Dunyoda iqlimi o‘zgarishi ta’sirida tog‘ muzliklarining qisqarishi, yog‘inlarning notekis taqsimlanishi, qurg‘oqchilik davrlarining ortishi hamda sel-toshqin hodisalarining ko‘payishi kuzatilmoqda. Shu bois mamlakatimizda suv resurslarini tejash, mavjud suv manbalaridan oqilona foydalanish va sel hamda yomg‘ir suvlarini to‘plashga qaratilgan yondashuvlar muhim ahamiyat kasb etmoqda.Davlatimiz rahbari raisligida suv fondi yerlari hamda sel suvlaridan foydalanish samaradorligini oshirish yuzasidan yaqinda o‘tkazilgan yig‘ilishda ham ushbu masalalarga alohida e’tibor qaratildi. Jumladan, iqlim o‘zgarishi tufayli qisqa vaqtda kuchli yomg‘irlar soni ortib borayotgani, bu esa sel-toshqin xavfini kuchaytirayotgani ta’kidlandi. Xususan, Samarqand, Jizzax hamda Toshkent viloyatining tog‘li va tog‘oldi hududlarida sel xavfi yuqori ekani qayd etildi.Ma’lum qilinishicha, mamlakatimizda sel xavfi mavjud 60 ta yirik soy orqali har yili 690 million kub metr suv samarasiz oqib ketmoqda. Ushbu suvlardan samarali foydalanish orqali 13 ming gektar yerni qayta foydalanishga kiritish, suv ta’minotini yaxshilash va baliqchilikni rivojlantirish imkoniyati mavjud.Yig‘ilishda sel suvlarini boshqarishda faqat to‘g‘on qurish bilan cheklanmasdan, suvni to‘plash, qishloq xo‘jaligi, energetika, baliqchilik, turizm va xizmatlar sohasi bilan bog‘liq loyihalarni integral yondashuv asosida amalga oshirish zarurligi ta’kidlandi.Bunday sharoitda mavsumiy sel va yomg‘ir suvlarini yig‘ish orqali kichik suv zaxiralarini barpo etish muhim yechimlardan biri hisoblanadi.Kichik suv zaxiralari – asosan tog‘ va tog‘ oldi hududlarida sel, soy va yomg‘ir suvlarini yig‘ish maqsadida tashkil etiladigan sun’iy suv havzalari bo‘lib, ular sug‘orish uchun qo‘shimcha suv zaxirasi yaratadi, shu yuilan birga, ichimlik suvi ta’minotini yaxshilaydi.Bundan tashqari, sel xavfini kamaytirib, yer osti suvlarini to‘ldiradi hamda kichik gidroenergetikani rivojlantirish imkonini beradi.Ilmiy tadqiqotlar natijasida Toshkent, Jizzax, Samarqand, Navoiy, Namangan, Qashqadaryo, Surxondaryo, Andijon va Farg‘ona viloyatlarida kichik suv zaxiralarini barpo etish mumkin bo‘lgan hududlar aniqlangan. Jumladan, tadqiqotlarda Toshkent viloyati Parkent tumanidagi Zarkentsoyda 4,45 mln. m³ hajmli kichik suv havzasi barpo etish orqali 2500 gektar yerni sug‘orish imkoniyati aniqlangan. Shuningdek, Oqsoqotasoyda 7,63 mln. m³ hajmli suv havzasi tashkil qilish va 2400 gektar maydonni suv bilan ta’minlash imkoniyati mavjudligi ko‘rsatilgan.Bundan tashqari, zamonaviy GIS va raqamli geoaxborot texnologiyalari asosida suv yig‘ish maydonlari, relef va sel oqimlarini tahlil qilish orqali yangi suv zaxiralarini aniqlash ishlari samarali amalga oshirilmoqda. ArcGIS, QGIS va Google Earth Pro dasturlari yordamida suv omborlarining hajmi, suv yig‘ish imkoniyati va xavfsizlik parametrlari baholanmoqda.Bu borada O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 25-may kuni qabul qilingan "Sel-toshqin suvlaridan samarali foydalanishni ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarori muhim ahamiyat kasb etadi.Bugungi kunda global iqlim o‘zgarishlari, suv resurslarining kamayishi va aholi sonining o‘sishi dunyo mamlakatlari oldida suv xavfsizligini ta’minlash masalasini dolzarb vazifaga aylantirmoqda. Ayniqsa, Markaziy Osiyo davlatlari, jumladan, O‘zbekiston uchun suv resurslaridan samarali foydalanish va yangi suv zaxiralarini yaratish strategik ahamiyat kasb etmoqda.Xulosa qilib aytganda, global iqlim o‘zgarishi sharoitida kichik suv zaxiralarini yaratish suv taqchilligini kamaytirish, qishloq xo‘jaligi barqarorligini ta’minlash, sel xavfini pasaytirish hamda ekologik barqarorlikni mustahkamlashga xizmat qiladi. A.Abdurahmonov,Suv omborlari va yirik gidrotexnikinshootlardan foydalanish bo‘limi yetakchimutaxassisi.O‘zA