Jazo muddati emas, inson o‘zgarishi muhim
Inson jazoni o‘tashi mumkin, ammo jazo muddati tugagach, u hayotga qanday qaytadi? Ozodlikka chiqishning o‘zi jamiyatga qayta moslashishni anglatmaydi. Buning uchun inson o‘z xatosini anglashi, dunyoqarashi o‘zgarishi va kelajagini boshqacha qurishga tayyorlanishi kerak. Shu bois, jazoni ijro etish tizimi nafaqat qonuniy chora ko‘rish, balki mahkumning ichki dunyosini ijobiy tomonga o‘zgartirish va uni hayotga qayta tayyorlash vazifasini ham bajarishi shart.
Yangi huquqiy mexanizmda bu jarayonga kitob mutolaasi ham jalb etilmoqda. 2026-yil 15-yanvarda qabul qilingan tegishli qonunga ko‘ra, belgilangan adabiyotlar ro‘yxatidagi kitoblarni o‘qigani tasdiqlangan mahkumning jazo muddati har bir kitob uchun uch kungacha, bir yilda esa ko‘pi bilan 30 kunga qisqartirilishi mumkin.
Bir qarashda buni kitob o‘qi, jazo muddating qisqarsin, degan oddiy rag‘bat sifatida qabul qilish mumkin. Shunga qaramay, masalaning mohiyati jazo muddatiga qo‘shiladigan yoki undan ayiriladigan kunlardan ancha keng. Gap kitob o‘qishni insonning o‘z xatti-harakatlari, qarori va kelajagi haqida o‘ylashiga turtki beradigan vositaga aylantirish haqida bormoqda. Buning uchun esa avvalo, mahkumga qanday kitob tavsiya etilishi muhim.
Har qanday yaxshi asar ham bir xil maqsadga xizmat qilmasligi mumkin. Shuning uchun adabiyotlarni tanlashda badiiy qiymat bilan birga, ularning insonni mustaqil fikrlashga undashi, mas’uliyat, adolat, halollik, mehr-oqibat va bag‘rikenglik kabi qadriyatlar haqida mulohaza yuritishga sabab bo‘lishiga e’tibor qaratilmoqda. Bu maqsadda Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi, Alisher Navoiy nomidagi Milliy kutubxona, O‘zbek tili va adabiyoti universiteti olimlari, jazoni ijro etish muassasalarida ma’naviy-ma’rifiy ishlarga mas’ul xodim va ijodkorlar ishtirokida ishchi guruh shakllantirilgan.
– Kitob tanlashda asarning insonni fikrlashga undashiga alohida ahamiyat berish kerak, – deydi Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi mas’ul xodimi Ziyoda Akbarqulova. – Qahramon nima uchun xato qildi, uning qarori qanday oqibatlarga olib keldi, inson o‘z xatosini anglab o‘zgarishi mumkinmi? Kitobxonni shunday savollar haqida o‘ylashga undaydigan asarlarning tarbiyaviy ahamiyati katta.
Bu yondashuv kitobni tayyor xulosalar to‘plami emas, fikrlashga undaydigan manba sifatida ko‘rishni nazarda tutadi. Masalan, Abdulla Qodiriyning “O‘tkan kunlar” asarida og‘ir tashvishga tushgan Otabekning Fuzuliy she’rlaridan taskin topishi adabiyotning inson uchun ba’zan suhbatdosh va ruhiy madadga aylanishini ko‘rsatadi. Jek Londonning “Martin Iden” romanida esa kitob qahramonning bilimini mustaqil oshirish, dunyoqarashini kengaytirishga xizmat qiladi. Bunday asarlar insonga turli nuqtai nazardan qarash, qahramon tanlovi va uning oqibatlari haqida o‘ylash imkonini beradi.
Binobarin, mahkumlarning yoshi, hayotiy tajribasi, qiziqishi va kitobxonlik darajasi bir xil emas. Kimdir mumtoz adabiyotga, boshqasi tarixiy yoki hayotiy voqealarga asoslangan asarga qiziqadi. Shuning uchun milliy adabiyot namunalari bilan bir qatorda jahon adabiyoti asarlarini ham qamrab olgan ro‘yxat shakllantirilmoqda. Bu yerdagi vazifa barchaga bir xil kitobni o‘qitish emas, turli kitobxonlarni mutolaaga jalb qila oladigan adabiy muhit yaratishdir.
Qonunchilikda kitob o‘qilgani belgilangan tartibda tasdiqlanishi ko‘zda tutilgan. Bu jarayonda komissiya ishtirok etadi, asarlar bo‘yicha ishlab chiqilgan test savollari orqali mahkumning kitob mazmunini o‘zlashtirgani aniqlanadi. Savollar asarning asosiy g‘oyasi, qahramonlar xatti-harakatlari va voqealar mazmunini tushunishga qaratilgan. Bunday baholash kitobni o‘qiganlikni tekshirish uchun amaliy vosita bo‘lishi mumkin. Shunga qaramay, bu mutolaaning insonga ko‘rsatgan ta’sirini to‘liq o‘lchay olmaydi.
– Insonning ichki o‘zgarishini bir nechta test savoli bilan to‘liq baholab bo‘lmaydi, – dedi Ziyoda Akbarqulova. – Test asarni o‘qigani va uning mazmunini o‘zlashtirganini aniqlashning amaliy vositasi bo‘lishi mumkin. Ammo kitobxonlikni faqat imtihon bilan cheklab qo‘ymasdan, asar muhokamalari, suhbatlar, mutolaa klublari va fikr almashish kabi shakllarni ham rivojlantirish muhim.
Yangi huquqiy mexanizmning ahamiyati ham jazo muddatini qisqartirish imkoniyati bilan cheklanmaydi. U mahkumni mutolaaga jalb etish orqali o‘z xatti-harakatlarini tahlil qilish, hayoti va kelajagi haqida o‘ylashga undashni ko‘zda tutadi. Bu maqsadga erishish esa kitoblar ro‘yxatidan tortib, kutubxona imkoniyati, baholash tartibi va mutolaa muhitigacha bo‘lgan barcha bo‘g‘inlarning o‘zaro uyg‘un ishlashiga bog‘liq.
Dilshod HAKIMOV,
O‘zA