Saratonni erta aniqlash – aholi salomatligini asrashdagi ustuvor vazifa
Skriningda o‘zgarishlar aniqlanishi hali saraton tashxisi degani emas. Buni shifokor belgilagan qo‘shimcha tekshiruvlar aniqlaydi.
Tibbiyot qanchalik rivojlanmasin, ayrim xastaliklarning oldini olish va ularni o‘z vaqtida aniqlash hamon dolzarb muammolardan biri bo‘lib qolmoqda. Ayniqsa, xavfli o‘sma kasalliklari haqida gap ketganda, vaqt hal qiluvchi ahamiyatga ega.
Zamonaviy tibbiyotda skrining – hech qanday shikoyat yoki og‘riq boshlanmasidan oldin saraton hamda uning xavf oldi o‘zgarishlarini rejali va maqsadli aniqlashning eng ishonchli usuli hisoblanadi. Chunki erta tashxislangan kasallikni davolash ancha oson va davo samaradorligi yuqori bo‘ladi. Shu bois, yurtimizda saraton xastaliklarini erta aniqlash maqsadida skrining dasturlari joriy etilgan.
Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi bosh shifokori Bekzod Usmonov skrining tekshiruvlarining ahamiyati, kelgusida ushbu dasturlarning qaysi hududlarga kengayishi haqida batafsil ma’lumot berdi:
– Saratonni erta aniqlash — aholi salomatligini asrashdagi ustuvor vazifa. Mamlakatimizda bu borada mustahkam huquqiy va tashkiliy zamin yaratilmoqda. Skrining bu, shikoyat boshlanishidan oldin belgilangan yoshdagi ayollar orasida saraton va uning xavf oldi o‘zgarishlarini rejali aniqlashdir. Erta tashxislangan kasallikni davolash ancha oson, natijasi esa samaraliroq bo‘ladi.
Prezidentimizning 2024-yil 22-noyabrdagi “Ayollar orasida onkologik kasalliklarni nazorat qilish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bilan 2025-2030-yillarda Bachadon bo‘yni va ko‘krak bezi saratonini nazorat qilish dasturi qabul qilingan. Unga ko‘ra, yurtimizda 30 yoshdan 65 yoshgacha bo‘lgan ayollarning elektron ro‘yxati shakllantirilib, ko‘rikka taklif etilmoqda. Bachadon bo‘yni saratonini erta aniqlash maqsadida 30 yoshdan 50 yoshgacha bo‘lgan ayollar odam papilloma virusiga PSR suyuqlik sitologiyasi orqali tekshirilmoqda. Ko‘krak bezi saratoniga tekshirish uchun 30 yoshdan 65 yoshgacha bo‘lgan ayollar ikki yilda bir marta ko‘rikdan o‘tkaziladi. Bunda 45 yoshgacha ultratovush, undan so‘ng esa mammografiya qo‘llaniladi. Skrining natijasida aniqlangan onkologik kasalliklarini tashxislash va davolash xarajatlarining davlat byudjeti hisobidan moliyalashtirilishi aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashning muhim kafolatidir.
Davlatimiz rahbarining joriy yil 24-iyundagi “Saraton kasalliklarining oldini olish, erta aniqlash va davolash chora-tadbirlarini takomillashtirish to‘g‘risida“gi qarori bilan islohotlar yangi bosqichga chiqdi. Ushbu hujjatda bachadon bo‘yni, ko‘krak bezi, yo‘g‘on ichak, oshqozon, prostata bezi va o‘pka saratoni bo‘yicha maqsadli tekshiruvlar qamrovini kamida 60 foizga yetkazish vazifasi qo‘yilgan. Shu kasalliklarni ikkinchi bosqichda aniqlash ulushi 30 foizdan 40 foizga oshiriladi. Sog‘liqni saqlash vazirligining tegishli buyrug‘i bilan esa ushbu yo‘nalishlar bo‘yicha tibbiyot xodimlarini tayyorlash va malakasini oshirish chora-tadbirlari ham tasdiqlandi. Kelgusi yillarda asosiy vazifalardan biri erta aniqlash xizmatlarining hududiy qamrovini kengaytirishdir.
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti va xalqaro ekspertlar ishtirokida tayyorlangan milliy dastur asosida oshqozon, yo‘g‘on ichak, o‘pka, prostata bezi saratonini erta aniqlash tadbirlari 2027-yil 1-yanvardan Samarqand viloyatida boshlanadi. Bunda tekshiruvlar kasallik turi va xavf omillariga muvofiq tashkil etiladi.
Keyinchalik dastur hududlarga bosqichma-bosqich kengayadi. 2028-yilda Toshkent shahri, Andijon, Namangan va Farg‘ona viloyatlari, 2029-yilda Buxoro, Xorazm, Navoiy, Qashqadaryo va Surxondaryo, 2030-yilda esa Qoraqalpog‘iston, Jizzax, Sirdaryo va Toshkent viloyatlari qamrab olinadi.
Tekshiruvlar aniqligi va tezkorligini oshirish uchun endoskopik diagnostika kengaytiriladi. Patomorfologik laboratoriyalar modernizatsiya qilinadi. Molekulyar-genetik tashxislash rivojlantiriladi. Kanser registr tizimi takomillashtirilib, tibbiy tasvirlar va laboratoriya ma’lumotlari raqamli tizimga ulanadi. Bu bemorni kerakli mutaxassisga tezda yo‘naltirish imkonini beradi.
Kadrlar malakasini oshirish maqsadida esa 2027-yildan hududlarda tibbiyot xodimlari bosqichma-bosqich o‘qitiladi. Yetakchi xorijiy markazlarda malaka oshirish kurslari tashkil etiladi.
Bu borada aholining faolligi ham muhim. Hamyurtlarimizdan skrining taklifini qabul qilish va oilaviy shifokor tavsiyasiga amal qilishlarini so‘rab qolardim.
Mohigul Qosimova yozib oldi,
O‘zA