilgan.
Amalga oshirilgan ishlar bilan bir qatorda, yechimini kutayotgan masalalarga ham e’tibor qaratildi. 2026-yilning o‘tgan davrida oilaviy nizolar bo‘yicha atigi 151 mediativ kelishuv tuzilgani nikohdan ajralishlarning oldini olish va oilaviy nizolarni o‘zaro kelishuv asosida hal etishda mediatorlarning mavjud salohiyatidan yetarli darajada foydalanilmagan.
Mazkur masala bo‘yicha munosabat bildirgan Senat Raisi Tanzila Norboyeva bugungi kunda eng dolzarb masalalardan biri – har bir insonni bevosita tashvishga soladigan oila va oila mustahkamligi masalasi ekanini qayt etdi.
– Bu jarayon, avvalo, inson qadrini ulug‘lash tamoyiliga asoslanmoqda, - dedi T.Norboyeva. – Zero, inson qadri, eng avvalo, oila tinchligi va barqarorligida namoyon bo‘ladi. Shu nuqtai nazardan, nikohdan ajralishni oddiy fuqarolik holatidagi o‘zgarish sifatida baholash mumkin emas. Bu – oilaviy qadriyatlar zaiflashishiga, eng muhimi, farzandlar taqdiriga salbiy ta’sir ko‘rsatadigan jiddiy ijtimoiy, ma’naviy va axloqiy muammodir. Shuning uchun qabul qilingan qarorlar asosidagi chora-tadbirlarni izchil davom ettirishimiz kerak. Bu masalaga faqat “nazoratga olamiz” degan yondashuv yetarli emas. Eng muhimi, barcha oilalarga bir xil yondashuvdan voz kechish kerak. Har bir oilaning muammosi, ehtiyoji va imkoniyati turlicha. Shuning uchun zarur hollarda mahalla kesimida oilalarning holatidan kelib chiqib, ularni qo‘llab-quvvatlash va barqarorlashtirish bo‘yicha aniq, manzilli rejalar ishlab chiqilishi lozim. Oila institutini mustahkamlash, nikoh tuzish va nikohdan ajralishning psixologik jihatlarini o‘rganish bo‘yicha olib borilayotgan tadqiqotlarni davom ettirib, ularning natijalarini amaliyotga tatbiq qilish lozim. Umuman, asosiy maqsadimiz aniq: oilalarni saqlab qolish, ularda sog‘lom muhitni shakllantirish, ajralishlarning oldini olish va har bir oilaning barqarorligini ta’minlaydigan samarali, manzilli tizimni yaratishdir.
Senatorlar o‘z chiqishlarida hal etilishi lozim bo‘lgan qator vazifalar, shu jumladan, nikohlanuvchi yoshlarni oilaviy hayotga tayyorlash, nizoli oilalarga psixologik, huquqiy va ijtimoiy yordamni manzilli ko‘rsatish, erta nikohlarning oldini olish hamda ilmiy tadqiqotlar natijalarini amaliyotga tatbiq etish yuzasidan taklif va tavsiyalar bildirdi.
Yalpi majlisda Konstitutsiyaviy sud va Oliy sud tarkibiga o‘zgartirishlar kiritildi.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/lPJvSqfZPD8" title="SENAT: oilaviy ajrimlarga chek qo`yish –e’tibor markazida " frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Norgul Abduraimova, Nosirjon Haydarov (surat), Doniyor Yoqubov (video), Salimjon Obidjonov (montaj), O‘zA