Senat: mahalliy vakillik organlari faoliyati samaradorligi oshiriladi va deputatlik nazorati kuchaytiriladi
Mamlakatimizda Prezidentimiz rahbarligida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar markazida inson qadri, xalq manfaati va ochiq davlat boshqaruvi tamoyillari ustuvor ahamiyat kasb etmoqda.
Bu jarayonda xalq deputatlari mahalliy kengashlarining o‘rni va mas’uliyati tobora ortib bormoqda. Deputatlar korpusi joylarda aholi muammolarini o‘rganish, hududlarni rivojlantirish dasturlari ijrosini nazorat qilish hamda davlat organlari faoliyatining ochiqligini ta’minlashda muhim siyosiy institut sifatida faol ishtirok etmoqda.
Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Norboyevaning xalq deputatlari mahalliy kengashlari deputatlari bilan uchrashuvida mazkur yo‘nalishdagi ishlar samaradorligini yanada oshirish masalalari muhokama qilindi.

Uchrashuvda mahalliy vakillik organlari faoliyati tahlil qilinib, sessiyalarda ko‘rib chiqilayotgan masalalarning mazmun-mohiyati va sifatiga alohida e’tibor qaratish, deputatlarning aholi bilan muloqotlarini yanada kengaytirish zarurligi ta’kidlandi.
Qayd etilganidek, deputatlarning aholi bilan uchrashuvlari davomida ko‘tarilgan muammolarning aksariyati ijobiy hal etilmoqda. Davlat organlariga yuborilgan deputat so‘rovlari orqali qator masalalarning yechim topayotgani mahalliy kengashlarning ta’sirchanligi ortib borayotganidan dalolat beradi.

Shuningdek, deputatlarning “mahalla yettiligi” bilan hamkorlikda hududlarda amalga oshirilayotgan loyihalar ijrosini o‘rganishi, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish masalalari bilan shug‘ullanishi, aholini qiynayotgan muammolarni joyida aniqlab, ularni hal etish bo‘yicha amaliy choralar ko‘rayotgani ta’kidlandi.
Uchrashuvda mahalliy vakillik organlari faoliyati samaradorligini oshirish va deputatlik nazoratini kuchaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Xususan, qarorlar qabul qilishda qonunchilik talablariga qat’iy rioya etish, mansabdor shaxslarning hisobotlarini eshitish jarayonida tizimli muammolar va aholi murojaatlari bilan ishlash holatiga alohida e’tibor qaratish, kengashlarning nazorat funksiyasini kuchaytirish, deputatlarning tashabbuskorligi hamda aholi bilan ishlash faolligini yanada oshirish zarurligi ta’kidlandi.
Muhokamalar davomida mahalliy vakillik organlari va deputatlar faoliyatini yanada samarali tashkil etish yuzasidan kengash raislari va deputatlarning fikr-mulohazalari eshitildi.
Ilgari surilgan takliflarni amaliyotga tatbiq etish bo‘yicha aniq vazifalar belgilab olindi.
N.Abduraimova, O‘zA