Seminar g‘alla o‘rim-yig‘imiga bag‘ishlandi
Jizzax viloyatining Do‘stlik tumanidagi don qabul qilish punktida dalalarda pishib yetilgan g‘allani qisqa fursatlarda o‘rib-yig‘ib olish bo‘yicha seminar bo‘lib o‘tdi.
Viloyat hokimi o‘rinbosari Zafar Ro‘ziyev, tuman hokimi Shavkat Darvishev, tuman prokurori Samandar Razzoqov, soha mutasaddilari, fermerlar va mexanizatorlar har bir boshoq mehnat mahsuli, har bir don baraka ekanini yana bir bor ta’kidlashdi.
Joriy yilda tumanda 14 ming 700 gektar maydonga g‘alla ekilib, 150 ming tonnadan ziyod don yetishtirish rejalashtirilgan. Bu yuksak marraga yetishish uchun maxsus shtab tuzilib, 22 ta o‘rim otryadiga 65 ta zamonaviy kombayn biriktirilgani, qariyb 300 ta transport vositasi jalb etilishi belgilangani ishning puxta reja asosida yo‘lga qo‘yilganini ko‘rsatadi.
Seminarda o‘rim-terim ishlarini o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirish, don qabul qilish maskanlarining shayligi, texnika va mehnat resurslaridan samarali foydalanish masalalari atroflicha muhokama qilindi.
Joriy yil 5-may kuni viloyat ishchi guruhi tomonidan tumanda mavsumda ishtirok etadigan kombaynlarning tayyorgarlik holati o‘rganildi. Jami 59 ta kombayn, jumladan, “Klaas Dominator-130”, “Lida-1300”, “Vektor-410”, “Keys-2366”, “Keys-4088”, “New Holland” turkumi hamda “Klaas TUKANO-430” kabi zamonaviy texnikalar dalaga tushish arafasida. Shu bilan birga, yana 15 ta yangi kombayn xarid qilinishi rejalashtirilgan.
“O‘zKeysServis” qo‘shma korxonasi hamda “O‘zklaasservis” mas’uliyati cheklangan jamiyati mutaxassislari bilan hamkorlikda texnikalar to‘liq inspeksiyadan o‘tkazilib, aniqlangan nuqsonlar bartaraf etilmoqda. Mavjud kombaynlarni ta’mirlash uchun 1 milliard 811 million so‘m mablag‘ yo‘naltirilib, ehtiyot qismlar yetkazib berildi va ta’mir ishlari yakuniga yetkazilmoqda. Bu mavsumga jiddiy yondashuv, natijaga mas’uliyat bilan qarash namunasidir.
Aytish joiz, mamlakatimizda agrar sohani izchil rivojlantirish, hosildorlikni oshirish va yig‘im-terim ishlarini samarali tashkil etishga qaratilgan qator me’yoriy hujjatlar qabul qilingan. Jumladan, Prezidentning 2020-yil 28-yanvardagi “O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligini rivojlantirishning 2020-2030-yillarga mo‘ljallangan strategiyasida belgilangan vazifalarni 2020-yilda amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni sohada tizimli ishlarning huquqiy poydevori bo‘lib xizmat qilmoqda. Ushbu hujjatlarda hosilni nes-nobud qilmasdan yig‘ib olish, texnikalardan samarali foydalanish va donni tezkor qabul qilish tizimini takomillashtirish ustuvor vazifa sifatida belgilangan.
Darhaqiqat, g‘alla xalq rizqi, davlat qudratining mustahkam tayanchidir. Uni asrab-avaylab, bir donasini ham yo‘qotmasdan omborlarga yetkazish — bugungi kunning eng dolzarb vazifasi.
A. Qayumov, J. Yorbekov (surat), O‘zA