Davlat xizmatidagi rahbar kadrlar salohiyatini baholash tizimi qanday yo‘lga qo‘yilgan?
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Boshqaruv samaradorligi agentligi qoshidagi Rahbar kadrlarni baholash markazi bugungi kunda davlat boshqaruvida kadrlarni xolisona baholashning yagona milliy instituti sifatida faoliyat yuritmoqda.
Markazda jami 2 ming 662 nafar yuqori, o‘rta va quyi bo‘g‘in rahbarlari shaxsiy-professional diagnostikadan o‘tkazildi. Shundan 452 nafari xotin-qizlar hamda 2 ming 210 nafari erkaklar.
Odil sudlov akademiyasi bilan sudyalar korpusiga salohiyatli nomzodlarni tanlab olish bo‘yicha hamkorlik doirasida 5 yil muddatga tayinlangan 57 nafar sudya hamda 13 hududdan viloyat (shahar) sudlari raislarining 35 nafar o‘rinbosari to‘liq assessment jarayonlaridan o‘tkazildi.
Mudofaa vazirligi bilan hamkorlikka muvofiq, vazirlikning 54 nafar mas’ul xodimi assessment (xodimlarning kasbiy faoliyati, shaxsiy va ishchanlik sifatlari, shuningdek, ularning kompaniya maqsadlariga qanchalik mos kelishini kompleks baholash usuli)dan o‘tkazildi. Baholash yakunlari bo‘yicha har bir xodimning individual baholash profili hamda amaliy tavsiyalar taqdim etildi.
Markaz faoliyati bank tizimi, oliy ta’lim va real sektor korxonalarini ham qamrab olmoqda.
Jumladan, “Agrobank” aksiyadorlik tijorat banki barcha hududiy filiallardan 922 nafar rahbar kadrlari joriy yilda kompleks baholashdan o‘tkazildi.
IIV Akademiyasining 22 kafedrasidan jami 308 nafar professor-o‘qituvchining kasbiy salohiyati, psixologik barqarorligi va kommunikativ kompetensiyalari baholandi.
“O‘zbekneftgaz” aksiyadorlik jamiyatining “Muborak gazni qayta ishlash zavodi”ning 6 ming 97 nafar xodimi kompleks baholashdan o‘tkazildi.
“Uzbekistan Airports” aksiyadorlik jamiyati tarkibiy tuzilmalarning 34 nafar rahbar xodimi kompleks baholashdan o‘tkazildi.
Turizm qo‘mitasining 100 nafar xodimining malakaviy kompetensiyalarini oshirish maqsadida markaz xodimi tomonidan maxsus trening tashkil etildi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i kengesi, Boshqaruv samaradorligi agentligi hamkorligida tashkil etilgan “Istiqbolli davlat xizmatchisi - 2026” tanlovining “Case-study” (vaziyatni tahlil qilish) bosqichi Nukus shahrida amalga oshirildi.
Keys tahlili jarayonida 219 nafar nomzodning tanqidiy va tahliliy fikrlashi, liderlik va shaxsiy samaradorligi, strategik fikrlashi va rejalashtirish qobiliyati hamda muammo yechimini topishda innovatsion yondashuv salohiyatlari baholashdan o‘tkazildi.
Bu jarayonlar davlat xizmatida munosib rahbar kadrlar ishlashini ta’minlash, davlat xizmati samaradorligini oshirishga xizmat qilmoqda.
N.Абдураимова, O‘zA