Saxovatda yangi imkoniyatlar maskani
Bugun mamlakatimizda qishloq xo‘jaligi faqat yerdan hosil olish bilan cheklanib qolmayapti. Yetishtirilgan mahsulotni chuqur qayta ishlash, uni saqlash, tayyor mahsulot sifatida ichki va tashqi bozorlarga chiqarish, shu bilan birga, hududlarning tabiiy va iqtisodiy salohiyatidan foydalanib, yangi turistik maskanlar barpo etishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Davlat rahbari tashabbusi bilan ilgari surilayotgan yangi iqtisodiy yondashuvning eng muhim jihatlaridan biri ham — har bir hududning o‘ziga xos imkoniyatlarini ishga solish, qishloq joylarda zamonaviy ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish, aholi uchun munosib daromad manbalari va yangi ish o‘rinlari yaratishdir.
Buxoro tumanida amalga oshirilayotgan yirik loyiha ana shu ezgu maqsadlarning hayotiy ifodasi bo‘lmoqda.
Tumanning Saxovat mahallasida qishloq xo‘jaligi, qayta ishlash, xizmat ko‘rsatish va turizmni o‘zaro uyg‘unlashtirgan zamonaviy agrosanoat majmuasi shakllanmoqda.
Mazkur tashabbus “Buxoro Agro Star” MCHJ va “Gala River” MCHJ negizida tashkil etilgan “O‘lmas Gold” MCHJ tomonidan hayotga tatbiq etilmoqda.
Loyihaning ko‘lami va qamrovi e’tiborni tortadi. Bu yerda meva-sabzavot mahsulotlarini qayta ishlash va saqlash, zamonaviy xizmat ko‘rsatish hamda sayyohlar uchun qulay sharoit yaratishga mo‘ljallangan bir qator ob’ektlar barpo etilmoqda.

Ayni paytda plastik qutilar ishlab chiqarish sexi faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Bu esa korxonaning o‘z ehtiyojini ta’minlash bilan birga, mahsulotlarni zamonaviy qadoqlash imkoniyatini ham kengaytiradi.
Shuningdek, sharbat ishlab chiqarish sexi, 500 tonna sig‘imga ega sovutgichli ombor, restoran, muzey va boshqa ob’ektlarda qurilish-montaj ishlari jadal davom etmoqda.
Loyihaning yana bir o‘ziga xos jihati bu yerda enoturizm markazi tashkil etilayotganidir.
Buxoro azaldan o‘zining qadimiy tarixi, betakror me’morligi, hunarmandchiligi va boy gastronomik merosi bilan dunyo sayyohlarini o‘ziga maftun etib kelgan. Endi esa ushbu salohiyatga qishloq xo‘jaligi va zamonaviy turizmning yangi yo‘nalishlari qo‘shilmoqda.
Markaz tarkibida restoran, muzey va boshqa xizmat ko‘rsatish ob’ektlari tashkil etilishi rejalashtirilgan. Bu esa sayyohga nafaqat tabiat va qishloq xo‘jaligi jarayonlarini kuzatish, balki milliy taomlar, mahalliy mahsulotlar va hududning o‘ziga xos madaniy muhiti bilan yaqindan tanishish imkonini beradi.
Loyihada zamonaviy texnologiyalar va energiya tejamkor yechimlarga ham alohida e’tibor qaratilmoqda.

Tashrif davomida ishlab chiqarish quvvatlarini ishga tushirish, muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasini yaratish, elektr ta’minotini yaxshilash masalalari atroflicha ko‘rib chiqildi.
Saxovatdagi ushbu loyihaning to‘liq quvvat bilan ishga tushirilishi natijasida yangi ish o‘rinlari yaratiladi. Mahalliy aholi uchun doimiy va munosib daromad manbalari ko‘payadi.
Eng muhimi, hududda yetishtirilayotgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini saqlash va qayta ishlash imkoniyatlari kengayadi. Bu esa mahsulotning qo‘shimcha qiymatini oshirish, fermer va dehqonlar mehnatining samaradorligini yuksaltirishga xizmat qiladi.

Shu bilan birga, turizm xizmatlari ko‘lamining kengayishi Buxoro tumanining sayyohlik xaritasidagi o‘rnini yanada mustahkamlaydi.
Loyihaning amalga oshirilishi Buxoro tumanida iqtisodiy faollikni yangi bosqichga olib chiqishi, mahalliy mahsulotlarning raqobatbardoshligini oshirishi va aholi farovonligiga xizmat qilishi kutilmoqda.
Zarif Komilov, O‘zA