Axborot texnologiyalari va ilg‘or innovatsiyalar bo‘yicha 400 o‘rinli texnikum tashkil etiladi
Olmazor tumanida mehnat bozori talabi bilan kadrlar tayyorlash tizimi o‘rtasidagi bog‘liqlikni kuchaytirish masalasi ham muhokama qilindi.
Bugun tumandagi ish beruvchilarda 4 mingdan ziyod o‘rta maxsus ma’lumotli hamda qariyb 1 ming nafar maxsus ma’lumot talab etilmaydigan yo‘nalishlarda ishchi kuchiga ehtiyoj mavjud.
Shu bois, Olmazor kasbiy ko‘nikmalar markazi negizida axborot texnologiyalari va ilg‘or innovatsiyalar bo‘yicha 400 o‘rinli texnikum, sobiq Toshkent arxitektura-qurilish kolleji binosida zamonaviy kasb-hunar markazi tashkil etiladi. Boshqa mavjud binolardan ham kasbga o‘qitish maqsadida samarali foydalaniladi.
Xorij mehnat bozoriga maqsadli tayyorgarlikni kuchaytirish uchun Germaniyaning xususiy o‘quv markazlari bilan 500 kishiga mo‘ljallangan nemis tili kurslarini tashkil etish, Chexiya va Slovakiya uchun tibbiyot xodimlarini tayyorlash rejalashtirilgan.
Shuningdek, Germaniya, Yaponiya, Koreya va Buyuk Britaniyadan 20 ta yirik rekruting kompaniyasini jalb qilish, Fransiya kompaniyalari bilan yiliga 1,5 ming nafar fuqaroni mavsumiy ishlarga joylashtirish bo‘yicha loyihalar amalga oshiriladi.
Yoshlar shaharchasida 42 gektar maydonda IT-park, yuqori texnologiyali sanoat va ta’lim ob’ektlarini birlashtirgan innovatsion klasterni tashkil etish ishlarini yil yakuniga qadar boshlash vazifasi qo‘yildi.
O‘zA