Savodxonlik sinovdan o‘tkazildi
Guliston shahrida 104 nafar ta’lim xodimi uchun davlat tili bo‘yicha o‘ziga xos bilim sinovi o‘tkazildi. Unda shahardagi maktabgacha va maktab ta’limi muassasalarining rahbar va xodimlari ishtirok etishib, o‘zbek tilida to‘g‘ri yozish, fikrni aniq ifodalash va yozma nutq madaniyati borasidagi bilimlarini sinovdan o‘tkazishdi.
«Ommaviy diktant» nomi ostida tashkil etilgan tadbirdan ko‘zlangan asosiy maqsad — davlat tilining hayotimizdagi o‘rni va nufuzini yanada oshirish, o‘zbek tilidan to‘g‘ri va samarali foydalanish ko‘nikmalarini mustahkamlash.

Bugun ta’lim muassasalarida hujjatlar yuritishdan tortib, o‘quvchi va ota-onalar bilan muloqotgacha bo‘lgan jarayonlarda yozma va og‘zaki nutqning ravonligi muhim ahamiyat kasb etadi. Shu ma’noda, ta’lim sohasida faoliyat yuritayotgan rahbar va xodimlarning davlat tili me’yorlarini puxta bilishi hamda ularga amal qilishi alohida ahamiyatga ega.
«Ommaviy diktant» ishtirokchilarga ana shu ko‘nikmalarini amalda sinab ko‘rish imkonini berdi. Diktant jarayonida imlo qoidalari, so‘z va jumla qo‘llash, yozma nutq madaniyati kabi jihatlarga e’tibor qaratildi.


Tadbir Guliston shahar hokimligi, shahar maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi hamda Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti huzuridagi Davlat tilida ish yuritish asoslarini o‘qitish va malaka oshirish Markazining Sirdaryo viloyati hududiy bo‘linmasi hamkorligida tashkil etildi.


Unda Markazning Sirdaryo viloyati hududiy bo‘linmasi rahbari Hamid Yodgorov hamda Guliston shahar hokimining ma’naviyat va davlat tili masalalari bo‘yicha maslahatchisi A. Quvvatovlar ishtirok etishdi.

— Savodxonlik — insonning nafaqat bilimi, balki uning madaniyati va kasbiy mahoratini ham namoyon etadi. Shu ma’noda, «Ommaviy diktant»ni oddiy imlo sinovi sifatida emas, balki har bir ishtirokchining davlat tiliga munosabati, yozma nutq madaniyati va o‘z ustida ishlashga bo‘lgan mas’uliyatini namoyon etuvchi muhim mezon deb baholash mumkin. Ayniqsa, ta’lim sohasida faoliyat yuritayotgan rahbar va xodimlarning savodxonligi yuksak bo‘lishi juda muhim. Zero, savodli yozuv — sifatli ish yuritish, to‘g‘ri va aniq muloqot qilish, eng muhimi, yosh avlodga munosib namuna ko‘rsatishning muhim asosidir, — dedi Hamid Yodgorov.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri