Sayyor qabulda murojaatlar e’tibordan chetda qolmadi
Guliston shahridagi istirohat bog‘ida fuqarolarning murojaatlarini tinglash, ularni qiynayotgan muammolarga amaliy yechim topishga qaratilgan navbatdagi sayyor qabul o‘tkazildi. Prezidentning Sirdaryo viloyatidagi Xalq qabulxonasi tomonidan tashkil etilgan muloqotda aholi o‘zini o‘ylantirayotgan masalalar yuzasidan bevosita mas’ullarga murojaat qilish imkoniga ega bo‘ldi.
Viloyat hokimi Erkinjon Turdimov boshchiligida o‘tkazilgan qabulda shahar va tumanlar hokimliklari, korxona va tashkilotlar rahbarlari, mutasaddi idoralar hamda tegishli sohalar mas’ullari ishtirok etdi. Bu esa murojaatlarni faqat eshitish emas, balki har bir masala bo‘yicha mas’ulni aniq belgilab, uning yechimini izlash imkonini berdi.
Sayyor qabul davomida jami 377 nafar fuqaroning masalasi qayd etildi. Ularning 142 nafari Guliston shahri, 50 nafari Guliston tumani, 50 nafari Mirzaobod tumani, 35 nafari Sirdaryo tumani, 30 nafari Boyovut tumani, 26 nafari Sayxunobod tumani va 25 nafari Oqoltin tumani aholisi hissasiga to‘g‘ri keldi.

Murojaatlar mazmuniga e’tibor qaratilsa, aholining kundalik hayotiga bevosita daxldor bo‘lgan masalalar ko‘proq o‘rin olganini ko‘rish mumkin. Xususan, uy-joy, yer va kadastr, bandlik va ish haqi, davolanish, moddiy yordam va nafaqa, sud ishlari hamda Majburiy ijro byurosi faoliyati bilan bog‘liq masalalar yuzasidan ko‘plab murojaatlar bildirildi. Shuningdek, kredit olish, tadbirkorlikni yo‘lga qo‘yish va mavjud faoliyatni kengaytirish istagida bo‘lgan fuqarolarning murojaatlari ham e’tibor markazida bo‘ldi.
Aholi tomonidan nafaqat shaxsiy, balki mahalla va hududlar hayotiga daxldor jamoaviy muammolar ham ko‘tarildi. Jumladan, ichimlik suvi va elektr ta’minotini yaxshilash, tabiiy gaz bilan bog‘liq masalalarni hal etish, ichki yo‘llarni asfaltlash, tungi yoritish tizimini yaxshilash, oqova suv tarmoqlarini tartibga keltirish, maishiy chiqindilarni o‘z vaqtida olib chiqish hamda ko‘p qavatli uylarni ta’mirlash kabi masalalar yuzasidan taklif va murojaatlar bildirildi.

Sayyor qabulning ahamiyatli jihati fuqarolarning murojaatlari joyida o‘rganilib, ularning yechimi bo‘yicha aniq chora-tadbirlar belgilanganida namoyon bo‘ldi. Yechimi shu yerning o‘zida mumkin bo‘lgan masalalar yuzasidan mas’ullarga tegishli topshiriqlar berildi. Qo‘shimcha o‘rganish va muayyan vaqt talab qiladigan murojaatlar esa tegishli tashkilotlarga yo‘naltirilib, ularning ijrosi nazoratga olindi.
Qabulda eshitilgan murojaatlar ertangi amaliy natijaga aylansagina, xalqning davlat idoralariga bo‘lgan ishonchi yanada mustahkamlanadi. Zero, xalq bilan ochiq muloqotning haqiqiy samarasi aytilgan gap emas, hal etilgan muammo bilan o‘lchanadi.
G‘ulom Primov,
O‘zA muxbiri