Jeymison Grir: O‘zbekiston kelajakka ishonch bilan qadam tashlamoqda
AQSH Savdo vakili Jeymison Grir boshchiligidagi delegatsiya O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi faoliyati bilan yaqindan tanishdi.
Tashrif chog‘ida delegatsiya Islom sivilizatsiyasining boy ilmiy-ma’rifiy merosi, o‘zbek xalqi tarixiy ildizlari hamda mamlakatning madaniy taraqqiyotini aks ettiruvchi noyob eksponatlar bilan tanishdi.
Mehmonlarga muqaddas Usmon mushafi ham namoyish etildi. Janob Grir markaz haqidagi taassuroti bilan o‘rtoqlashar ekan, majmua O‘zbekistonning tarixiy xotirasi va milliy o‘ziga xosligini chuqur ifoda etishini ta’kidladi. Markaz barpo etilishida Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi muhim ahamiyat kasb etganini alohida qayd etdi.
Uning fikricha, mazkur loyiha xalq, ayniqsa yosh avlod mamlakatning tarixi, ildizlari va kelajakdagi imkoniyatini anglashiga xizmat qiladi.
Tabiiyki, yuqori martabali mehmon ikki mamlakat o‘rtasidagi aloqalar so‘nggi yillarda yangi bosqichga ko‘tarilganini ham e’tirof etdi.
– Hozir Vashington – Toshkent munosabatida haqiqiy o‘sish kuzatilmoqda, – deydi Jeymison Grir. – Zero, izchil hamkorligimiz ulkan maqsadga yo‘naltirilgan. O‘zbekiston iqtisodiyotini dunyoga ochib, xorijiy sarmoya uchun beqiyos imkoniyat taqdim qilmoqda. Kelgusida davlatlarimiz sherikligi yanada rivojlanishi shubhasiz.
AQSH Savdo vakili fikricha, iqtisodiy ochiqlikni ta’minlash, investitsiya muhitini yaxshilash va xalqaro hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan islohotlar Yangi O‘zbekiston taraqqiyoti uchun mustahkam zamin yaratmoqda.
[gallery-30086]
Dilshod Hakimov,
Farhod Abdurasulov (surat),
O‘zA