“Semurgʻ” ham toʻxtatildi
Xokkey. Poytaxtimizdagi “Ice City” majmuasida davom etayotgan xokkey boʻyicha birinchi Oʻzbekiston chempionatida 3-tur oʻyinlariga start berildi.
Poytaxtimizdagi “Ice City” majmuasida davom etayotgan xokkey boʻyicha birinchi Oʻzbekiston chempionatida 3-tur oʻyinlariga start berildi. Ushbu tur oʻyinlarini musobaqa peshqadami “Semurgʻ” hamda “Toshkent” jamoalari boshlab berishdi.
Mazkur oʻyinda ham “Semurgʻ” jamoasi muvaffaqiyatga erishsa, taʼqibchilaridan ancha ilgarilab ketishardi. Buni toʻgʻri anglagan “Toshkent” jamoasi aʼzolari ilk daqiqalardan hujumga zoʻr berishdi. Ayniqsa jamoa faxriylaridan biri Svazyan tashabbusni oʻz qoʻliga oldi. Uning dubli hamda Kotsenko va Fisaxutdinovlar tomonidan kiritilgan shaybalar “Toshkent” jamoasiga 4-2 hisobidagi gʻalabani taqdim etdi.
“Semurgʻ”dan esa Boboyev hamda Zmeyevlar ham oʻz nomini tabloga yozdirib qoʻyishdi.
Shu tariqa Oʻzbekiston chempionatining 3-tur ilk oʻyinidan soʻng “Toshkent” va “Semurgʻ” jamoalari ikkitadan gʻalaba bilan qoʻsh peshqadamga aylanishdi.
Ertaga 3-turning ikkinchi oʻyinida “Binokor” hamda “Xumo” jamoalari oʻzaro kuch sinashadi. Mazkur oʻyin soat 20.00da boshlanadi.


