Senat: Konstitutsiyaviy sud qarorlarining ijro mexanizmi kuchaytiriladi
Senat yalpi majlisida “O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudi to‘g‘risida”gi konstitutsiyaviy qonun muhokama qilindi.
Senatning Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasi raisi Abdulhakim Eshmurodov yangilangan Konstitutsiya normalarini amaliyotga tatbiq etish va fuqarolarning konstitutsiyaviy odil sudlovga erishish imkoniyatlarini kengaytirish zaruriyati ushbu qonunni qabul qilishni taqozo etganini ta’kidladi.
– Amaldagi qonunchilikda raqamli texnologiyalardan foydalanish va murojaatlarni dastlabki ko‘rib chiqish borasida muayyan huquqiy bo‘shliqlar mavjud edi, - dedi A.Eshmurodov. – Konstitutsiyaviy qonun bilan quyidagi eng muhim yangiliklar joriy etilmoqda. Jumladan, sud faoliyatiga axborot tizimi joriy etilib, murojaatlarni elektron shaklda yuborish, jarayonni onlayn kuzatish, videokonferensaloqa va mobil ilova orqali sudda ishtirok etish hamda ochiq sud majlislarini Internet orqali jonli efirga uzatish imkoniyati yaratiladi.


Fuqarolar va yuridik shaxslarning ovoragarchiligiga chek qo‘yish va muddatlarni aniq belgilash maqsadida kelib tushgan murojaatlarni 15 kunlik muddatda dastlabki tarzda o‘rganish, taalluqli bo‘lmagan murojaatlarni vakolatli organlarga yuborish yoki qabul qilishni rad etish haqida ajrim chiqarish tartibi yo‘lga qo‘yilmoqda.
Konstitutsiyaviy sud qarorlarining ijro mexanizmi kuchaytirilmoqda. Konstitutsiyaga zid deb topilgan normativ-huquqiy hujjatni qabul qilgan organ ushbu hujjatni 3 oy muddatda Konstitutsiyaga muvofiqlashtirishi shartligi hamda bunday hujjatlar asosida chiqarilgan sud qarorlarini qayta ko‘rib chiqish tartibi aniq belgilanmoqda.
Sud kadrlari tarkibini mustahkamlash va xolislikni ta’minlash uchun Sudyalar oliy kengashi bilan birgalikda Konstitutsiyaviy sud sudyaligiga nomzodlar zaxirasini shakllantirish mexanizmi mustahkamlanmoqda.

Senatorlar ma’qullagan qonun fuqarolar va tadbirkorlarning konstitutsiyaviy huquqlarini ishonchli himoya qilish, sud shaffofligini oshirish va fuqarolarning odil sudlovga erishish imkoniyatini tubdan yaxshilashga xizmat qiladi.
N.Abduraimova,
N.Haydarov (surat),
O‘zA